Jahon | 15:03 / 22.07.2025
2231
7 daqiqa o‘qiladi

G‘azo sektorida deyarli har kuni gumanitar yordamga navbatda turganlar halok bo‘lmoqda

U yerda oziq-ovqat tarqatishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgan – va bu ish bermayapti.

Jehad Alshrafi / AP / Scanpix / LETA

20 iyul kuni isroillik harbiylar G‘azo sektori shimolidagi «Zikim» nazorat-o‘tkazish punkti oldida to‘plangan falastinliklarni o‘qqa tutdi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kamida 60 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi yaralangan. Bu ma’lumot hozircha boshqa mustaqil manba orqali tasdiqlanmagan.

Bu vaqtda chegara hududda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi tomonidan yuborilgan insonvarlik yordamini olib kelgan 25 ta yuk mashinasi turgandi.

The New York Times yozishicha, odamlar nazorat-o‘tkazish punkti atrofida yakshanbaga o‘tar kechasiyoq yig‘ila boshlagandi, chunki oldinroq shu yerdan G‘azoga un ortilgan mashinalar o‘tishi haqida mish-mish tarqalgan. Yuk mashinalar karvoni ko‘rinish berganida esa odamlar unga qarab talpingan. Isroil harbiylari esa ularga qarata o‘t ochgan – armiya matbuot xizmati bayonotida bu «to‘g‘ridan to‘g‘ri xavfni bartaraf etish» zarurati bilan izohlangan. Armiya G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni bo‘yicha ma’lumoti ishonchli ekaniga shubha bildirgan hamda o‘z tekshiruvini o‘tkazishga va’da bergan.

G‘azo SSV bundan bir kun oldin, 19 iyul kuni isroillik harbiylar G‘azo gumanitar fondining (GHF) insonparvarlik yordamini taqsimlash markazi yaqinida kamida 32 kishini o‘ldirgani haqida xabar bergandi. GHF obektlarida bunday holatlar ikki oydan (fond G‘azoda ish boshlaganiga shuncha vaqt bo‘ldi) buyon deyarli har kuni kuzatilmoqda. Isroil armiyasi har safar o‘nlab kishilar halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni shubha ostiga qo‘ymoqda – shu bilan birga, askarlar odamlarni o‘qqa tutayotganini tan olmoqda.

GHF – Amerikaning notijoriy tashkiloti bo‘lib, Isroil unga G‘azoda insonparvarlik yordamini tarqatish huquqini taqdim etgan. Tashkilot 2025 yil fevralida aynan shu ish bilan shug‘ullanishi uchun maxsus tuzilgan. May oyida sektorda GHF’ning ilk markazi ish boshlagandi – hozirga kelib ularning soni to‘rttaga yetgan. Yordamni tarqatish bilan BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) shug‘ullangan vaqtda bunday yordam tarqatish punktlari soni yuzlab edi.

Isroil Hamas bilan hamkorlik qilishda ayblab, UNRWA’ning Falastin hududlaridagi faoliyatini taqiqlagandi. Uning bir necha xodimlari Hamasning 2023 yil 7 oktyabrda amalga oshirgan hujumida ishtirok etgan deb topilgan.

GHF insonparvarlik yordamini taqsimlash operatori sifatida UNRWA o‘rnini egallashi kerak edi. U Isroil nazorati ostida ishlaydi, Tel-Aviv esa bungacha muntazam ravishda Hamas terrorchilari ko‘p hollarda insonparvarlik yuklarini qo‘lga kiritib, keyin ularni G‘azo aholisiga sotgani yoki yordamni faqat harakatga sodiqligini bildirganlarga berganini ta’kidlagan.

GHF 2024 yil fevral oyida AQShning Delaver shtatida ro‘yxatdan o‘tgan. Unga pastor, biznesmen va Donald Trampning sobiq maslahatchisi Jonni Mur rahbarlik qilmoqda. Faoliyat xavfsizligini Safe Reach Solutions xususiy kompaniyasi ta’minlaydi. Loyiha qanday moliyalashtirilayotgani oxirigacha aniq emas. Ko‘plab mamlakatlar va gumanitar tashkilotlar u bilan ishlashdan bosh tortmoqda. AQSh iyun oyida Davlat departamenti orqali 30 million dollar miqdorida moliyalashtirishni ma’qullagan, biroq pul hali kelib tushmagan.

GHF’​​ning G‘azo sektori markaziy qismidagi Nuseyrat shahrida ochilgan markazi atrofida to‘plangan kishilar, 2025 yil 25 iyun
Eyad Baba / AFP / Scanpix / LETA

The Wall Street Journal muxbiri Isroil mudofaa armiyasi bilan kelishilgan holda GHF markazlaridan biriga tashrif buyurib, gumanitar yordamning taqsimlanishiga guvoh bo‘ldi. Uning ta’riflashicha, darvoza oldida bir necha ming kishilik olomon kutib turgan: «Darvoza ochila boshlashi bilan odamlar oldinga intildi. Soqchilar ularni to‘xtatishga harakat qilishdi, ammo bu harakatlar behuda ketdi. Odamlar yugurishar, ba’zilari mototsiklda harakatlanar, qutilarni olishardi. Kimdir o‘q uzadi – lekin kim va kimga o‘q uzgani noma’lum. 15 daqiqadan so‘ng markaz bo‘shab qoldi».

GHF oziq-ovqat to‘plamlarida – un, shakar, makaron, guruch, loviya, sariyog‘, tunets balig‘i, pechene bor. Hayvon oqsili deyarli yo‘q. WSJ muxbiri ta’kidlashicha, oziq-ovqat hammaga yetmaydi va har safar tiqilinch bo‘ladi.

Isroillik askarlar WSJ uchun intervyuda «ruxsat etilgan marshrut»ga rioya qilmaganlarga o‘t ochilishini tan olishgan. Askarlardan biri oq bayroq ko‘targan odamlarga o‘q uzilganiga guvoh bo‘lganini aytib bergan – chunki ular harbiylarga juda yaqin kelishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buyruqlarda avvaliga havoga yoki oyoqqa o‘q uzish aytiladi, ammo «xatoliklar bo‘lib turadi».

GHF’ning ta’kidlashicha, u Isroil tomonidan odamlar qayerga borish mumkin emasligini oldindan bilishi uchun markazlarga borish yo‘llarini aniq belgilashni bir necha bor so‘ragan. Isroil to‘siqlar va belgilar o‘rnatishga va’da bergan, ammo WSJ jurnalistlari bunday o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmadi.

GHF markazi oldida yig‘ilgan falastinliklar, 2025 yil 8 iyul
Eyad Baba / AFP / Scanpix / LETA

Yordam tarqatish jarayonini yaxshilash uchun GHF «signal bayroqlari»ni joriy qildi: qizil – punkt yopiq, yashil – ochiq. WSJ kuzatgan tarqatish paytida markazda qizil bayroq osilgandi – ammo odamlar baribir darvozaga bostirib kirishgan. Askarlar dron yordamida nima bo‘layotganini kuzatib turishgan. Hech kim navbatda turishga urinmagan ham.

GHF o‘z markazlariga navbatdagi tartibsizliklar ko‘pincha Hamas tomonidan uyushtirilishini qayd etgan. Fond ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida jangarilar uning falastinlik xodimlari bo‘lgan avtobusga hujum qilib, kamida sakkiz kishini o‘ldirgan. Iyul oyida granata portlashi natijasida ikki amerikalik qo‘riqchi yaralangandi.

Hamas dasturni to‘xtatish hamda yordam tarqatish vakolatini BMTga qaytarishni talab qilmoqda. Ular GHF’ni ortida Isroil turgan soxta tashkilot deb hisoblaydi.

Mavzuga oid