Jahon | 14:50 / 24.07.2025
6296
4 daqiqa o‘qiladi

«Uchrashuvga hali erta». Istanbuldagi muzokaralarning qisqacha yakunlari

Ukraina: o‘t ochishni butkul to‘xtatish va Putinning Zelenskiy bilan uchrashuvini o‘tkazish kerak. Rossiya: o‘t ochishni bir-ikki kunga to‘xtatish mumkin, uchrashuvga esa hali erta.

Foto: Dilara Senkaya / Reuters / Scanpix / LETA

23 iyul kuni Istanbuldagi Chirog‘on saroyida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi bosqichi o‘tkazildi. Ikki tomonning axborot agentliklari va telekanallari xabarlariga ko‘ra, muzokaralar bir soatdan kamroq vaqt davom etgan. Shundan so‘ng delegatsiyalar rahbarlari – Ukraina tomonidan Rustem Umerov, Rossiya tomondan Vladimir Medinskiy (alohida-alohida) jurnalistlar qarshisiga chiqishdi. Ular muzokaralar yakunida shunday so‘zlar aytishdi.

Rustem Umerov

Rossiya tomoniga avgust oyi oxirigacha Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Donald Tramp ishtirokida davlatlar rahbarlari (Volodimir Zelenskiy va Vladimir Putin) uchrashuvini o‘tkazish taklif qilindi.

Ukraina o‘t ochishni to‘liq va so‘zsiz to‘xtatishni talab qilishda davom etmoqda va tinchlik muzokaralariga tayyor. O‘t ochishni to‘xtatish fuqarolik obektlari va muhim infratuzilma obektlariga zarba berishni to‘liq to‘xtatishni o‘z ichiga olishi kerak.

Ukraina nafaqat harbiy asirlarni, balki tinch aholini, jumladan, bolalarni ozod qilishda ham oldinga siljish bo‘lishini kutmoqda.

O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi muhokama qilinayotgan hujjatlarni memorandumlar deb atash noto‘g‘ri. Ukraina loyihasi Rossiya loyihasiga qaraganda realroq.

Vladimir Medinskiy

  • [Zelenskiy va Putin] uchrashuvi uchun kelishuv shartlarini ishlab chiqish va u yerda nimani muhokama qilishni tushunib olish kerak, bu uchrashuvda «nuqta qo‘yilishi, imzo chekilishi» kerak. Barchasini noldan muhokama qilish uchun uchrashishdan ma’no yo‘q.
  • Muzokaralarda memorandumlarda bayon qilingan pozitsiyalar muhokama qilindi. Tomonlar taqdim etgan tinchlik memorandumlaridagi pozitsiyalar «bir-biridan ancha uzoq».
  • Rossiya tomoni sanitar jamoalari yaradorlar va halok bo‘lganlarni olib ketishi uchun front chizig‘ida 24-48 soatlik qisqa muddatli sulh e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
  • Yaqin vaqt ichida har ikki tomondan kamida 1200 nafardan harbiy asirlarni almashishga kelishib olindi. «Biz Ukrainaga ko‘proq harbiy asirlarni topshirishni taklif qildik, agar ularda biznikilar yana bo‘lsa – demak, bu raqam ko‘proq bo‘ladi», – dedi Medinskiy.
  • Rossiya Kiyevga halok bo‘lgan Ukraina harbiylarining yana 3000 jasadini topshirishni taklif qildi. Ukraina qurolli kuchlarining halok bo‘lgan askarlarining jasadlari Ukraina tomoni tayyor bo‘lishi bilanoq «Qizil xoch» yordamida Kiyevga topshiriladi.
  • Kelishuvlarning bir bandi oxirigacha bajarilmadi – «Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida evakuatsiya qilgan» tinch aholi vakillari uylariga hali qaytarilmadi.
  • Ukraina tomoniga siyosiy, gumanitar va harbiy masalalar bo‘yicha onlayn rejimda ishlaydigan uchta ishchi guruh tuzish taklif qilindi.
  • Rossiya Ukraina hududidan olib chiqilgan 339 nafar ukrainalik bolalarning to‘liq ro‘yxatini «ishlab chiqdi». Ukraina ro‘yxatidagi ko‘plab bolalar hech qachon Rossiya hududida bo‘lmagan. Bolalarning bir qismi allaqachon qaytarilgan, qolganlari bo‘yicha «ish ketmoqda».
  • Rossiya tomoni Ukraina bilan muzokaralarning to‘rtinchi raundi bo‘lib o‘tishiga umid qilmoqda.

Mavzuga oid