O‘zbekiston | 18:40 / 31.07.2025
4134
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi kutilmoqda

Bishkekda Qirg‘iziston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari uchrashib, bo‘lajak tashrifga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jyeenbek Kulubayev mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan o‘zbekistonlik hamkasbi Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg‘iziston TIV xabar berdi, deb yozdi 24.kg.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qo‘shma harakatlarning bosqichma-bosqich rejasida belgilangan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Tashrif sanasi xabarda keltirilmagan.

Shuningdek, tomonlar Qirg‘iziston-O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorligining barcha yo‘nalishlarini muhokama qildi, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdi, shuningdek, tegishli «yo‘l xaritasi»da o‘z aksini topgan ikki mamlakat davlat va hukumat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, MDH, ShHT, TDT va IHT doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi. Ushbu tuzilmalardagi hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikning asosiy elementi bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari asosiy mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi kelishildi.

Mavzuga oid