O‘zbekiston | 07:30 / 24.07.2025
720
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqaro aviatsiyasi xodimlariga tibbiy xulosa berish qoidalari ishlab chiqildi

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi xodimlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va tibbiy xulosa berish tartibi to‘g‘risidagi aviatsiya qoidalari e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va tibbiy xulosa olish uchun nomzodlarning sog‘ligi jihatidan yaroqliligini aniqlashga doir mazkur talablar parvozlar xavfsizligini tibbiy jihatdan ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Tibbiy xulosa olishga nomzodlarning sog‘ligi jihatdan yaroqliligiga qo‘yiladigan talablar va ularga tibbiy xulosa berish ularning toifalariga ko‘ra 1, 2 va 3-klasslar bo‘yicha belgilanadi.

Tibbiy xulosa olishga nomzodlarning o‘qish, o‘qishni davom ettirish, uchish, parvoz qilishga hamda HHB dispetcheri, kabina ekipaji a’zosi va bortoperator kasbida ishlashga yaroqliligini aniqlash maqsadida ularning jismoniy va ruhiy holati, ko‘rish, eshitish, rang ajratish qobiliyati tibbiy ko‘rikdan har bir klass bo‘yicha belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Tibbiy xulosa olishga nomzodning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi haqidagi tibbiy xulosalar vakolatli organning tibbiy eksperti yoki TUK tomonidan beriladi.

Tibbiy ekspertlar va TUK a’zolari guvohnoma va malaka belgisi egalarining kasbiy vazifalarini bajarish bilan bog‘liq shart-sharoitlar haqida bilim hamda amaliy tajribaga ega bo‘lishi kerak.

Fuqaro aviatsiyasida tibbiy xulosa olishga nomzodlar o‘z xohishiga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan vakolatli organ tibbiy ekspertlarida yoki TUK a’zolarida o‘tishi mumkin.

Vakolatli organ tibbiy ekspertlari hamda TUK a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tuvchilarning turli toifalari sog‘ligiga qo‘yilgan talablarga muvofiq ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va tegishli klass tibbiy xulosalarini quyidagi tartibda beradi:

  • birinchi klass tibbiy xulosasi – tijorat aviatsiyasi (samolyot, vertolyot, dirijabl, ko‘tarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi) uchuvchisi, ko‘p a’zoli ekipaj (samolyot) uchuvchisi, aviakompaniyaning (samolyot, vertolyot, ko‘tarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi) yo‘nalishdagi uchuvchisi, sinovchi-uchuvchi, fuqaro aviatsiyasi o‘quv yurtlarida mazkur mutaxassisliklarga o‘qishga qabul qilinayotgan nomzodlar va o‘qiyotgan uchuvchi-kursantlarga;
  • ikkinchi klass tibbiy xulosasi – shturman, bortmuhandis, havaskor (samolyot, dirijabl, vertolyot, ko‘tarish kuchini oshirish tizimiga ega havo kemasi) uchuvchi, uchuvchi-planerist, erkin aerostat uchuvchisi, kabina ekipaji a’zosi (kabina ekipaji), bortoperator, fuqaro aviatsiyasi o‘quv yurtlarida mazkur mutaxassisliklarga o‘qishga qabul qilinayotgan nomzodlar hamda o‘qiyotgan kursantlar va kabina ekipaji a’zolariga;
  • uchinchi klass tibbiy xulosasi – HHB dispetcheri, fuqaro aviatsiyasi o‘quv yurtlarining HHB dispetcherligiga o‘qishga qabul qilinayotgan nomzodlari va HHB dispetcher-kursantlariga.

Fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparatining operatori (tashqi uchuvchi) fuqaro aviatsiyasida kasb faoliyati bilan bog‘liq kadrlarini tayyorlovchi o‘quv yurtlar  «O‘zaviatsiya» agentligi  tomonidan sertifikatlangan  tashkilotlarida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid