Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroilga kelgan Trampning vakili, Xitoy Qozog‘istonda qurayotgan AESlar va Suriyani qo‘llashni boshlagan Rossiya – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh vakili Netanyahu bilan uchrashdi
AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff 31 iyul kuni Tel-Avivga keldi. U Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashib, G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralarini saqlab qolish va Isroilning hujumi sabab yuzaga kelgan gumanitar inqirozni hal etishga uringan.
Uitkoffning kelishidan biroz o‘tib, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: «G‘azodagi gumanitar inqirozni tugatishning eng tez yo‘li – HAMAS taslim bo‘lishi va garovdagilarni ozod qilishidir!»
Uitkoff Isroilga G‘azoga yordam cheklanishi sabab tobora kuchayib borayotgan xalqaro bosim ostida keldi.
Reuters'ning yozishicha, isroillik rasmiy «AQSh va Isroil o‘rtasida garovdagilarning hammasini ozod qilish, HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish zarur degan tushuncha shakllanayotganini aytgan. Rasmiy tafsilot berilmadi, biroq Isroil va AQSh yordamni oshirish ustida hamkorlik qilishini, janglar esa davom etishini aytdi.
Oq uy ma’lum qilishicha, Uitkoff, shuningdek juma kuni G‘azoga borib oziq-ovqat yetkazib berishni tekshiradi va yordamni tezlashtirish bo‘yicha yakuniy rejani ishlab chiqadi.
Tramp payshanba kuni muxbirlar savoliga javob berar ekan, G‘azodagi vaziyatni «dahshatli narsa» deb atadi. Respublikachi kongressmen Teylor Grin Isroilning hujumini genotsid deb atagan edi. Tramp esa:
«Ha, u yerda bo‘layotgan narsa dahshatli. Odamlar juda och qolgan,» dedi. Shuningdek, AQShning ochlikni yumshatish uchun ajratayotgan moliyaviy yordamini ham eslatib o‘tdi.
Rossiyaning hujumlari ortmoqda
Rossiya mudofaa vazirligi payshanba kuni Donbass markazidagi Chasiv Yar shahri egallangani haqida e’lon qildi. «Janubiy qo‘shinlar guruhining Kramatorsk-Drujkovsk yo‘nalishidagi hujum harakatlari natijasida Chasiv Yar shahri ozod qilindi», – deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.
Shu kuni Rossiya Z-kanallarida rus askarlari shaharning turli qismlarida bayroqlar o‘rnatayotgani aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ldi. Ukraina tomoni esa Rossiya harbiylarining Chasiv Yarni egallab olgani haqidagi da’volari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytmoqda. «Chasiv Yardagi vaziyat so‘nggi oylardagidan o‘zgargani yo‘q», – dedi «Xortitsa» qo‘shinlari guruhi rasmiysi Viktor Tregubov.
Ukrainaning DeepState OSINT loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari shaharning sharq va shimoldan katta qismini egallashga muvaffaq bo‘lgan, ammo g‘arbiy va janubi-g‘arbiy chekkalar Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.
Baxmut uchun janglar boshlangan 2022 yildan beri Chasiv Yar Ukraina qurolli kuchlarining asosiy logistika punkti bo‘lib, kuchli zarbalarga uchragan.
Bundan tashqari, Rossiya 31 iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga, asosan Kiyevga raketa va dronlar bilan navbatdagi yirik hujumni uyushtirdi. Rossiya armiyasi Ukrainaga jami 309 ta dron va sakkizta qanotli raketa uchirgan. Harbiylar beshta raketa to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga kelib urilganini tasdiqladi. 13 kishi, jumladan, olti yoshli bola halok bo‘lgan, 30 kishi kasalxonaga yotqizilgan, yana 97 kishiga ambulator yordam ko‘rsatilgan.
Kiyev shahri harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, poytaxtda 100 ga yaqin bino, jumladan, turar joy binolari, maktablar, bolalar bog‘chalari va universitet shikastlangan.
Qozog‘istonda AESlarni kim quradi?
Qozog‘istonda Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi respublikadagi birinchi Atom elektrostansiyasini Olmaota viloyati, Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘ida qurishni rejalashtirmoqda. Joriy yilda mas’ul davlat idoralari navbatdagi ikkita AES qayerda joylashishini e’lon qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istondagi ikkinchi va uchinchi atom elektr stansiyalarini Xitoy quradi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar ma’lum qildi.
«Hozir Atom energetikasi agentligi va «Elektricheskiye atomnyye stansii» korxonasidagi hamkasblarimiz dislokatsiya joylarini o‘rganmoqda. Stansiya yonida doimiy suv ta’minoti manbai bo‘lishi shart», dedi u.
Ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha konsorsium yetakchisi, katta ehtimol bilan, Xitoyning China National Nuclear Corporation kompaniyasi bo‘ladi. Mutaxassislar qurilishi mumkin bo‘lgan joy sifatida Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi Kurchatov shahrini ko‘rsatmoqda.
Qozog‘istonda uchta AES qurish zarurligi haqida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘tgan yili ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, respublikada yangi energetika tarmog‘ini yaratish strategik jihatdan muhim bo‘lib, bu uning «o‘nlab yillar davomida rivojlanishi uchun asos bo‘ladi». Buning uchun ikkita stansiya yetarli bo‘lmaydi va oxir-oqibat to‘liq yadroviy klasterni shakllantirish uchun uchinchisini qurish kerak bo‘ladi, degandi To‘qayev.
Kreml AQSh bilan yashirin muzokara olib bordi
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Fox News telekanaliga bergan intervyusida shu hafta Rossiya va Amerika tomonlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yashirin muzokaralar haqida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin muloqotda ishtirok etmagan, biroq unga Kremlning boshqa yuqori martabali vakillari jalb qilingan.
Amerika ma’muriyati, Rubio ta’kidlaganidek, Ukrainada tinchlik o‘rnatish yo‘llarini izlashda «ba’zi bir o‘zaro tushunish bo‘lishiga» umid qilgan, ammo oxir-oqibat «bu yo‘nalishda hech qanday yutuqqa erishib bo‘lmagan».
«Va aynan shu, menimcha, prezident Trampni eng ko‘p tashvishga solmoqda», dedi Davlat departamenti rahbari.
Avvalroq, AQSh prezidenti Rossiyaga Ukrainadagi urush bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tirish uchun 10 kun muhlat bergan edi. Ushbu muhlat 8 avgustda nihoyasiga yetadi.
AQShda yana bir F-35 halokati
30 iyul kuni AQSh dengiz flotining F-35C qiruvchi samolyoti Kaliforniyadagi «Lemoore» harbiy bazasi yaqinida qulab tushdi. Pilot katapulta orqali omon qoldi.
Tarmoqlarda tarqalgan videoda samolyot qulagan ochiq dala ustida alanga va qalin qora tutun qoplangani ko‘rinadi. Voqea joyiga shoshilinch tibbiy yordam va yong‘in xizmati yetib bordi. Hozirda halokat sabablari yuzasidan tekshiruv ketmoqda.
Taxminan 100 million dollar turadigan bu samolyotning qulashi shu yil ichidagi ikkinchi F-35 halokati bo‘ldi. Joriy yil yanvar oyida Alyaskadagi havo bazasida o‘quv parvozi paytida AQSh havo kuchlariga tegishli F-35 halokatga uchragan va o‘sha hodisada ham pilot omon qolgan edi.
F-35 – AQSh harbiy-havo kuchlarining asosiy tayanch qismlaridan biri bo‘lib, beshinchi avlod jangovar samolyoti va dunyodagi ilg‘or harbiy uchish apparatlaridan biri hisoblanadi.
Loked Martin tomonidan ishlab chiqarilgan bu samolyot radarlardan yashirinish va jangovar imkoniyatlari bilan yuqori baholanadi. Biroq so‘nggi yillarda F-35 texnik xizmat ko‘rsatish va jangovar shaylik bilan bog‘liq muammolar tufayli ko‘proq tanqidga uchramoqda.
Suriya delegatsiyasi Moskvada
Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboni Moskvaga kelib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashdi.
«Rossiya doim Suriyaning hududidan geosiyosiy raqobat yoki boshqa davlatlar to‘qnashuvlari uchun maydon sifatida foydalanishga qarshi bo‘lgan», dedi Lavrov uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida.
Shuningdek, Lavrov Suriya hukumatiga mamlakatdagi rossiyalik fuqarolar va Rossiya obektlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rgan choralar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboni esa Isroilni mamlakat ichki ishlariga aralashishni oqlash uchun «ozchilik kartasi»dan foydalanayotganlikda aybladi.
«Isroil Suriyadagi druzlar jamoasi orqali ichki ixtiloflarni kuchaytirishga harakat qilib, bu bilan Damashq butun xalqni himoya qila olmaydi, degan da’voni mustahkamlayapti», degan Suriya bosh diplomati.
Suriyaning SANA davlat agentligi xabariga ko‘ra, prezident Vladimir Putin Shayboni va uning hamroh delegatsiyasini Kremlda qabul qilgan, biroq uchrashuv tafsilotlari oshkor etilmagan.
Qo‘shma matbuot anjumanida Shayboni «Moskvaga bu safarimiz – o‘tmish saboqlari asosida kelajakni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan muloqotni boshlashdir», dedi.
Mavzuga oid

15:03
Yadroviy kemalarini harakatga keltirgan Tramp, «Oreshnik» bilan maqtangan Putin va Isroilga qurol embargosi – kun dayjesti

14:09 / 31.07.2025
Qurolsizlanishni rad qilgan Hizbulloh, Yevropada chiqish qilgan Matviyenko va AQShning bojlaridan qo‘rqmayotgan Xitoy – kun dayjesti

13:46 / 30.07.2025
G‘azoda boshlangan ocharchilik, Kamchatkada 8 balli zilzila va Falastinni tan olayotgan Yevropa – kun dayjesti

13:40 / 29.07.2025