O‘zbekiston | 18:14 / 30.07.2025
12345
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi tizimidagi OTMlarga rahbarlar tayinlandi

Yangi tashkil etilgan Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti rahbarining birinchi o‘rinbosari, uning tarkibidagi to‘rtta harbiy institut boshliqlari, shuningdek, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni tayinlandi.

Prezident farmoyishiga muvofiq, Mudofaa vazirligi tizimidagi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetiga bir qancha tayinlov amalga oshirildi.

General-mayor Farhodjon Ortiqovich Shermatov Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Farhodjon Shermatov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Farhodjon Shermatov muqaddam Mudofaa vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan, 2020 yil iyunidan buyon Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimida ishlayotgandi.

Polkovnik Tursunov Qodirjon Abdipattayevich Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi.

Qodirjon Tursunov

Qodirjon Tursunov muqaddam Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari bo‘lgan, keyinroq u mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Qahramonjon Zoidov

Polkovnik Abdulla Adhamovich Hamroyev Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy aviatsiya instituti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Abdulla Hamroyev

U muqaddam havo hujumidan mudofaa kuchlari bo‘linmalaridan biri komandiri bo‘lgan, 2020 yil iyunidan buyon Harbiy aviatsiya instituti boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Podpolkovnik Baxtiyor Ne’matovich Rahimov Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Baxtiyor Rahimov

Tibbiy xizmat polkovnigi Ulug‘bek Abdug‘afurovich Rasulov Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy tibbiyot instituti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Ulug‘bek Rasulov

Avvalroq, harbiy ta’lim sohasida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi. Mudofaa vaziri Shuhrat G‘ayratjonovich Xolmuhamedov bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti boshlig‘i hisoblanadi hamda uning faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.

Mavzuga oid