Iqtisodiyot | 16:15 / 31.07.2025
2760
3 daqiqa o‘qiladi

Bir qator davlat banklarini sotish yana kechiktirildi

«O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirishning yakuniy bosqichi 2025−2026 yillarga, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank»niki esa 2026−2027 yillarga mo‘ljallanyapti. Shu bilan birga «Milliy bank», «Agrobank», «Xalq banki», «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» ustav kapitallaridagi davlat ulushini 2028 yilgacha sotish rejalashtirilmagan.

Foto: O‘zsanoatqurilishbank

Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonning 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyasini taqdim qildi.

Unda O‘zbekiston to‘rtta yirik davlat banki —«O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank»ni xususiylashtirish muddati yangilangan.

«O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirish 2025–2026 yillarga, qolgan uch bankniki esa 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan.

Xususiylashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda banklarni institutsional o‘zgartirish (faoliyatini transformatsiya qilish), ikkinchi bosqichda esa davlat aksiyalari paketini sotish nazarda tutilgan.

«Bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmini keng joriy qilish, bank xizmatlarining hududiy qamrovini ta’minlash maqsadida «Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bank» AJ, «Agrobank» ATB, «Xalq banki» AT, «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» ATB ustav kapitallaridagi davlat ulushini saqlab qolish maqsad qilingan», deyiladi hujjatda.

Ma’lumot uchun, mamlakatdagi ikkinchi yirik bank hisoblangan «O‘zsanoatqurilishbank»dagi barcha davlat ulushini 2022 yil oxirigacha, keyinchalik esa 2023 yil oxirigacha savdoga chiqarish rejalashtirilgandi. Shundan so‘ng 2024 yil oxirigacha xususiylashtirish orqali bankdagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirishga qaror qilindi, ammo bu amalga oshmadi.

Avvalroq «Asakabank» xususiylashtirish muddati 2023 yil oxiridan 2025 yil oxirigacha surilgani xabar qilingandi. «Asakabank» bugungi kunda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (88,22 foiz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (10,85 foiz), Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (0,73 foiz), «O‘zavtosanoat» (0,1 foiz), «O‘zagrosug‘urta» (0,08 foiz) va «O‘zbekinvest»ga (0,02 foiz) tegishli.

2025 yil 1 yanvargacha (avval 2023 yil 1 iyulgacha edi) fond birjasida «Aloqabank» uchun IPO o‘tkazish rejalashtirilgandi. Bu bankdagi ulushlar quyidagicha taqsimlangan: Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi — 61,8 foiz, «O‘zbektelekom» — 22,03 foiz, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi — 6,3 foiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi — 4,32 foiz, «Elektromagnit moslashuv markazi» DUK — 2,11 foiz, boshqalar — 3,44 foiz.

Joriy yilning yanvar oyida qabul qilingan prezident farmonida 2025 yilning yakunigacha yuqoridagi 3 ta bankni sotishni amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid