Jahon | 15:45 / 22.07.2025
4927
10 daqiqa o‘qiladi

Aliyevning gaplari: Boku – Moskva nizosi yangi bosqichdami?

Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, Ozarboyjon ozod qilingan Qorabog‘da butun dunyodan borgan jurnalistlar ishtirokida media-forum o‘tkazdi. Unda qiziq gaplar aytildi. Shunchalik qiziqki, Rossiyadagi Z-blogerlar «Ozarboyjon bilan urushga tayyorlanishga» chaqirdi. Quyida Aliyev va Dmitriy Gordonning kichik suhbati atrofida Rossiya – Ozarboyjon nizosi yangi bosqichga ko‘tarilgani haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Ozarboyjon biz uchun o‘rnak»

Demak, media-forumning eng asosiy qismi Ilhom Aliyev va ukrainalik mashhur jurnalist Dmitriy Gordonning muloqoti bo‘ldi. Tajribali Gordon forumga juda yaxshi tayyorlanib, Aliyevga taktik jihatdan juda kuchli savol berganini ta’kidlash kerak.

«Ozarboyjon o‘z yerlarini qaytib olganini Ukrainada ilhomlanib kuzatdik. Bu bizning ko‘nglimizni ko‘taradigan o‘rnak bo‘ldi. Ukrainlar siz ko‘p marta mamlakatimizning hududiy yaxlitligini qo‘llash haqida gapirganingizni ham qadrlaydi. Biz ko‘p yildan buyon urush holatida yashamoqdamiz. O‘z yerlarini qaytargan muzaffar millat yetakchisi sifatida ukrainlarga qanday maslahat berasiz?», dedi Gordon.

Ilhom Aliyev bu savolga juda kuchli javob berdi. Shu o‘rinda aytib ketak, men Aliyev siyosatidagi ba’zi jihatlarni oqlamayman, unga nisbatan neytral qarashdaman, lekin Ozarboyjon prezidenti ukrainalik Gordonning savoliga juda yuqori darajada javob berganini alohida ta’kidlamoqchiman. Sobiq ittifoq hududida yashab, Rossiya bilan nizo cho‘qqiga chiqqan bir vaqtda bunaqa kuchli bayonot berish chinakam jasoratli ish.

«Hech qachon okkupatsiyaga rozi bo‘lmang, bu – eng asosiy maslahatim. Biz shunday qildik. Birinchi Qorabog‘ urushi vaqtida vaziyat juda og‘ir edi, ko‘p qurbon berdik, Xo‘jaylida ozarlar qatliom qilindi. Ruhiy va iqtisodiy jihatdan juda qiynaldik. Milliondan ortiq ozarlar hech vaqosiz qolishdi. 750 ming Qorabog‘ atrofida yashaydigan, 250 ming Armanistondan quvilgan ozarlar. Bizni xalqaro maydonda deyarli hech kim qo‘llamasdi. Qashshoqlik darajasi 100 foizga yaqin edi.

Mana shunday og‘ir pallada xalqimizning omadi kelib, Gaydar Aliyevdek yetakchi o‘rtaga chiqdi. U yosh emas, 70 ga kirgandi. Salomatligi ham yomon, og‘ir xastalik bilan kurashardi. Ammo u vaziyatni tiklashga erishdi. O‘sha paytda fuqarolik urushi avj olganiga qaramay.

Biz bosib olingan yerlarimizni qaytib olish fikridan aslo qaytmadik. Qiyin bo‘lishini bilardik. Birinchidan, relef juda noqulay edi. Jangchilarimiz bu yerga Fuzuli orqali keldi. Ular yo‘l yo‘qligi uchun Shusha tog‘lariga piyoda ko‘tarilishdi. Jang maydonida hamma narsaga, o‘limga ham tayyorligimizni ko‘rsatdik. Bir so‘z bilan aytganda, biz o‘z yerlarimizni qaytarish xayoli bilan yashadik.

Relef bizga qarshi, deyarli hamma bizga qarshi, Minsk guruhidagi barcha o‘z sabablariga ko‘ra Armaniston tomonda bo‘lishdi. Ularning barchasi bu holat doimiy qolishi kerakligi, status kvo o‘zgarmasligini istashardi. Biz juda qiyin diplomatik harakatlar orqali AQSh, Fransiya va Rossiya prezidentlari «status kvo qabul qilib bo‘lmas ekanini» haqida bayonot berishiga erishdik. Lekin ko‘p o‘tmay ular fikrini o‘zgartirib, «status kvo barqaror emas» deyishdi. Ya’ni, qaysidir ma’noda status kvo qabul qilib bo‘ladigan deyishdi. Bu holat hammani qanoatlantirardi, Armanistonni, muzokarachi davlatlarni, xullas bizdan boshqa hammani.

Men 2003 yildan muzokaralarda qatnasha boshladim, juda ko‘p takliflar berdik. Lekin bizga shunday signal berishdi: reallikni qabul qiling. «Biz buni qabul qilmaymiz», degan gapimni «nojiddiy reaksiya» o‘laroq qarshilashdi. Xalqaro huquqqa asoslangan barcha da’volarimiz rad etilib, befarqlik bilan «Reallikni qabul qiling» deyishdi. Xo‘p, dedik va bizga to‘g‘ri keladigan reallikni yaratishga kirishdik, keyin siz uni qabul qilasiz, dedik.

Biz bu reallikni 2020 yilda yaratishni boshladik. 44 kun ichida yaratgan realligimizni qabul qilishga majbur bo‘lishdi. Keyin 2023 yil sentabrda bir kun ichida ular qabul qilishga majbur bo‘lgan yana bir reallikni yaratdik», dedi Aliyev.

Ozarboyjon lideri bosib olingan yerlarni qaytarish yo‘lida shaxslar, ambitsiyalar muhim emasligini aytdi.

«Gap menda, qaysidir shaxslarda emas. Ukrainlar uchun bu narsa juda muhim. Gap shundaki, inson bu zaminda yashab o‘tgan ajdodlari va kelajakda yashaydigan avlodlari oldida mas’uliyatni his qilishi kerak. Biz yerlarimizni qaytib olish imkonsiz deb o‘ylasam, yana 17 yil kutardik. Bu ishni men emas, boshqasi qilishiga ruhan tayyor edim. Shu bilan birga, har qancha balandparvoz gapdek eshitilmasin, buni men qilmasam, boshqa kimdir qilolmaydi degan xayol ham bor edi. Hozir shunchaki o‘sha damdagi xotiralarim bilan bo‘lishyapman.

Bilasizmi, menda haqiqat borligiga ishonch yo‘qolgandi. Qorabog‘dan kelgan qochoqlarimiz bilan ko‘p gaplashar, har safar ular ko‘zida umid so‘nib borayotganini ko‘rardim. Jang maydonidagi haqqoniy g‘alabamiz haqiqat borligini ko‘rsatdi. Lekin uni qo‘lga kiritish uchun harakat qilish, kurashish kerak, shu bilan yashash lozim. Jamiyat birlashgani ham eng muhim omillardan biri. Shaxsan men oliy bosh qo‘mondon sifatida orqamdan xalq turganidan kuch oldim. Shunday ekan, boshlagan gapimga qaytaman – hech qachon taslim bo‘lmaslik kerak», deb fikrini yakunladi Aliyev.

Jiddiy chiqish

Bilasizmi, men Qorabog‘ qaytarilganiden keyin Aliyevning ko‘p chiqishlarini ko‘rganman. Lekin aynan Gordonning savoliga javob bergan Ozarboyjon prezidenti juda ta’sirli gapirdi. Uning gaplari xuddi ipga tizib chiqilgandek ketma-ketlikda bo‘lgani ham yurakdan gapirgani, xotiralarini birma-bir eslaganini ifodalaydi. Va eng muhimi Aliyev bosqin ostida yashayotgan davlat fuqarolariga maslahat berishga munosib inson. Zamonaviy dunyoda bosib olingan yerlarini kuch bilan qaytib olgan yana nechta davlatni bilasiz? Ozarboyjon bu imkonsizdek ko‘ringan ishni uddalagan davlat.

Bayonotning yana bir muhim jihati Aliyev sobiq ittifoq hududida yashayotgan prezident sifatida Ukraina Rossiya bosqini ostida yashayotganini tasdiqlagani bo‘ldi. U ukrainlarga «Okkupatsiyaga rozi bo‘lmang», dedi. Ya’ni, ukrainlarni Rossiya ularning yerlarini bosib olib konstitutsiyaga kiritganiga ko‘nmaslikka chaqirdi. Bu bayonot Ozarboyjon Rossiya bilan nizolashayotgan murakkab vaqtga to‘g‘ri kelgani uning darajasini oshiradi.

Aytgancha, Aliyev boyagi chiqishidan keyin ukrainalik jurnalist ayol unga Ukraina armiyasi bo‘linmalarining shevronlarini sovg‘a qildi. Aliyev sovg‘ani qabul qilarkan «Shu ruhda davom eting», dedi. Bu esa Rossiya propagandasi tomonidan juda yomon qabul qilindi.

Z-kanallar g‘azabda

Rossiyadagi urush targ‘ibotchisi bo‘lmish Z-kanallar Aliyevning Urainaga iltifotidan fig‘oni falakka chiqdi. Ular orasida Rossiyani «Ozarboyjon bilan urushga tayyorlanishga» chorlaganlar ham bor. Masalan, voyenkor Aleksey Jivov 113 ming obunachisi bor kanalida «Kaspiy tez orada yana bir harbiy harakatlar teyeatriga aylanishini» aytdi. «Zapiski Vetarana» kanaliga ko‘ra, «Boku shiddat bilan NATO fillialiga aylanib, Ukraina izidan borayotgan» ekan. Kanal muallifi oxirgi voqealarda «Ozarboyjonning Rossiya bilan urushga tayyorlanayotgani haqida yashirin signal» ko‘rganmish.

900 mingga yaqin obunachisi bor WarGonzo kanali muallifi Semyon Pegov «Boku bilan mojaro muqarrarligini» aytdi. «Ozarboyjon ochiqchasiga rusofob pozitsiya tanladi. Biz bu mojaroga qancha erta tayyorlansak, shuncha yaxshi», deb yozadi urush targ‘ibotchisi.

3 milliondan ortiq obunashisi bor Z-bloger Yuriy Podolyak Ozarboyjonni «Rossiyaning geosiyosiy dushmani» deb atadi. «Pozdnyakov 3.0» kanali «Boku markaziga Oreshnik», deb yozdi.

Ana shunaqa gaplar, azizlar. MDHda Rossiya bilan munosabatlari keskin sovigan davlatlar soni yana bittaga ko‘paydi. Bir necha yil avval bunday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin edi. Lekin biz videolarimizda ko‘p aytganimizdek, dunyo 24 fevraldan oldingi va keyingi davrga bo‘linadi. Urush ana shunaqa boshqarib bo‘lmas narsa, janoblar. U shunchalik taxmin qilib bo‘lmaski, hech kutmagan joydan tarsaki yeb qolishingiz mumkin. Shu uchun hech qachon urush boshlamaslik kerak. Omon bo‘ling...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid