O‘zbekiston | 15:16 / 22.07.2025
1887
6 daqiqa o‘qiladi

Hamma kuzatishi mumkin – ijtimoiy obektlarni qurishda korrupsiyaning oldini olish uchun yaratilgan raqamli platforma ishga tushdi

22 iyul kuni O‘zbekistonda ijtimoiy sohaga doir investitsiyalarni boshqarishda shaffoflikni ta’minlash uchun yangi platforma ishga tushirildi: maktablar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha obektlariga sarmoya kiritish jarayonini shaffof qilish imkonini beruvchi yangi Geoportal taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsad va vazifalarini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan ushbu platformaning ishga tushirilishi, uning ishlab chiqilishi va joriy etilish jarayonida Saida Mirziyoyevaning faol ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etdi.

Geoportal orqali mamlakat bo‘ylab 23 000 dan ortiq ijtimoiy obektlar — 11 127 ta maktab, 6 888 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 3 689 ta tibbiyot muassasasi va 879 ta sport inshooti raqamlashtirilgan bo‘lib, platforma doimiy ravishda takomillashib, ushbu ro‘yxat kengayib boradi.

To‘plangan real ma’lumotlar asosida ijtimoiy obektlarning joriy muammolari real vaqt holatiga qarab aniqlab boriladi. Masalan, maktablarning atigi 52 foizi markaziy suv tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, 9 foizi mutlaqo suvdan foydalana olmaydi. Tibbiyot muassasalarining 70 foizi suv bilan ta’minlanganligi, bemorlar uchun xavfsiz muhitni shakllantirishda muammolar keltirib chiqaradi yoki maktablarning deyarli yarmida majlislar zallari yo‘qligi jamoaviy tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlarini cheklaydi.

Geoportal qanday imkoniyatlar yaratadi?

Platforma quyidagi imkoniyatlarni beradi:

• mamlakatdagi barcha ijtimoiy obektlarning raqamlashtirilgan xaritasini ko‘rish va ularning holatini real vaqtda kuzatish;

• loyihalar qanday amalga oshirilayotganligini monitoring qilish;

• davlat tashkilotlari o‘rtasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;

• real ma’lumotlar asosida ijtimoiy obektlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

• shaffoflik va fuqarolar ishtirokini ta’minlash.

Fuqarolar uchun qulayliklar

Geoportal nafaqat davlat organlari, balki oddiy fuqarolar uchun ham foydali vositaga aylanadi. Har bir fuqaro:

• yaqin atrofdagi maktab, bog‘cha yoki shifoxonani xarita orqali topishi;

• obektlarning quvvati, holati va muhim infratuzilmaga ulanish darajasini bilib olishi;

• kerakli obektlargacha bo‘lgan masofani hisoblashi;

• demografik va iqlim prognozlarini ko‘rishi;

• hududlarni infratuzilmaning mavjudligi bo‘yicha solishtirishi mumkin.

Alohida e’tiborga loyiq jihat — fuqarolar portal orqali obektlar haqidagi ma’lumotlarga o‘zgartirishlar kiritish imkoniga ega bo‘lib, bu o‘z navbatida hududlar bo‘yicha real holatni aniqlash va investitsiya qarorlarini yanada ishonchli qilishga xizmat qiladi.

Muhim texnik imkoniyatlar

1. Interaktiv xarita:

• Yaqin atrofdagi obektlarni qidirish;

• Yo‘nalishlar va qamrov zonalari (5, 10, 15 daqiqa);

• Turli yillardagi yillik o‘zgarishlarni taqqoslash (masalan, 2020 va 2024 yillardagi yashil hududlar).

2. Analitika va statistika:

• Hududlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarni solishtirish;

• Grafiklar, jadvallar va filtrlar orqali hududlar kesimida tahlilni amalga oshirish;

3. Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari (masofadan zondlash):

• Yashil joylar (NDVI);

• Suv mavjudligi (NDWI);

• Rivojlanish ko‘rsatkichi (NDBI);

• 2020–2025 yillar uchun dinamika.

Keyingi bosqich

Portal fuqarolarning real ehtiyojlari va infratuzilmaning hozirgi holatidan kelib chiqqan holda dasturlarni shakllantirish imkonini beruvchi davlat investitsiyalarini rejalashtirishning muhim vositasiga aylanishi mumkin.

Bundan tashqari, davlat investitsiyalarini xolis monitoring qilish va baholash imkoniyatlari yaratilmoqda. Shunday qilib, 2025 yil oktabr oyiga qadar platforma maktablar, bolalar bog‘chalari va poliklinikalarda sanitariya-gigiyena me’yorlarini yaxshilashga qaratilgan “Toza qo‘llar” dasturi uchun jamoatchilik monitoringi va baholash funksiyasini ishga tushiradi.

Geoportal grant va kreditlarsiz, Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit loyiha ofisi tomonidan, mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan. Geoportal ochiq texnologiyalarga asoslangan bo‘lib, ushbu yondashuv mahalliy sharoitga to‘liq moslashishni, texnik mustaqillikni va uzoq muddatda barqaror rivojlanishni ta’minlaydi.

Quyidagi zamonaviy texnologiyalar qo‘llanishi nazarda tutilmoqda:

Geografik axborot tizimlari (GIS), sun’iy intellekt va masofaviy zondlash texnologiyalari, fuqarolik ishtiroki va ochiq ma’lumotlar.

Portal Strategik islohotlar agentligining rasmiy veb-saytida joylashgan. U hamma uchun ochiq: fuqarolar, mutaxassislar va davlat organlari.

Geoportalning to‘liq, tahlillarga boy versiyasi ayni paytda davlat tashkilotlari uchun mavjud bo‘lib, u 70 dan ortiq infratuzilma ko‘rsatkichlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida quyidagilar alohida e’tiborga loyiq: tom yopma holati, elektr energiyasi uzilishlari chastotasi, isitish tizimlari, seysmik barqarorlik darajasi va boshqa muhim parametrlar.

Hozirda fuqarolar “Real holat” Telegram boti orqali ijtimoiy infratuzilma obektlari yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega. Yaqin kelajakda ushbu jarayonni yanada tartibga solish va identifikatsiyalangan fikrlarni qabul qilish maqsadida OneID tizimi bilan to‘liq integratsiya amalga oshiriladi.

Mavzuga oid