Jahon | 19:17 / 20.07.2025
4277
5 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri: «Biz tinchligimizga jiddiy tahdidni ko‘rmoqdamiz - va bu Rossiya»

Fridrix Mers BBC bilan suhbatda Yevropa qanday qilib AQShdan mustaqil bo‘layotgani haqida gapirib berdi.

Jeff Overs/BBC

Xavfsizlik sohasida Yevropa allaqachon AQSh hisobidan «quyon bo‘lib yurish»ni to‘xtatdi va o‘z mudofaasiga jiddiy sarmoya kiritishni boshladi, Rossiya esa nafaqat Ukrainaga, balki butun Yevropaga tahdid solmoqda, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers BBC Today dasturiga bergan intervyusida.

«Biz jiddiy tahdidni ko‘rmoqdamiz – va bu Rossiya. Bu tahdid birgina Ukrainaga qarshi qaratilgan emas. Bu bizning tinchligimiz, erkinligimiz va Yevropaning siyosiy tartibiga tahdiddir», – dedi Buyuk Britaniyaga ikki davlatning turli sohalardagi hamkorligi to‘g‘risidagi Kensington shartnomasi deb nomlangan tarixiy bitimni imzolash uchun kelgan Mers. Bu bitim GFR bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi mudofaa aloqalarini mustahkamlashni ham nazarda tutadi.

Mers saylov kampaniyasi davomida Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlagan va lavozimga kirishganidan to‘rt kun o‘tib, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birga poyezdda Kiyevga kelgandi.

Rasmiy lavozimga kirishishdan oldin ham Mers mudofaa xarajatlarini keskin oshirish uchun Germaniya konstitutsiyasini o‘zgartirishga erishdi va endi GFR mudofaasining asosiy tamoyili «nima kerak bo‘lsa, shuni qilish» ekanini aytdi.

«Biz yetarlicha kuchli emasmiz, armiyamiz yetarlicha kuchli emas - shuning uchun biz juda ko‘p mablag‘ sarflayapmiz», – dedi u BBC bilan suhbatda.

U Amerika rahbariyatining Yevropa o‘z mudofaasi va xavfsizligi uchun juda kam ish qilmoqda degan fikriga qo‘shiladi, ammo hozir vaziyat o‘zgargan deb hisoblaydi.

«Biz [bu sohada] ko‘proq mustaqil harakat qilishimiz kerakligini bilamiz, ilgari esa biz „quyon bo‘lib yurardik“. Ular [AQSh] bizdan ko‘proq ishlashimizni so‘rashmoqda va biz haqiqatan ham ko‘proq qilyapmiz», – deya izohlaydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi bayonotlaridan xulosa chiqargan: o‘shanda u yevropalik ittifoqchilarni mudofaaga juda kam pul sarflashda ayblagandi. Vensning «mutlaqo ochiq bayonoti» tom ma’noda yaxshi eshitildi va tushunildi, deb hisoblaydi Mers.

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uch marta uchrashgan, ular o‘rtasida yaxshi ishchi munosabatlar o‘rnatilgan: «Menimcha, prezident Tramp bizni tushunadi, biz bu urushga chek qo‘yishga harakat qilyapmiz. Biz haftada bir marta qo‘ng‘iroqlashib, sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtiramiz. Mavzulardan biri – Ukrainadagi urush, ikkinchisi – savdo va bojlar». Mers Amerikaning yangi bojlarini nomaqbul va Germaniya iqtisodiyoti uchun halokatli deb hisoblaydi.

Saylovda g‘alaba qozongan kechasi Mers Tramp ma’muriyati «Yevropa taqdiriga sezilarli darajada befarq» ekanini aytgan va bu bayonot bo‘lajak kansler uchun diplomatik emas deb topilgandi. O‘shandan beri o‘z fikringizni o‘zgartirdingizmi, degan savolga Mers yo‘q, deb javob qaytardi: Tramp «AQShning avvalgi prezidentlari va ma’muriyatlari kabi Yevropa bilan hamkorlikka unchalik qattiq sodiq emas». Uning fikricha, AQSh o‘z siyosatida Yevropadan uzoqlashib, Osiyoga yuz tutmoqda va aynan shuning uchun Yevropa mamlakatlari Amerika mudofaasidan ko‘proq mustaqil bo‘lishga intilishi muhimdir.

Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya Yevropa davlatlarining «uchburchak» ittifoqi (Ye Three yoki Ye3) ustida birgalikda ishlamoqda. Mersning so‘zlariga ko‘ra, u nafaqat xavfsizlik va tashqi siyosat masalalariga, balki iqtisodiy o‘sishga ham e’tibor qaratadi.

2019 yilda Germaniyaning o‘sha paytdagi kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Aaxenda amaldagi Yelisey shartnomasi asosida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi. Yangi shartnomada xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Bir hafta oldin Makron Buyuk Britaniyada bo‘lib, Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida kengaytirilgan mudofaa shartnomasini imzolagandi. Shu kunlarda imzolangan Buyuk Britaniya va Germaniya o‘rtasidagi do‘stlik shartnomasi ikki tomonlama Yevropa ittifoqlari uchburchagini yakunlaydi.

Mersning so‘zlariga ko‘ra, bu shartnoma ittifoqchilarning bir-birini himoya qilish majburiyatini qayta tiklaydi – bu nafaqat NATO nizomining bir qismi, balki Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibida bo‘lgan oldingi ittifoqning bir qismi hamdir.

Mavzuga oid