Jahon | 16:52 / 24.07.2025
12314
2 daqiqa o‘qiladi

«Bema’ni uydirma». Makron rafiqasini erkak deb atagan ayolni sudga berdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Fransiya yetakchisi rafiqasi erkak bo‘lib tug‘ilganini da’vo qilayotgan o‘ta konservativ bloger va fitna nazariyasi ishqibozi Kendis Ouensga qarshi tuhmat da’vosi bilan chiqdi.

Foto: Getty Images

218 sahifadan iborat da’vo arizasi AQShning Delaver shtati sudiga topshirildi, deb yozadi AFP. Unda Ouens «bema’ni, tuhmat va g‘ayritabiiy uydirmalar»ni tarqatishi aytiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda millionlab obunachilarga ega bo‘lgan Ouens bir vaqtlar Brijit Makron jinsini o‘zgartirganini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, u o‘zining YouTube kanalida (4,5 million obunachiga ega) «Brijitga aylanish» nomli sakkiz qismdan iborat podkastni e’lon qildi, uning epizodlaridan biri «Fransiyaning birinchi xonimi erkakmi?» deb ataladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yillardan beri aylanib yurgan konspirologik nazariyaga ko‘ra, Fransiyaning birinchi xonimi Jan-Mishel Trone (aslida akasi shunday ismda tug‘ilgan) ismi bilan dunyoga kelgan. Bu nazariya hech qanday tasdiqqa ega emas.

Fransiya prezidenti va uning rafiqasi advokatlar orqali Ouensdan bu da’volardan voz kechishni bir necha bor so‘raganini, biroq «oxir-oqibat vaziyatni o‘nglashning yagona yo‘li sudga murojaat qilish degan xulosaga kelgani»ni aytishgan.

Julien de Rosa/IP3/Getty Images

Makronning ta’kidlashicha, Ouens o‘z da’volari yolg‘onligining barcha dalillarini e’tiborsiz qoldirgan va tuhmat kampaniyasini boshlash niyatida.

Makronlar oilasi Ouensni yana ikki punkt bo‘yicha yolg‘onchilikda ayblamoqda: da’voga ko‘ra, ushbu ayol Emmanuel va Brijit o‘zaro qarindosh ekanini da’vo qilgan, shuningdek, Makron «Markaziy razvedka boshqarmasi amalga oshirgan ongni nazorat qilish dasturi doirasida Fransiya prezidenti sifatida tanlangani»ni aytgan.

«Agar qachondir tuhmatning aniq holati bo‘lgan bo‘lsa, bu o‘sha holatdir», – dedi er-xotinning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Tom Kler.

Mavzuga oid