Jahon | 20:16 / 18.07.2025
6973
6 daqiqa o‘qiladi

Stratosferadan sakrab tanilgan Feliks Baumgartner Italiyada halok bo‘ldi

Italiyada paraplandagi parvoz chog‘ida avstriyalik Feliks Baumgartner halok bo‘ldi - u 2012 yilda kosmos bilan chegarada, stratosferada turgan holda havo sharidan yerga sakrashni amalga oshirgandi.

Taniqli skaydayver Italiya sharqidagi Marke viloyati hududidagi Porto-Sant-Elpidio shaharchasi hududida parvoz qilayotgandi va u yerdagi mehmonxonalardan birining hovuzi yaqiniga qulagan.

Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, erkak voqea joyida vafot etgan. Hodisa oqibatida mehmonxona xodimlaridan biri jabrlangan – u paraplandan uchib ketgan qoldiqlar tufayli bo‘ynidan yaralangan. Ayolga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yetkazilgan.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, 56 yoshli Baumgartner parvoz davomida o‘zini yomon his qila boshlagan va hushini yo‘qotgan. Unga aynan nima bo‘lgani hozircha xabar qilinmayapti.

Feliks Baumgartner skaydayver va beysjamper sifatida 1500 dan ortiq sakrashni amalga oshirgan. Ikkala sport ham ekstremaldir. Skaydayvingning mohiyati shundaki, sportchi o‘z parashyutini imkon qadar yerga yaqinroq ochadi va shu bilan erkin yiqilish pallasini uzaytiradi. Beysjampingda past balandlikdan sakrash uchun mo‘ljallangan maxsus parashyutdan foydalaniladi.

U besh kun oldin ijtimoiy tarmoqda Italiyada paraplanda uchayotganida olingan suratini joylab, o‘quvchilariga shunday savol bilan murojaat qilgandi: «Bu yil qayerda dam olmoqchisiz?»

Quyida Qo‘rquv bilmas Feliks laqabini olgan parashyutchining so‘nggi 20 yil davomida amalga oshirgan eng mashhur tryuklari keltiriladi.

Rio-de-Janeyroda Iso masih haykalidan sakrash

Baumgartnerning birinchi rekordlaridan biri — 1999 yilda Braziliyaning eng yirik shahri Rio-de-Janeyroning asosiy ramzi hisoblangan Xaloskor masih haykalidan parashyutda sakrashida o‘rnatilgandi.

U haykalning 30 metr balandlikdagi qo‘lidan sakrashni amalga oshirgan – bu beysjamping tarixidagi eng past balandlikdir (bu ekstremal sport turi bilan shug‘ullanuvchi parashyutchilar belgilangan obektlardan sakrashadi).

Sakrashdan so‘ng Baumgartner haykalning yelkasiga gul qo‘yadi.

«Petronas minoralari»dan sakrash

Baumgartner o‘sha 1999 yilda o‘rnatgan ikkinchi rekord — beysjamping tarixidagi eng katta balandlikdan sakrash bo‘lgandi.

O‘shanda u Kuala-Lumpurdagi «Petronas minoralari» sifatida mashhur bo‘lgan osmono‘par binolardan birining 88-qavatidan sakragandi.

1999 yilda Petronas minoralari dunyodagi eng baland osmono‘par bino edi.

Biroq, keyinroq bu rekord rossiyalik alpinist va beysjamper Valeriy Rozov tomonidan yangilandi, u 2016 yilda Cho-Oyu cho‘qqisidan 7,7 ming metr balandlikdan sakragan (Rozov 2017 yilda Nepalda balandlikdan sakrash paytida halok bo‘lgan).

La-Mansh uzra parvoz

2003 yilda Baumgartner Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi La-Mansh bo‘g‘ozi ustidan maxsus ishlab chiqilgane uglerod tolali qanotlarda uchib o‘tadi.

Baumgartner 2003 yilda La-Mansh orqali maxsus qanotlarda uchib o‘tgan. U kislorod ballonidan foydalanadi, orqasida parashyut bor edi.

U Angliyada havoga ko‘tarilgan samolyotdan sakraydi va Fransiyaga qadar uchib boradi.

Bu La-Manshni shu tarzda kesib o‘tish bilan bog‘liq tarixdagi birinchi holat bo‘lib, u jami 35 km masofani bosib o‘tadi, parvoz 14 daqiqa davom etgan.

Dunyodagi eng baland ko‘prikdan sakrash

2004 yilda Baumgartner sakragan paytda eng baland ko‘prik Fransiyadagi Miyo viadukiga tegishli edi – u Miyo shahri yaqinidagi Tarn daryosi vodiysi bo‘ylab qurilgan.

Parashyutchi 343 metr balandlikdagi ko‘prik ustunlaridan biridan sakragan.

Qo‘rqmas Feliks sakragan paytda Miyo viaduki dunyodagi eng baland ko‘prik edi.

Taybey 101

2007 yilda, dunyodagi eng baland osmono‘par bino Tayvandagi Taybey 101 hisoblangan vaqtda, Baumgartner uni ham zabt etadi. O‘shanda u 500 metr balandlikdan sakragan.

Stratosferadan uchib tushish

Baumgartnerning eng mashhur va eng muhim tryuki – 2012 yilda geliy bilan to‘ldirilgan havo sharidan 39 kilometrdan ortiq balandlikda, ya’ni stratosferada, koinot bilan chegarada parvoz qilgan holda sakrash bo‘lgan.

O‘shanda u nafaqat parashyutdan sakrash balandligi bo‘yicha, balki tezlik bo‘yicha ham rekord o‘rnatadi: tarixda birinchi marta odam samolyotsiz tovush to‘sig‘ini yengib o‘tadi. Baumgartner soatiga 1357 kilometrdan ortiq tezlikda, ya’ni tovushdan taxminan 1,25 marta tezroq uchgan.

Bu parvoz Amerikaning Nyu Mexiko shtati ustida to‘qqiz daqiqa davom etgan.

Baumgartner uchun muhandislar germetik kabina (u sakrashni boshlash oldin uning ichida bo‘lgan), shuningdek, yiqilish paytida katta yuklarga bardosh bera oladigan maxsus kostyumning yangi modelini ishlab chiqishgandi.

Sakrashdan so‘ng Baumgartner jurnalistlarga quyidagi so‘zlarni aytadi: «Men dunyoning eng cho‘qqisida turganimda, o‘zimga ishonchim yo‘qolib qolganini his qildim. Bu lahzada endi rekordlarni yangilash haqida o‘ylamaysiz, ilmiy ma’lumotlar haqida o‘ylamaysiz. Sening birdan bir istaging – tirik qaytish bo‘ladi».

 

 

 

 

 

Mavzuga oid