Jahon | 13:30 / 24.07.2025
3417
10 daqiqa o‘qiladi

Ilk gipertovushli raketasini taqdim qilgan Turkiya, iqlim o‘zgarishiga baho bergan BMT sudi va Rossiya-Ukraina muzokaralari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroilning G‘azoga zarbalari oqibatida so‘nggi sutkada 113 kishi halok bo‘ldi

G‘azoning Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, so‘nggi 24 soat ichida G‘azo kasalxonalariga 113 nafar halok bo‘lgan va 534 nafar yaralangan fuqaro olib kelingan. 2023 yil oktyabrdan beri davom etayotgan Isroil hujumlari boshlanganidan buyon G‘azoda halok bo‘lganlar soni 59 219 nafarga, yaralanganlar esa 143 045 nafarga yetgan.

Joriy yil may oyidan buyon AQSh va Isroil ko‘magida tashkil etilgan «G‘azoga gumanitar yordam» jamg‘armasi orqali yordam tarqatilayotgan hududlarda falastinliklarga qarshi tizimli hujumlar oqibatida halok bo‘lganlar soni esa ming kishidan oshib ketgan. Shuningdek, G‘azoda minglab jasadlar hanuz vayronalar ostida qolayotgani haqida xabarlar berilmoqda.

Isroil mudofaa kuchlarining bayonotiga ko‘ra, o‘tgan 24 soat ichida G‘azo sektorining turli hududlariga 120 ta havo zarbasi berilgan. Harbiy bo‘linmalar G‘azo hududlarida yerusti harbiy amaliyotlarini davom ettirayotgani ta’kidlangan.

BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida Bosh kotibning yordamchisi Xalil Xiyarining ta’kidlashicha, Isroil evakuatsiya buyruqlarini chiqarishda davom etmoqda, bu esa aholining doimiy ravishda uy-joylarini tark etishga majbur bo‘lishiga olib kelmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, G‘azodagi gumanitar vaziyat keskin yomonlashishda davom etmoqda. Isroil harbiy operatsiyalari doirasida Deyr al-Balahda BMTga tegishli ikki obekt nishonga olingan, bu esa yordam yetkazib berishni yanada qiyinlashtirgan va falastinliklarning yangi ommaviy ko‘chishiga sabab bo‘lgan.

130 kunlik to‘liq blokadadan so‘ng, 9 iyuldan boshlab Isroil hukumati «Kerem Abu Salim» nazorat-o‘tkazuv punktidan cheklangan miqdorda yoqilg‘i tashuvchi avtomobillarni o‘tkazishga ruxsat bergan. Ammo bu hajm G‘azodagi muhim xizmatlarning faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘ining faqat ozgina qismini tashkil etadi.

Rossiya va Ukraina muzokaralari

23 iyul kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi raundi yakunlandi. Muzokaralarda tomonlardan Rossiya delegatsiyasiga Vladimir Medinskiy va Ukraina delegatsiyasiga Rustem Umerov boshchilik qildi.

Uchrashuv bir soatdan kam davom etdi. Tomonlar yangi asirlar almashinuvi va Putin bilan Zelenskiy uchrashuvini muhokama qildi. Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov tomonining taklifi bilan prezidentlar Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv avgust oyi oxirigacha bo‘lib o‘tishi mumkinligi aytildi. U, shuningdek, Kiyev hozirdanoq o‘q otishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi va Moskva tomonini konstruktiv pozitsiya namoyish etishga chaqirdi.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiyga ko‘ra, hozirda Rossiya va Ukraina 250 nafardan harbiy asirlarni o‘zaro almashtirishni yakunlamoqda. U, shuningdek, Rossiyaning Ukraina harbiylarini va boshqa toifadagi shaxslarni Kursk viloyati fuqarolariga almashtirishga tayyorligini aytdi.

Muzokaralar davomida Rossiya Ukraina tomoniga yana 3000 nafar ukrain harbiy xizmatchilarining jasadini topshirishni taklif qilgan. Medinskiyga ko‘ra, Kiyev Moskvadan kelgan taklifni – harbiy, siyosiy va gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha uchta onlayn ishlovchi muzokara guruhini tuzish masalasini ko‘rib chiqishga va’da bergan.

Rasmiy Moskva Kiyevga front chizig‘ida yarador va halok bo‘lganlarni olib chiqish uchun qisqa muddatli sulh imkoniyatini ham taklif qilgan.

Medinskiy, tomonlar o‘rtasidagi memorandumlar bo‘yicha pozitsiyalar hanuz bir-biridan ancha yiroqligini bildirdi. Unga ko‘ra, prezidentlar uchrashuvi oldidan har tomonlama muvofiqlashtirilgan tinchlik bitimi muhokama qilinishi lozim.

Isroil parlamenti O‘rdun daryosi g‘arbiy sohilini anneksiya qilishni ma’qulladi

Isroil parlamenti — Knesset o‘z davlatining suverenitetining Yahudiya, Samariya va O‘rdun daryosi vodiysiga tarqalishi to‘g‘risidagi deklaratsiyani ma’qulladi.

Mahalliy OAVlarga ko‘ra, hujjat matnida O‘rdunning g‘arbiy sohilidagi bu hududlar «yahudiy xalqining tarixiy vatanining ajralmas qismi» hisoblanishi yozilgan. Ushbu yerlarda Isroil suverenitetining o‘rnatilishi mamlakatga «o‘z vatanida yahudiylarning o‘rnashishini mustahkamlash va o‘z fuqarolarini himoya qilish»ga yordam berishi aytilmoqda.

Ayni vaqtda Sharqiy Quddusdan tashqari O‘rdunning g‘arbiy sohili hududi, huquqiy nuqtayi nazardan «vaqtinchalik harbiy okkupatsiya» ostida. Isroil hech qachon O‘rdunning g‘arbiy sohili tom ma’noda anneksiya etilganini e’lon qilmagan. Biroq, mamlakat 1967 yilda «Olti kunlik» urushda g‘alaba qozonganidan beri mintaqaga yahudiylarni ko‘chirib keltirmoqda.

O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan tan olingan Falastinning ikki qismidan biridir. 1995 yildan beri hudud Falastin milliy ma’muriyati tomonidan nazorat qilinadi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Isroil parlamentining qarorini haqiqiy emas deb, atadi.

«Isroil parlamentida ovoz berilgan va Isroil tomonidan G‘arbiy Sohilning anneksiya qilinishini ko‘zda tutuvchi qaror xalqaro huquq nuqtayi nazaridan haqiqiy emas va hech qanday huquqiy kuchga ega emas», — deyiladi Turkiya TIV bayonotida.

«Zo‘ravonlik siyosati va noqonuniy yo‘llar bilan hokimiyatda qolishga urinayotgan Netanyahu hukumatining harakatlari har kuni yangi inqirozlarga sabab bo‘lmoqda hamda xalqaro tartib va mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid tug‘dirmoqda», — deyiladi TIV bayonotining keyingi qismida.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi xalqaro hamjamiyatni «genotsidchi Isroilning tajovuziga qarshi zudlik bilan qarshi va majburiy choralarni ko‘rishga» chaqirdi.

BMT sudi iqlim o‘zgarishini jiddiy tahdid deb tan oldi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro sudi iqlim o‘zgarishini kechiktirib bo‘lmaydigan va o‘ta jiddiy tahdid deb topdi, shuningdek, «toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitni» inson huquqlaridan biri deb tan oldi.

Xalqaro sud raisi Yuji Ivasova mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hamkorlik qilishi kerakligini aytdi, chunki issiqxona gazlari chiqindilari, shubhasiz, inson faoliyati oqibatida yuzaga keladi va ularning ta’siri davlat chegaralari bilan cheklanmaydi.

BMT sudi qarori mamlakatlarni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha qandaydir harakatlarga majburlay olmasa-da, bu sohadagi keyingi siyosatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

2023 yilda BMT Xalqaro suddan ushbu ishni ko‘rib chiqishni talab etuvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. 2024 yil dekabr oyida ushbu ish bo‘yicha eshituvlar bo‘lib o‘tdi, sudda jami 100 dan ortiq davlat va 12 ta xalqaro tashkilot vakillarining ko‘rsatmalari tinglandi.

Iyul oyi boshida Amerika davlatlari tashkiloti tizimidagi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sud ham odamlar barqaror iqlimga ega bo‘lish huquqiga ega va davlatlar uni saqlab qolish uchun hamma narsani qilishga majbur, degan qarorga keldi.

Turkiyaning birinchi gipertovushli raketasi taqdim etildi

Turkiya seshanba kuni Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan IDEF-2025 xalqaro mudofaa ko‘rgazmasida o‘zining birinchi gipertovushli raketasi — Tayfun Block-4ni namoyish etdi. Uni Turkiyaning yetakchi mudofaa kompaniyasi Roketsan ishlab chiqqan.

Tayfun Block-4 — Turkiyada milliy ishlab chiqarilgan eng uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketaning gipertovushli versiyasi hisoblanadi.

«Og‘irligi 7 tonnadan ortiq bo‘lgan ushbu yangi raketa ko‘p funksiyali jangovar kallakka ega bo‘lib, uzoq masofadan havo hujumiga qarshi tizimlar, qo‘mondonlik markazlari, harbiy angarlar va boshqa strategik obektlarni nishonga olishga qodir bo‘ladi», deyilgan kompaniya bayonotida.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra,Tayfun Block-4 yetib borish masofasi 800–1000 kmdan ortadi, bu esa uni Yaqin Sharq, shimoliy Afrika va Yevropa hududlariga yetib bora oladigan kuchli vositaga aylantiradi. Raketaning gipertovushli tezligi va parvoz trayektoriyasi uni aniqlash va urib tushirishni qiyinlashtiradi.

Shu bilan birga, Roketsan kompaniyasi: suvosti kemalaridan uchiriladigan anti-kema raketa, havo-havo raketalari, dronlarga qarshi vositalar, sun’iy yo‘ldoshni orbitaga olib chiquvchi qurilmalar kabi olti yangi tizimni ilk bor jamoatchilikka taqdim qildi.

Ukrainada namoyishlar

22 iyul kuni Ukrainaning Kiyev, Lviv va Odessada minglab odamlar Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi ixtisoslashtirilgan prokuratura mustaqilligini cheklovchi qonun loyihasiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi.

Qonun bu idoralarni bosh prokuror tasarrufiga o‘tkazishni ko‘zda tutadi. Ukraina Oliy Radasi bu qonunni 263 ovoz bilan qabul qildi, ulardan 185 nafari Zelenskiy partiyasidan. Namoyishchilar prezidentni qonunga veto qo‘yishga chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari elchilari qonun bo‘yicha xavotir bildirdi. Shunga qaramay, Zelenskiy qonunni imzoladi va bu Rossiya ta’sirini yo‘q qilishga qaratilganini aytdi. Ertasi kuni u huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarini yig‘di, biroq norozilik haqida ochiqchasiga fikr bildirmadi. Bu urush boshlanganidan beri Ukrainadagi ilk yirik hukumatga qarshi namoyish sifatida baholanmoqda.

Mavzuga oid