O‘zbekiston | 21:43 / 31.07.2025
3431
4 daqiqa o‘qiladi

Qamoq ehtiyot chorasini qo‘llashga doir iltimoslarning 95 foizi qanoatlantirildi – Oliy sud

O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarmida tergov-surishtiruv organlari 11 mingdan ortiq ayblanuvchini ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish haqida iltimosnoma kiritdi. Tergov sudyalari ushbu iltimosnomalarning 5,2 foizini rad qilgan. Shuningdek, ushbu davrda tergov sudyalariga tintuv o‘tkazish haqida 9,5 mingdan ortiq iltimosnomalar kelib tushgan.

Foto: TASS

O‘zbekistonda 2025 yil boshidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida fuqarolarning erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq protsessual qarorlarga sanksiya berish vakolati – alohida tashkil qilingan tergov sudyalariga o‘tkazildi. Shu bilan birga respublika bo‘ylab barcha tuman va shahar sudlarida 200 dan ortiq tergov sudyalari ish boshlagan. Ularga, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ham ko‘rib chiqish vakolati berilgan.

Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tergov sudyalari tomonidan 2025 yil yanvar-iyun oylarida 342 742 nafar shaxsga nisbatan 301 528 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish, 173 902 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bilan bog‘liq materiallar ko‘rib chiqilgan.

Shu bilan birga, tergov sudyalari o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri vakolatlari bo‘yicha, ushbu davrda sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha 24 ming 382 ta iltimosnoma ko‘rib chiqqan.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Kun.uz'ga tergov sudyalari ko‘rib chiqqan iltimosnomalarning turlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra iltimosnomalarning:

  • 11 676 tasi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash;
  • 9 544 tasi tintuv o‘tkazish;
  • 978 tasi pasportning amal qilishini to‘xtatib turish;
  • 962 tasi pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash;
  • 416 tasi mol-mulkni xatlash;
  • 414 tasi uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnomalar.

Oliy sudga ko‘ra, tergov sudyalari qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq ko‘rib chiqilgan iltimosnomalarning 5,2 foizini rad qilgan.

Bu – tergov-surishtiruv organlari tomonidan 11 ming 676 gumondor yoki ayblanuvchini ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish so‘ralgani, tergov sudyalari esa ularning 607 tasiga rad javobini berganini anglatadi. Qolgan 11 ming 69 ta holatda yoki 95 foiz holatlarda esa qamoqqa olishga ruxsat berilgan.

Ma’lum qilinishicha, rad qilish bilan bog‘liq 5,2 foizlik ko‘rsatkich 2017 yilda 0,4 foiz, 2020 yilda 1,6 foiz, 2023 yilda 2,6 foizni tashkil etgan.

O‘zbekistonda tergov sudyasi instituti joriy qilinishidan bir necha oy oldin – 2024 yil noyabr oyida Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov advokatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan edi. O‘shanda Oliy sud raisi qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi prokuror iltimosnomalari sudlar tomonidan ommaviy qanoatlantirilayotgani, sudyalar qat’iyatsizligi oqibatida izolyatorlar to‘lib ketganini aytgan. Islomov muammo yangi tergov hibsxonalarini qurish bilan hal qilinmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Keyinroq tergov sudyasi korpusi shakllantirildi. Qonun tashabbuskorlari O‘zbekiston uchun yangi bo‘lgan ushbu institut – tergov jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishini aytgan.

Kun.uz yil boshida tergov sudyasi Behzod Mo‘minov bilan suhbat o‘tkazib, bu institutning vazifasi va qanday ishlashini tushuntirib bergandi.

Mavzuga oid