Jahon | 14:52 / 28.07.2025
3084
3 daqiqa o‘qiladi

Sheremetevoda yana kollaps yuzaga keldi. 50 ga yaqin reys bekor qilingan

«Aeroflot» axborot tizimlarida yirik nosozlik ro‘y berdi. Bunga hakerlar hujumi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Aviakompaniya reyslar qoldirilishi yoki bekor qilinishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Foto: Videodan kadr

28 iyul kuni ertalab «Aeroflot» aviakompaniyasi o‘z axborot tizimlarida nosozlik yuzaga kelganini ma’lum qildi.

«Shu munosabat bilan bajariladigan reyslar jadvaliga majburiy tuzatish kiritilishi kutilmoqda, jumladan, kechiktirish va bekor qilish orqali», - deyiladi kompaniya bayonotida.

«Aeroflot» yo‘lovchilardan aeroport saytlari va aeroportlardagi axborot tablolarida paydo bo‘ladigan ma’lumotlarni, shuningdek, aeroportlardagi ovoz kuchaytirgichlar orqali beriladigan e’lonlarini kuzatib borishni so‘radi.

Kompaniya «parvozlarning ishlab chiqarish rejasini bajarish xavfini minimallashtirish» va o‘z xizmatlarini imkon qadar tezroq tiklash ustida ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

«Aeroflot» bilan bir guruhga kiruvchi «Rossiya» va «Pobeda» aviakompaniyalari nosozlik haqida xabar bermagan.

«Aeroflot»ning ma’lum qilishicha, axborot tizimidagi nosozlik tufayli Moskvadan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 49 ta reys bekor qilingan. Moskvaning Sheremetevo aeroportida ulkan navbatlar yuzaga keldi, deb xabar bermoqda Msk1.

Silent Crow hakerlik guruhi «Kiberpartizanlar BY» hakerlari bilan birgalikda keng ko‘lamli operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirgani, natijada „Aeroflot“ning ichki IT-infratuzilmasi butunlay sharmanda qilingani va yakson etilgani»ni ma’lum qildi.

«Yil davomida biz ularning korporativ tarmog‘i ichida bo‘lib, infratuzilma yadrosi – Tier0’gacha kirib borishni metodik jihatdan rivojlantirdik. Biz muvaffaqiyatga erishdik: parvozlar tarixi ma’lumotlar bazalarining to‘liq massivini qo‘lga kiritish hamda yuklab olish, barcha muhim korporativ tizimlarni <...> obro‘sizlantirish, xodimlarning shaxsiy kompyuterlari, shu jumladan yuqori rahbariyat ustidan nazoratni qo‘lga kiritish», – deyiladi hakerlar bayonotida.

Ular tez orada olingan ma’lumotlarning bir qismini e’lon qilishni boshlashga va’da berishdi.

«Aeroflot» – Rossiyadagi yirik aviatsiya guruhi hisoblanadi. U «Aeroflot», «Rossiya» va «Pobeda» aviakompaniyalarini o‘z ichiga oladi. 2024 yilda uch kompaniya jami 55,3 million yo‘lovchi tashigan, guruhning Rossiya aviatashuvlaridagi ulushi 42,3 foizni tashkil etgan, deb xabar bergan «Kommersant». 2024 yilda «Aeroflot» va «Rossiya» aviakompaniyalarining yo‘nalishlar tarmog‘i 248 ta yo‘nalishdagi muntazam qatnovlarni o‘z ichiga olgan, «Pobeda» esa 94 ta yo‘nalishda muntazam parvozlarni amalga oshirgan.

So‘nggi haftalarda Rossiyada Ukraina dronlari hujumlari tufayli aviaqatnovlar bir necha bor bekor qilingan va qoldirilgandi. Bu aksar hollarda «Aeroflot» bazasi joylashgan Sheremetevo aeroporti faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan.

Mavzuga oid