Jahon | 18:40 / 26.07.2025
3363
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina Putin va Zelenskiy uchrashuvi haqida kelishib oldi – Turkiya TIV

Muloqotga ma’lum tayyorgarlik ko‘rilayotgani va masala yanada muvozanatli tarzda muhokama qilinayotgani ta’kidlandi.

Foto: Murad Sezer / Reuters

Rossiya va Ukraina delegatsiyalari prezidentlar Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha «prinsipial kelishuvga» erishdi. Bu haqda 25 iyul kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan NTV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Fidan so‘zlariga ko‘ra, tomonlarning Turkiyada bo‘lib o‘tgan muzokaralarida kelishuvga erishilgan. U ehtimoliy uchrashuvning aniq muddatini aytmadi.

«Uchrashuvda yetakchilar qanday shartlarda uchrashishi kerakligi muhokama qilindi. Yetakchilar sammitini Turkiyada o‘tkazish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishildi. Bu yerda muzokara guruhlari muhim rol o‘ynaydi», dedi Turkiya TIV rahbari.

U muloqotga ma’lum tayyorgarlikni ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi va masala yanada muvozanatli tarzda muhokama qilinayotganini ta’kidladi.

«Ishonamanki, shu ruhda davom etsak, vaqtinchalik yechim paydo bo‘ladi. Hamma ham bu taklifni qabul qilishga tayyor emas. Biz buning uchun sharoit yaratish ustida ishlayapmiz», deb qo‘shimcha qildi Fidan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 24 iyul kuni bunday ssenariyni ehtimoldan yiroq deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit faqat tinchlik muzokaralari yakunida o‘tkazilishi mumkin.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 25 iyul kuni «rossiyaliklar hozir uchrashuv haqida gapira boshlaganini va allaqachon qandaydir uchrashuv formati tomon harakat bo‘layotganini» aytdi. Bunga javoban Peskov yana bir bor sammitni avgust oyida o‘tkazish istisno qilinganini ta’kidladi, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, «oliy darajadagi uchrashuv kelishuvga yakuniy nuqta qo‘yishi kerak».

Mavzuga oid