Iqtisodiyot | 21:34 / 21.07.2025
7027
5 daqiqa o‘qiladi

“Boy davlatlarning qolipini bizga qo‘llab bo‘lmaydi” - faollar pensiya islohoti haqida

O‘zbekistonda pensiya yoshi o‘zgaradi degan gap bor. Lekin bu haqda hali yakuniy qaror qabul qilinmagan, davlat aholidan bemaslahat qaror qabul qilmaslikka ishontirmoqda. Biroq tavsiya Xalqaro valuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan ilgari surilayotgani, eng muhimi, rasmiylar bunday ehtimolni istisno etmayotgani qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqaryapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz faollar bilan ayni mavzuda suhbat o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlar rasmiylarini taklif etdi, lekin ular kelishmadi. Natijada studiyamizdagi muhokama faqat jamoatchilik faollari ishtirokida o‘tdi. Ular esa pensiya yoshini oshirish xato bo‘lishini aytmoqda.

Xotin-qizlar faoli Umida Yakubovaga ko‘ra, ayollarning pensiyaga chiqish yoshi hozirgi 55 yoshdan oshirilishi – ularda stress, asabiylikni oshiradi. O‘zbekiston sharoitida 55 yoshgacha ayol organizmi charchaydi, 60 yoshda pensiyaga chiqish uchun yashab ulgurish ham so‘roq ostida qoladi, deydi u.

“Qo‘shnilarim, ayniqsa pedagoglar bunday gap-so‘zlardan chuqur xavotirda. O‘lgan kunimizdan shu pensiyaga chiqishni kutib o‘tiribmiz, deydi ular. Hammaning ham dam olgisi keladi. Ekologiyaning ahvoli ma’lum. O‘zbek ayollari o‘zi stressda yashasa, 60 yoshga o‘zgartirishsa, nima, biz pensiyani tobutimizda olamizmi?” – deydi Umida Yakubova.

Iqtisodchi Shuhrat Rasulga ko‘ra, Xalqaro valuta jamg‘armasining bu tavsiyasi O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoliga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Aynan shu tashkilot mezonlariga ko‘ra mamlakatimiz kambag‘al (jon boshiga yalpi ichki mahsulot 3100 dollar) davlat hisoblanarkan, pensiya yoshini oshirish tavsiyasi bahsli.

“Pensiya yoshi 60-65 bo‘lgan davlatlarda aholi jon boshiga YaIM 20-30 ming dollarga to‘g‘ri keladi. Nega biz taqqoslayapmiz, sababi bunday rivojlangan davlatlarda odamlarning tibbiyotga to‘lay olish qobiliyati boshqacha bo‘ladi. Bundan tashqari, u davlatlarda odamlar uzoq yashaydi, masalan Yaponiyani oling, erkaklar – 83, ayollar 86 yosh umr ko‘radi. Ular pensiyaga chiqib ham yana 20-25 yil davlatdan pul oladi. Demak, ularning qolipini XVJ bizga ko‘chirib olib kelishi – sal bahsli holat”, – deydi Shuhrat Rasul.

Jamiyatshunos Mahmud Yo‘ldoshevga ko‘ra, pensiya yoshining oshirilishi pensionerlar va ishlovchilarning sonini, davlat budjetining imkoniyatlarini inobatga olganda, obektiv zarurat bo‘lishi mumkin, lekin buni aniq asoslash hamda qaror qabul qilishdan oldin bo‘lajak ijtimoiy norozilik kabi oqibatlarni jiddiy ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Sotsiolog, shuningdek, XVJ bergan tavsiyalardan yana biri – amaldagi eng yuqori 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tartibi o‘rniga butun mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib pensiyani hisoblashga o‘tishni ham tanqid qildi. Bunday tizim o‘rnatilsa, pensiya miqdori karrasiga kamayishi mumkin, deydi u.

“O‘sha 5 yillik ish haqidan pensiya hisoblash tizimi yaxshi o‘ylab topilgan edi va odamlarga ma’qul edi. Agar tavsiyaga qarab, hatto sobiq SSSRdagi maoshini qo‘shib pensiya hisoblansa – biz ancha chuqurlikka tushamiz.

Bir narsaga e’tibor bering, bizning O‘zbekiston aholisining qancha qismi rasman ishlaydi va qancha qismi o‘zi pensiyaga loyiq? Ular pensiya fondiga qancha to‘layapti o‘zi? Umri davomida umuman ishlamaganlar bor, fermer-u dehqon bo‘lganlar, o‘g‘lining orqasidan yashayman deb turganlar bor, ular oladimi pensiya?” – deydi jamiyatshunos Yo‘ldoshev.

Suhbatda qatnashganlar bir ovozdan mamlakatda ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan, odamlarning kayfiyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiluvchi pensiya mavzusida ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirishdi. Suhbatni Kun.uz'ning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid