Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uy quruvchilarining “qora” ro‘yxati, rus ovchilarining o‘ljasi va issiqxonalarga qo‘llov – mahalliy dayjest
Kun.uz Toshkentda uy-joy obektlari qurilishi to‘xtatilgan 44 ta korxona va 8 nafar jismoniy shaxsni aniqladi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda issiqxonalarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Ish haqi va pensiyalarni inflatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshirib borish rejalashtirilyapti. Rossiyalik ovchi Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan morxo‘rlarni ovladi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi
Unda issiqxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘tarildi. Qayd qilinishicha, endi eksport majburiyatiga ega issiqxonalarga qishda gaz yetkazish kafolatlanadi, ko‘mir yoki boshqa muqobil isitish tizimida ishlayotgan, eksport majburiyatini olgan issiqxonalarga ham tabiiy gazga qaytish imkoni beriladi.
Yig‘ilishda dala chetida eksportbop mahsulotlar, xususan, olchani ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Viloyat hokimlariga qurib qolgan 2 ming 600 gektarda tomchilab sug‘orishni joriy qilish topshirildi.
Yig‘ilishda ayrim «chaqqon» savdogarlar hammadan oldin qimmatroq sotishni ko‘zlab, xom mevani eksportga chiqarayotgani tanqid qilindi. Oqibatda xorijdagi savdo tarmoqlari minglab tonna O‘zbekiston mahsulotini xom holatda yetkazib berilgani uchun qabul qilmagan.
Toshkentda o‘nlab ko‘p qavatli uylar qurilishi to‘xtatildi
Poytaxt hokimligi 59 ta obektda hujjat yo‘qligi sababli qurilish to‘xtatilib, elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgani haqida xabar bergandi. «Aynan qaysi obektlar?» degan so‘rovlardan keyin hokimlik ro‘yxatni taqdim qilmadi, ammo qurilishi to‘xtatilgan tashkilotlarni onlayn tekshirish imkoniyatini yaratdi. Kun.uz ro‘yxatga kiritilgan 44 ta korxona va 8 nafar jismoniy shaxsni aniqladi.
Ish haqi va pensiyalarni inflatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshirib borish rejalashtirilyapti
2026–2028 yillar uchun ishlab chiqilgan fiskal strategiyaga ko‘ra, davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlarining ish haqi, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaqa miqdorlari inflatsiya darajasidan yuqori sur’atda oshirib boriladi.
2025 yilda Pensiya jamg‘armasiga budjetdan ajratiladigan transfertlar hajmi 20 trln so‘mdan oshishi kutilmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2028 yilga borib ushbu summa 26 trln so‘mga yetadi.
Rossiyalik ovchi Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan morxo‘rlarni ovladi
Ijtimoiy tarmoqda O‘zbekistonda suratga olingan ov jarayoni videosi e’lon qilindi. Unda rossiyalik ovchi Konstantin Samsonov Surxondaryo viloyati hududida morxo‘rni otib o‘ldirgani aks etgan. Ma’lum bo‘lishicha ov 1 yil oldin uyushtirilgan.
Ovchi va tasvirga olish guruhi Surxondaryo viloyati hududiga qanday borib qolgani va ularga Qizil kitobga kiritilgan noyob jonivorni ovlashga kim ruxsat bergani ma’lum emas.
Farg‘onada milliy cholg‘ular orkestri va simfonik orkestr tashkil etiladi
Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Farg‘ona viloyati bo‘linmasi tarkibida Farg‘ona milliy cholg‘ular orkestri va Farg‘ona simfonik orkestri tashkil etiladi.
Shuningdek, Farg‘ona Eco City majmuasi hududidagi amfiteatrda hamda mahalliy aholi va sayyohlar ko‘p keladigan boshqa joylarda simfonik orkestr va milliy cholg‘ular orkestrining konsert dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Mavzuga oid

22:42 / 31.07.2025
Parlamentdagi muxolifat, pulli yo‘llarning kechiktirilishi, o‘zbek sportidagi xush va noxush xabar – mahalliy dayjest

22:39 / 29.07.2025
Sherali Jo‘rayev oliy maktabi, Samarqandda 7 tonna palov va Buloqboshidagi ekologik fojia – mahalliy dayjest

23:47 / 28.07.2025
Ijro nazoratining kuchaytirilishi, Samarqanddagi «qo‘ziqorin uy», suvga cho‘kish fojialari – mahalliy dayjest

23:53 / 25.07.2025