Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sirskiy Trampni urushni Rossiya hududiga ko‘chirishga yordam berishga chaqirdi
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Rossiyaga munosib zarba berish uchun ballistik raketalar yetkazib berilishini so‘ragan.

Foto: Oksana Parafeniuk / The Washington Post
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 23 iyul kuni The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida AQSh va Yevropani ukrainalik harbiylarga uzoq masofaga uchuvchi raketalar berishga va ulardan Rossiyaga qarshi foydalanishga ruxsat berishga chaqirdi.
Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukraina o‘rta va uzoq masofali raketalarning katta miqdorini, jumladan, Amerikaning ATACMS va Germaniyaning Taurus’larini olsa, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning raketa va dron ishlab chiqaruvchi korxonalariga hujum qilish orqali Rossiya qurollarini ishlab chiqarishni sekinlashtirishi mumkin.
«Ular [rossiyaliklar] deyarli hammasini – aerodromlar, aholi punktlari, infratuzilma obektlarini nishonga olgan. Shuning uchun, albatta, dushmanga munosib zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun bizga ballistik raketalar yetkazib berilishi kerak», – degan Sirskiy 19 iyul kuni WP tomonidan olingan va 23 iyul kuni e’lon qilingan intervyuda.
«Har qanday raketa qurolining mavjudligi o‘z-o‘zidan cheklovchi omil hisoblanadi. Umid qilamanki, prezident Trampning pozitsiyasi tufayli bu jarayon ancha osonlashadi va... bizda avvalgidek qiyinchiliklar bo‘lmaydi», – degan u.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Ukraina zaxirasida ATACMS raketalari qolgan-qolmaganiga izoh berishdan bosh tortgan (The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, bunday zaxiralar tugagan). Shu bilan birga, Sirskiy Ukrainaga 155 millimetr kalibrli artilleriya snaryadlari va zirhli texnikalar yetishmayotganini aytib o‘tgan.
«Bizda yuqori motivatsiyali va jasur askarlar bor, ular oldinga bora oladi, ammo ularga zamonaviy va ishonchli himoya vositalari kerak», – deya qo‘shimcha qildi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni.
AQSh prezidenti Donald Tramp 14 iyul kuni Qo‘shma Shtatlar va NATO Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzgani, unga ko‘ra Amerika qurollari uchun alyans ittifoqchilari to‘lov qilishini aytgandi. NATO vakilining so‘zlariga ko‘ra, tashabbusni Germaniya, Norvegiya, Daniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Kanada va Finlandiya qo‘llab-quvvatlagan, deb yozadi The Wall Street Journal.
Rossiya «o‘z qurolini Rossiyaga qarshi qo‘llashga ruxsat beradigan mamlakatlarning harbiy obektlariga qarshi qo‘llash huquqiga ega», deb hisoblaydi, dedi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.
Mavzuga oid

19:40
Tramp va’da qilgan Patriot tizimlaridan birinchisi Ukrainaga yetib keldi

19:39
«Yo‘q, bu bino besh yil avval qurilgan» - AQSh Markaziy banki rahbari Trampni «tuzatdi»

07:29
Tramp Barak Obamani davlatga xiyonatda aybladi

12:21 / 24.07.2025