Iqtisodiyot | 19:04
1828
2 daqiqa o‘qiladi

«Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdi yo‘lga chiqdi

Poyezd Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatining Qashg‘ar shahriga yetib borishi, u yerda konteynerlar avtotransportga qayta yuklanishi so‘ngra O‘zbekiston poytaxti Toshkentga yetkazilishi kutilmoqda.

Foto: Xinhua

Xitoyning Xubey provinsiyasi, Uhan shahridagi Utszyashan stansiyasidan birinchi yuk poyezdi «Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston» multimodal xalqaro yuk tashish yo‘nalishi bo‘yicha jo‘nab ketdi. Bu haqda «Sinxua» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa tovarlar ortilgan poyezd Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatining Qashg‘ar shahriga yetib borishi, u yerda konteynerlar avtotransportga qayta yuklanishi va «Irkeshtom» nazorat-o‘tkazish punkti orqali Xitoydan chiqib ketishi, so‘ngra O‘zbekiston poytaxti Toshkentga yetkazilishi kutilmoqda.

Xubey temiryo‘l korporatsiyasi xalqaro transport-logistika kompaniyasi mas’ul vakili Chjan Linning ma’lum qilishicha, yangi logistika yo‘nalishi tufayli Xubey provinsiyasi mahsulotlari Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi mijozlarga tezroq yetib borishi mumkin. Yangi logistika sxemasi transport va sug‘urta xarajatlarini 30 foizga qisqartirish, tashish vaqtini taxminan 20 kundan 10 kungacha kamaytirish imkonini beradi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» loyihasi umumiy uzunligi 532,53 kilometr bo‘lgan temiryo‘l liniyasi hisoblanadi. U Xitoy va O‘zbekiston temiryo‘llarini Qirg‘iziston hududi orqali bog‘laydi. Loyihaning maqsadi yangi «Ipak yo‘li» transport tizimining bir qismi sifatida Yevropa temiryo‘l tarmog‘i bilan bog‘lanishdir. Yo‘nalish Xitoyning Qashqar shahridan Torugart nazorat-o‘tkazish punkti, Arpa vodiysi (Farg‘ona tizmasi), so‘ngra Qo‘shtepa, Makmal qishloqlari va Jalolobod shahridan O‘zbekistonga o‘tadi.

Mavzuga oid