O‘zbekiston | 16:55 / 19.07.2025
8795
7 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya vazirligi Murod Nazarovning qurilishlarida daraxtlar kesilishi holatini tekshirishga chaqirdi

Hech qanaqa ko‘chat voyaga yetgan katta daraxtning o‘rnini bosolmaydi, “daraxtlar banki” amaliyoti korrupsiya va spekulyatsiyani yuzaga keltirilishi mumkin, deya bayonot berdi Ekologiya vazirligi. Vazirlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarni “janob Nazarovning daraxt kesishda qo‘llayotgan yondashuvlari”ni to‘liq tekshirishga chaqirdi.

Foto: Kun.uz

Qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarovning daraxt kesishga joriy etilgan moratoriy o‘rniga kompensatsion ekish va “daraxtlar banki” tizimini joriy etish haqidagi taklifiga Ekologiya vazirligi munosabat bildirdi.

Vazirlikning qayd etishicha, O‘zbekiston dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat sifatida, kislorod manbalari va karbonat angidridni yutish imkoniyatidan mahrum. Shu bilan birga, mamlakat hududining 60 foizidan ortig‘i cho‘l va yarim cho‘llardan iborat bo‘lib, iqlim o‘zgarishlariga nisbatan juda zaif hisoblanadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim isishi global o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ikki baravar tezroq ketmoqda. So‘nggi 30 yilda mintaqada harorat 1,5°C ga ko‘tarilgan bo‘lsa, bu global o‘rtacha 0,7°C ga teng. Shunday sharoitda yashil hududlar ekologik muvozanatni saqlashda hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, daraxt kesishga qarshi moratoriy aynan shu maqsadni ko‘zlagan, demoqda vazirlik.

Bayonotda aytilishicha, rivojlangan davlatlar tajribasi daraxt kesishga qat’iy cheklovlar atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror shaharlashuvning samarali vositasi ekanini ko‘rsatmoqda:

  • Germaniyada nafaqat o‘rmonlar, balki shahar daraxtlari ham qonun bilan muhofaza qilingan. Jamoat joylaridagi noqonuniy kesilgan har bir daraxt uchun 50 ming yevrogacha jarima belgilanadi. Bunday holatlarda kompensatsion choralar qat’iy nazorat ostida bo‘ladi.
  • Buyuk Britaniyada daraxtni saqlab qolish bo‘yicha berilgan order (Tree Preservation Order) talablari buzilgan taqdirda, 20 ming funtgacha jarima yoki cheklanmagan jarima va ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. 2023 yilda mashhur Sycamre Gap daraxtini kesgan shaxs 4 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan.
  • Qozog‘istonda Jinoyat kodeksining 340-moddasiga ko‘ra, noqonuniy daraxt kesish oylik hisoblash ko‘rsatkichining 160 baravari (taxminan 1 181 dollar) miqdorida jarima yoki 40 kungacha hibs jazosi bilan jazolanadi. Mulk musodara qilinishi ham mumkin.
  • Rossiyada Jinoyat kodeksining 260-moddasi asosida 1 mln rublgacha (12 770 dollar) jarima yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud. Shuningdek, texnika musodara qilinishi va zarar kompensatsiyasi ham talab qilinadi.

“Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, hattoki iqlimi qulayroq davlatlarda ham daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha qattiq chora-tadbirlar mavjud.

Taqqoslash uchun, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasida fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25–50 baravari (738–1470 dollar), mansabdor shaxs uchun esa BHMning 50–75 baravari (1470–2210 dollar) miqdorida jarima belgilangan. Shuning uchun moratoriyani saqlash va kuchaytirish ekologik barqarorlikning muhim chorasi sifatida ko‘rilmoqda”, – deyiladi Ekologiya vazirligi bayonotida.

Vazirlikka ko‘ra, Murod Nazarov taklif qilgan kompensatsion ekishlar va “daraxtlar banki” mavjud moratoriyga quyidagi sabablar tufayli to‘liq alternativ bo‘la olmaydi:

Birinchidan, voyaga yetgan daraxtni hech qanday ko‘chat to‘liq almashtira olmaydi — na CO₂ yutish hajmi, na mikroiqlimga ta’siri, na biologik xilma-xillik bo‘yicha. Yevropa atrof-muhit agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bitta daraxt yiliga 21 kg CO₂ ni yutadi. Birorta ham ko‘chat bu funksiyani o‘n yillab yillar davomida bajara olmaydi.

Ikkinchidan, “daraxtlar banki” amaliyoti sun’iy ravishda korrupsiya va spekulyatsiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Human Righs Watch'ning "Wild Money" (“Yovvoyi pul”) tadqiqotiga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda kompensatsion ekinlar noqonuniy daraxt kesishni yashirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda esa kompensatsion ekinlar – mavjud ma’muriy yoki jinoiy javobgarliklarga qo‘shimcha choradir, lekin muqobil emas.

“Afsuski, ayrim qurilish sohasi vakillari ekologik qonunchilikni chetlab o‘tish uchun kinoya bilan aytganda “ijodkorona” yondashuvlarni qo‘llamoqda. Masalan, daraxtlarni sun’iy quritish orqali keyin ularni qonuniy tarzda kesishga urinish – bunday amaliyotlarning yaqqol misolidir”, – deya qayd etgan vazirlik.

Ekologiya organiga ko‘ra, mavjud moratoriy qayta ko‘rib chiqishga urinish, ayniqsa, kompaniyalar o‘z faoliyatiga ESG tamoyillarini joriy etishga intilayotgan, shuningdek, mamlakatda 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan bir paytda, afsus bilan qarshi olinadi.

“O‘z chiqishida janob Nazarov har qanday yo‘l bilan daraxt kesish bo‘yicha turli “usullar” qo‘llanayotganini tilga oldi. Shu munosabat bilan, vazirlik uning daraxt kesishda qo‘llayotgan yondashuvlarini atroflicha tekshirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan to‘liq taftish o‘tkazilishi zarur, deb hisoblaydi. Ushbu o‘rganish natijalari uning oldingi faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi, deb umid qilamiz.

Jahon amaliyoti shundan dalolat beradiki, barqaror qurilish yashil maydonlarni yo‘q qilib, keyin kompensatsiya qilishga emas, aksincha, ularni saqlashga asoslanadi. Vazirlik konstruktiv muloqotga tayyor, lekin davlat ekologik siyosatining prinsipial asoslarini qayta ko‘rib chiqishga emas”, – deya o‘z bayonotini yakunlagan O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Avvalroq deputat Bobur Bekmurodov moratoriy muhokama mavzusi emasligini ta’kidlagandi. Boshqa bir deputat Javlon Abdullayev esa daraxtni to‘siq deb ko‘rib, uni “muqobil ekish” orqali kesishni o‘ylashni ekologik jinoyatga tenglashtirdi. Ekopartiya vakiliga ko‘ra, 2025 yilning birinchi olti oyi davomida daraxtlarni kesish bo‘yicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilgani natijasida 453 238 ta daraxtni kesishning oldi olingan.

Tadbirkor Murod Nazarov muhokamalar ortidan Kun.uz'ga intervyu berib, shahar jonli narsa ekani, taqiq esa yechim bo‘lolmasligi, ertami-kechmi u ko‘targan masala baribir hukumat darajasida kun tartibiga olib chiqilishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid