Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amur oblastida yo‘qolgan samolyot qoldiqlari topildi
Tog‘ yonbag‘riga qulagan samolyot yonib ketgan. Bortda 50 ga yaqin kishi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim omon qolmagan.

Foto: Uzoq Sharq transport prokuraturasi
«Angara» aviakompaniyasining An-24 yo‘lovchi samolyoti 24 iyul kuni Amur oblastida halokatga uchradi. Uning qoldiqlari Tinda shahri yaqinida topildi, deb xabar berdi TASS va RIA Novosti agentliklari Amur fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash markaziga tayanib. Ma’lum qilinishicha, samolyot qoldiqlari Tindadan 16 kilometr uzoqlikdagi tog‘ yonbag‘ridan topilgan, birlamchi tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, «Rosaviatsiyaning Mi-8 vertolyoti samolyot fyuzelyaji yonayotganini aniqlagan». Shot telegram-kanali xabar berishicha, qutqaruv vertolyoti Amur oblastidagi An-24 halokatga uchragan hududga qo‘na olmagan, qutqaruvchilar halokat joyiga piyoda ketmoqda. Rossiyadagi telegram-kanallar halokatga uchragan samolyot aks etgan videoni tarqatdi.
Turli ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda 46 nafardan 49 nafargacha odam bor edi – bortdagilarning barchasi halok bo‘lgan. Samolyot bortidagilarning barchasi halok bo‘ldi, deb xabar berdi TASS va RIA Novosti operativ xizmatlarga tayanib. An-24 halokatga uchragan joy ustidan uchib o‘tilganida tiriklar aniqlanmadi, deb xabar berdi Amur fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash markazi.
Favqulodda xizmatlar avvalroq bortda 46 kishi: 40 nafar yo‘lovchi va ekipajning olti nafar a’zosi bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi. RIA Novosti huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga tayanib, bortda 42 nafar yo‘lovchi bo‘lganini xabar qilgan. Amur oblasti gubernatori Vasiliy Orlov esa dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida 43 nafar yo‘lovchi, jumladan, besh nafar bola va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lganini aytgan. Shot bortda 48 kishi bo‘lganini yozgan: 42 yo‘lovchi va ekipajning olti nafar a’zosi.
Samolyot qo‘nishga kirishda halokatga uchradi. Samolyot Xabarovsk-Blagoveshchensk-Tinda yo‘nalishi bo‘yicha uchgan. Samolyot Tindaga yetib kelganida birinchi urinishda qo‘na olmagan va ikkinchi aylanishga ketgan, shundan so‘ng aloqaga chiqishni to‘xtatgan. Guvohlar samolyot Tinda hududida uchayotganini videoga olishgan. Operativ xizmatlarning TASS muxbiriga ma’lum qilishicha, halokatga ekipajning ko‘rish yomon bo‘lgan sharoitda qo‘nishga urinishda xatoga yo‘l qo‘ygani bo‘yicha versiya ko‘rib chiqilmoqda.
Tergov qo‘mitasi hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-qismi (uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan havo kemasi harakati va undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha olib borilmoqda.
Mavzuga oid

11:07 / 24.07.2025
Amur oblastida yo‘lovchi samolyot yo‘qolib qoldi

19:30 / 13.07.2025
Air India Boeing 787 halokati bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi

17:55 / 30.06.2025
Hindistondagi Boeing Dreamliner halokatiga sabotaj sabab bo‘lishi mumkin

17:11 / 22.06.2025