Jahon | 18:40 / 19.07.2025
3699
5 daqiqa o‘qiladi

Hamas urushni yakunlaydigan bitim talab qilmoqda. Isroil esa g‘azoliklarni ko‘chirmoqchi

Hamas rasmiysi agar G‘azodagi urushni yakunlashga doir kelishuvga erishilmasa, uzoq davom etadigan to‘qnashuvga tayyor ekanini bildirdi. Shu haftada Vashingtonga kelgan Mossad rahbari David Barnea esa g‘azoliklarni ko‘chirish borasida AQShdan yordam so‘radi. Diplomatik manbalariga ko‘ra, Isroil bu masalani - Indoneziya, Efiopiya va Liviya bilan muhokama qilmoqda.

Foto: Reuters

Hamas harbiy qanoti Al-Qassam brigadasi so‘zchisi Abu Ubayda 18 iyul kuni «Isroil G‘azoda saqlanayotgan barcha asirlarni ozod qilishni nazarda tutgan otashkesim bitimini rad etgani» hamda agar kelishuvga erishilmasa, harakat uzoq davom etadigan urushga tayyor ekanini bildirib, bayonot berdi.

Al-Jazeera nashrining yozishicha, guruh so‘nggi oylarda barcha asirlarni birdan ozod qilishga qaratilgan «kompleks kelishuv» taklif qilganini, biroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning o‘ta o‘ngchi vazirlari tomonidan rad etilgan.

Foto: Reuters

Abu Ubaydaning aytishicha, agar Isroil hozirda Qatarda davom etayotgan bilvosita muzokaralarni tark etsa, Hamas hech qanday qisman kelishuvlarga, jumladan, hozir muhokama qilinayotgan 60 kunlik bitimga qaytishni kafolatlamaydi. Bu kelishuvga ko‘ra, 10 nafar asir ozod etilishi kerak edi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa «garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha bitim va 60 kunlik o‘t ochmaslik kelishuvi ustida harakat qilayotganini, ammo Hamas bu takliflarga hozircha javob qaytarmaganini» aytdi.

Foto: Getty Images

Hamasning ikki rasmiysi Reuters agentligiga bergan izohida Isroil armiyasining chekinish xaritasi, G‘azoga gumanitar yordam yetkazish mexanizmi va urushni yakunlovchi kafolatli shartlar yuzasidan hanuz kelishuvga erishilmaganini ma’lum qildi.

Hamas pozitsiyasiga ko‘ra, har qanday bitim urushni yakunlashi kerak. Netanyahu esa faqat Hamas qurolsizlantirilib, uning yetakchilari G‘azodan chiqarilgandagina urush tugaydi, degan fikrda turib olgan.

Trampning va’dalari

18 iyul kuni Oq uyda kongressmenlar bilan kechki ovqat chog‘ida so‘zga chiqqan AQSh prezidenti Donald Tramp G‘azodan yana o‘n nafar garovga olingan shaxs tez orada ozod etilishi kutilayotganini ma’lum qildi. Bu xabar Isroil va Hamas o‘rtasida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga muzokaralari davom etayotgan bir paytda yangradi.

Foto: Reuters

«Biz garovga olinganlarning ko‘p qismini ortga qaytardik. Yana o‘n nafari juda tez orada ozod qilinadi. Umid qilamizki, bu jarayon tezda yakunlanadi», - dedi Tramp respublikachi senatorlar bilan kechki ovqat paytida. The Guardian nashrining yozishicha, shuningdek, u Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoffni «ajoyib inson» deb maqtagan.

Tramp so‘nggi haftalarda otashkesim va garovdagilar kelishuvi «yaqin» ekanini takrorlab kelmoqda, biroq hozirgacha hech qanday real natija e’lon qilinmagan.

Urush jinoyati

Axios nashri xabar berishicha, Isroil razvedkasi – Mossad rahbari David Barnea shu hafta Vashingtonga tashrif buyurib, AQShdan yordam so‘ragan. U G‘azoda qolayotgan yuz minglab falastinliklarni boshqa mamlakatlarga joylashtirish borasida xalqaro yordamga umid qilmoqda.

Netanyahu boshchiligidagi hukumat bunday ko‘chirishning «ixtiyoriy» bo‘lishini da’vo qilayotgan bo‘lsa-da, AQSh va Isroilning huquqshunos ekspertlari ham buni urush jinoyati deb baholagan.

Mossad rahbari David Barnea / Foto: Jerussalim Post

Nashr manbalariga ko‘ra, Isroil razvedkasi rahbari David Barnea Yaqin Sharq bo‘yicha elchisi Stiv Uitkoffga Efiopiya, Indoneziya va Liviya G‘azodan katta miqdordagi falastinliklarni qabul qilishga ochiqlik bildirganini aytgan.

Barnea taklifiga ko‘ra, AQSh ushbu davlatlarga imtiyozlar (yordamlar) taqdim etishi va Isroil bilan birgalikda ularni bu reja foydasiga ishontirishi kerak. Uitkoff bu borada aniq pozitsiya bildirmagan, shuningdek, AQSh bu masalaga faol tarzda aralashadimi-yo‘qmi, bu ham hozircha noma’lum.

Genotsid to‘xtamayapti: qurbonlar ortmoqda

Qatar va Misr vositachiligida AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan 60 kunlik sulh rejasiga oid Dohadagi muzokaralar 10 kundan oshdiki, davom etmoqda. Hamas hozirda G‘azoda 50 kishini garovda saqlamoqda, shundan 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.

Foto: C.S.Monitor

Isroil askarlari hanuzgacha qamal ostidagi G‘azoga gumanitar yordam kirishiga yo‘l qo‘ymayapti, ochlikdan aziyat chekayotgan falastinliklarni esa GHF tomonidan boshqarilayotgan joylarda o‘ldirishda davom etmoqda. Bundan tashqari, Isroil xalqaro tanqidlarga qaramay, Rafah vayronalari o‘rnida konslagerga o‘xshash yangi inshoot qurish rejasini oldinga surmoqda.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabr oyida boshlangan urushdan beri 58 667 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 139 974 nafari jarohat olgan. 

Mavzuga oid