O‘zbekiston | 18:05 / 24.07.2025
1832
5 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasi bilan mahsulot taqsimoti to‘g‘risida bitim imzolandi

Hujjat mamlakatda neftning yangi manbalarini izlab topish, qazib olish va qora oltin importiga qaramlikni kamaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, qiymati taxminan 1 mlrd dollardan ziyod bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

24 iyul kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarboyjon Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida mahsulot taqsimoti bo‘yicha bitim (PSA) imzolandi. Uning doirasida Ustyurt neft-gaz hududida geologik qidiruv ishlari olib boriladi va keyinchalik uglevodorodlarni qazish yo‘lga qo‘yiladi.

SOCAR kompaniyasi O‘zbekiston hududidagi neft va gaz konlarini o‘rganish, qazib olish hamda qayta ishlash jarayonlarida bevosita ishtirok etadi. Bunda ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori ikki tomon o‘rtasida kelishilgan ulushga ko‘ra taqsimlanadi. Mazkur tizim energetika sohasida xalqaro tajribada keng qo‘llanadigan mexanizm bo‘lib, resurslarni samarali boshqarish imkonini beradi.

Investorlar qatorida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va SOCAR kompaniyasi teng ulush bilan ishtirok etmoqda. Bu loyiha, birinchi navbatda, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va uning asosida Ustyurt mintaqasining oltita massivida yirik neft zaxiralarini aniqlashga qaratilgan.

Ustyurt hududida ayni vaqtda mavjud quduqlardan chuqurroq joylashgan qatlamlarni qidirmoqdamiz, ya’ni chuqurligi 5000-6000 metr bo‘lgan quduqlar qaziladi. Loyihaning qiymati uch xil ssenariy asosida hisoblanadi. Bu geologik qidiruv ishlari natijasida topilgan zaxiralarga bog‘liq bo‘ladi. Qiymat bir milliard dollardan kam bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda”, – deydi «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodirjon Siddiqov.

SOCAR shartnoma doirasida uglevorod zahiralarini topish va ularni qazib olishda eng so‘nggi texnologiyalardan foydalanadi va bu jarayonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni zimmasiga oladi. Xalqaro bozorda katta tajribaga ega mazkur kompaniya Ozarboyjonda qo‘llanayotgan ekologik standartlarni O‘zbekistonga olib kelishni, qazilma ishlari davomida toza texnologiyalarni joriy qilishni rejalashtirmoqda.

“Ekologik xavfsizlik, dekarbonizatsiya va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, biz 2050 yilgacha “nol emissiya” maqsadini qabul qilganmiz. Geologiya, quyi, o‘rta va yuqori bosqichdagi barcha faoliyatlarimiz ekologik xavfsizlik talablariga muvofiq tarzda olib boriladi. O‘zbekistondagi loyihalar ham hamkorlarimiz bilan birgalikda eng qat’iy ekologik me’yorlar va qoidalar asosida amalga oshiriladi.

Bu hamkorlik bizga, ya’ni SOCAR va “O‘zbekneftgaz”ga qo‘shma korxona sifatida uchinchi davlatlarga chiqish imkonini beradi. Ya’ni biz bir-birimizga ko‘maklashamiz, resurslarimiz, ko‘nikmalarimiz, imkoniyatlarimizni birlashtiramiz”, – deydi Ozarboyjon davlat neft kompaniyasi (SOCAR) prezidenti Rovshan Najaf.

Ma’lumot o‘rnida, PSA davlat va investor o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarning maxsus shakli bo‘lib, u neft va gaz operatsiyalari, shu jumladan, uglevodorodlarni qidirish va qazib olish bo‘yicha mutlaq huquqni oladi. Investor qilingan xarajatlarni qazib olingan resurslarning bir qismi (tovon mahsuloti deb ataladigan) hisobidan qoplaydi, qolgan foydali mahsulotlar esa tomonlar o‘rtasida kelishilgan ulushlarda taqsimlanadi.

SOCAR

SOCAR – Ozarboyjon Respublikasining milliy neft kompaniyasi bo‘lib, neft va gaz mahsulotlarini qidirish va qazib olishdan tortib qayta ishlash, tashish hamda sotishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish jarayonini amalga oshiradi. Kompaniya Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdagi strategik loyihalarda ishtirok etib, xalqaro faoliyatini rivojlantirmoqda.

“O‘zbekneftgaz”

“O‘zbekneftgaz” AJ O‘zbekiston davlat energetika kompaniyasi hisoblanib, neft va gaz sanoatida geologik qidiruv va burg‘ilash, neft, gaz va neft-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish hamda sotishgacha bo‘lgan loyihalarni boshqarmoqda. Mamlakatdagi jami tabiiy gaz ishlab chiqarishning 60% dan ortig‘i kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid