Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Defitsit qisqargan, gaz va oltin sotish ko‘paydi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston 355 mln dollarlik gaz eksport qilib, 572 mln dollarlik importni amalga oshirdi. Gaz sotish 50 foizga oshgan bo‘lsa, sotib olish 30 foizga kamaygan. Hisobot davrida 6,5 mlrd dollarlik oltin sotildi. Bu umumiy eksportning qariyb 38 foizini tashkil etadi.
2025 yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 37 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 5 mlrd 123 mln dollarga yoki 16,1 foizga ko‘p.
Bunda eksport hajmi 16,88 mlrd dollar (+29,1 foiz), import hajmi esa 20,13 mlrd dollar (+7 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 3 mlrd 246 mln dollargacha qisqargan.
Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (17,7 foiz), Rossiya (16,3) Qozog‘iston (6 foiz), Turkiya (3,6 foiz) va Janubiy Koreya (2,3 foiz) bilan qayd etilgan.
Dastlabki 6 oylikda yirik hamkor davlatlardan Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkmaniston, Italiya va Litva bilan savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Xitoy, Afg‘oniston, Fransiya, Germaniya, Hindiston, BAA kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.
Eksport
Hisobot davrida 6 mlrd 492 mln dollarlik (+54,8 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 38,4 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,9 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (7,2 foiz), kimyoviy vositalar (5,8 foiz), mineral yoqilg‘ilar (4,3 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (4,1 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.
Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (12,1 foiz), XXR (5,4 foiz), Qozog‘iston (4 foiz), Afg‘oniston (3,6 foiz), Turkiya (3 foiz), Fransiya (2,9 foiz), BAA (1,8 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,6 foiz) Tojikiston (1,4 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 36,8 foizni tashkil etadi.
Yanvar-iyun oylarida 355 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 50,5 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 277 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-1,9 foiz), 100 mln dollarlik elektr toki (+52,5 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.
Hisobot davrida qariyb 136 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 18,9 foizga kam.
Import
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (32,9 foiz), sanoat tovarlari (16 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,9 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:
- Xitoy – 28,1 foiz;
- Rossiya – 19,8 foiz;
- Qozog‘iston – 7,6 foiz;
- Janubiy Koreya – 4,1 foiz;
- Turkiya – 4,1 foiz;
- Germaniya – 2,9 foiz;
- Hindiston – 2,7 foiz.
Gaz importi yarim yillikni hisobga olganda qisqargan. Hisobot davrida 572 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning 70 foizini tashkil etadi. Ammo birgina iyun oyida 286 mln dollarlik gaz import qilingan. Bu yanvar-may oylaridagi umumiy ko‘rsatkichdan ham ko‘proq.
Shuningdek, avtomobil olib kirish ham sezilarli darajada qisqarib ketgan. Jumladan, yanvar-iyun oylari davomida 1 mlrd 522 mln dollarlik (-8,5 foiz) mashina import qilingan. O‘z navbatida, avtomobillar qismlari va anjomlari importi 34 foizga oshib, 802 mln dollarga yetgan.
Mavzuga oid

16:05 / 23.07.2025
Bojni iste’molchi to‘lamoqda. Noqonuniy importga zarba iPhone narxlarini oshirdi

18:37 / 12.07.2025
Importda yana muammo: Texnik tartibga solish agentligi muzlatkich va sovitkichlarni O‘zbekistonga kirgizmayapti

15:21 / 12.07.2025
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 70 mlrd dollarga yaqinlashdi

15:47 / 07.07.2025