Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qimmat benzin, sharoiti yo‘q poyezdlar va muammoli UzIMEI - Iste’molchi huquqi himoya qilinyaptimi?
Kun.uz ayni Raqobat qo‘mitasi vakillari hamda iqtisodchi bilan O‘zbekistonda iste’molchi huquqlariga doir muhim mavzularni jonli efirda muhokama qildi. Yuqorida sanab o‘tilgan masalalardan tashqari, chiqindi to‘lovining elektrga bog‘lanishi, taksi narxlarining keskin oshib ketishi, qolaversa, elektr toki bilan bog‘liq tariflar ishga tushishida kompensatsiya to‘lanishi kabilar ham muhokama mavzusi bo‘ladi.

Suhbatda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchi huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining boshqarma boshliqlari Ulug‘bek Davletov hamda Elmurod Hayitmetov va iqtisodchi Otabek Bakirov ishtirok etdi. Quyida intervyudan sharh keltiriladi.
Dastlab muhokamada AI 80 benzini birjada rekord narxlarni urayotgani haqida gaplashildi. Gap shundaki, jahonda neft narxi oshsa ham, tushsa ham, O‘zbekistonda benzin faqat qimmatlashadi.
Ulug‘bek Davletovning tushuntirishicha, bugungi kunda benzin birjada kunlik 1 700-1 900 tonnadan qo‘yib kelinyapti. Undagi narxlar boshlang‘ich narxga nisbatan 15 foizgacha oshgan. Hozir mahsulotning bir tonnasi 10 million 600 ming so‘mga chiqqani aytildi.
“Bu yerda eng qiziqarli masala “birjada narxlar 15 – 13 foizga oshdi” deyapmiz, lekin chakana narx o‘zgarmayapti. Masalan, “zapravka”larni ko‘rgan bo‘lsangiz, 80 benzinning chakana narxida o‘zgarish deyarli yo‘q.
Buning ham asosiy sababi, endi bu yashiradigan masala emas, hammamizning xabarimiz bor, oldin spred qo‘yilgandi. Ya’ni qo‘mita tomonidan 5 foiz miqdorda boshlang‘ich narxning eng o‘sish chegarasi belgilab berilgandi. O‘tgan oyda shu narsani olib tashladik.
Buning ham asosiy sababi olib tashlashimizdan, bu har yili 80 benziniga bir mavsumiy tebranish bor. Bizda hammaning xabari bor, qish kelaverdimi, o‘sha metan zapravkalariga taqchillik boshlanib, yopilishi boshlangandan keyin 80 ga talab oshadi, hamma 80 ga o‘tib ketganidan keyin 80 ning narxi ham oshishni boshlar edi.
Har yili yozda shu narsani, masalan, uning talabini qondirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanib, hajmlarni birjaga qo‘ydirar edik. Yoz kelishi bilan o‘sha yozda ishlatib qo‘ygan hajmlarimizni, ba’zi bir joylardan imkoniyatlarimizni joyiga qo‘yamiz. Yozda har dinamikani kuzatgan bo‘lsangiz, har yili yoz, qishda, masalan, tebranish paydo bo‘ladi, yozga kelgan payti bir xil 80 narxi o‘zgarishsiz o‘tib ketadi”, – dedi u.
Davletovga ko‘ra, spred narxlar belgilanishi ortidan yashirin bozor kuchaygan.
“Ya’ni ko‘p muhokamalar ham bo‘ldi, masalan, brokerlar yoki boshqa birjadagi o‘yinlar, o‘sha “zapravka”dagi o‘yinlar, “zapravkachi”ning qiladigan xarajati ko‘chaga ketib qoldi.
Qo‘pol qilib aytganda, beradigan joyi bor edi, 100 dollar, 200 dollargacha, o‘sha har bitta lotiga, boshqasiga beradigan, ko‘chaga beradigan puli bor edi. O‘shaning hisobidan birjada, masalan 9 million bo‘lgan taqdirda, 1,3 koeffitsiyenti bor benzinni naqdga oladigan bo‘lsak, tonnadan hisoblaydigan bo‘lsak chakana narxini 6 800, 6 500, 7 000 gacha chiqardi. Shuning hisobiga, beradigan pulining hisobiga u narx 8 000-8 500 ga borar edi. Hozir, masalan, spredni olib tashlaganimizdan keyin ochiq savdo bo‘lyapti”, – dedi mas’ul.
Otabek Bakirov fikrlarni tinglab, naqd beriladigan joylarda pullar benzin bozoridagi monopolist kompaniyalar cho‘ntagiga tushayotganini aytdi. Iqtisodchi rasmiyning chakana narxlar oshmayotganiga oid ma’lumotiga qo‘shilmasligini bildirdi.
“Chakana narxlar oshyapti, ha, sekinroq darajada oshyapti. Lekin bu hali o‘sha iyun oyida narxlar oshmasdan turib, chakana AYoQShchilarda eski narxlardagi zaxiralari mavjud bo‘lgani uchun ta’siri hali saqlanyapti-da, buni ham inobatga olish kerak bo‘ladi. Va menda hozir sizning chiqishingizda qanaqadir vaj ko‘ryapmanki, ya’ni hozir biz nimani, shu status-kvoni saqlashimiz kerak, spred yoki qanaqadir ma’muriy ta’sir choralarni qo‘llamasligimiz kerak degan ohang sezilyapti.
Siz ko‘rib turibsizki, sizlar spredni bekor qilganinglar bilan taklif oshib qolayotgani yo‘q. Standart, go‘yoki Sovet Ittifoqida O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi birinchi sekretari imzolagan protokol singari bozorga 1 650 tonna bitim chiqadi. 20 tonnadan oshib ham qolgani yo‘q, 50 tonnadan kamayib ham qolgani yo‘q. Bu nimadan dalolat beradi? Bu butun birjaga chiqayotgan hajm to‘liq ma’muriy usulda O‘zbekneftgaz tarafidan ham, Saneg tarafidan ham taqsimlanayotganini bildiradi.
Hozir siz iste’molchilarning haqini himoya qilish o‘rniga, qilayotgan ishlaringiz oxir-oqibatda korrupsion cho‘ntaklarga tushayotgan daromadlarni oqlab beryapsiz, Sanegga, O‘zbekneftgazga, ya’ni sotuvchilarga cho‘ntagiga tushib berayotganini oqlab beryapsiz-da. Iste’molchi baribir qimmat to‘layapti”, – dedi u.
Ulug‘bek Davletov ayni masala qo‘mitani tashvishga solishini, narxlar mo‘’tadilligini ta’minlash uchun spred narxlarni qo‘llash rejasi mavjudligini bildirdi. Ammo mutasaddi bu bilan muammoga yechim topilmasligini aytdi.
“Biz ham masalan hukumatga, Energetika vazirligiga takliflarimizni kiritganmiz. Shu takliflarning javobini kutyapmiz. Agar taklifimiz bo‘yicha biz xohlagan narsa amalga oshmasa, o‘sha eski mexanizmga qaytishga majbur bo‘lamiz”, – dedi Davletov.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid

17:56 / 24.07.2025
🔴 LIVE: Qimmat benzin, sharoiti yo‘q poyezdlar va muammoli UzIMEI - Iste’molchi huquqi himoya qilinyaptimi?

15:49 / 17.07.2025
“Farg‘onaazot” karbamid bozoridagi ustun mavqeni yo‘qotdi - Raqobat qo‘mitasi

14:18 / 17.07.2025
Raqobat qo‘mitasi 43 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini bekor qildi

16:07 / 03.07.2025