O‘zbekiston | 14:56 / 30.07.2025
4729
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident xom mevalar eksportga chiqarilishini tanqid qildi

Oqibatda xorijdagi savdo tarmoqlari O‘zbekistonning minglab tonna mahsulotini xom holatda yetkazib berilgani uchun qabul qilmagan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida xom mevani eksportga chiqarayotgan tadbirkorlarni tanqid qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

«Mahsulotlarimiz sifatli va shirin bo‘lgani uchun tashqi bozorlarda „O‘zbekistonda yetishtirilgan“ brendi shakllangan»,  dedi davlat rahbari.

Lekin, ayrim «chaqqon» savdogarlar hammadan oldin qimmatroq sotishni ko‘zlab, xom mevani eksportga chiqarayotgani tanqid qilindi. Oqibatda xorijdagi savdo tarmoqlari minglab tonna O‘zbekiston mahsulotini xom holatda yetkazib berilgani uchun qabul qilmagan.

Oqibatda O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar tashqi bozorda o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkinligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, eksport 21 ta tumanda o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, bu tumanlarda 80 ming gektar paxta va g‘alla ekilmaydigan maydon, yana 55 ming gektar tomorqa yeri bor.

Ushbu 21 ta tuman hokimiga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu borada o‘zgarish qilish bo‘yicha aniq rejalarni tuzish topshirildi.

Mavzuga oid