Jamiyat | 11:17 / 01.08.2025
5843
8 daqiqa o‘qiladi

Ko‘cha o‘rtasiga panjara: bu qanchalik to‘g‘ri?

Toshkentda piyodalar yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tmasligi uchun ko‘cha o‘rtasiga temir panjaralar o‘rnatilmoqda. Buning uchun hozirgacha qariyb 8,4 mlrd so‘m ajratildi. Xo‘sh, shahar aholisi va mutaxassislar bunga nima deydi? Qarshilar ham, qo‘llovchilar ham bor, lekin ko‘pchilik bir fikrda yakdil: Toshkentga svetofor bilan jihozlangan piyodalar o‘tish joylari yetishmaydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov 21 iyul kungi qarori bilan, yo‘llar o‘rtasiga temir panjaralar o‘rnatish uchun yana 6,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratdi.

Qarorda bu panjaralar aynan qaysi tumanlarda, qaysi ko‘chalarda yoki qancha masofada o‘rnatilishi va boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Poytaxt rahbari avvalroq, 20 may kungi qarorida ham yo‘llar o‘rtasiga temir panjaralar o‘rnatish uchun qariyb 1,5 mlrd so‘m ajratgan edi. Bu mablag‘ evaziga 10 ta tuman hududida jami 5,6 km masofada yo‘llar o‘rtasi to‘silishi ko‘zda tutilgan. Eng ko‘p Olmazor tumanida 1 km, Yakkasaroyda 850 m, Chilonzorda 700 m, eng kami Sergelida esa 250 m, Yashnobodda 300 m masofada panjara o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 20 may kungi qarorda shahar bo‘ylab 42 ta joyda qavariq (yo‘l sathidan bo‘rtib chiqqan) piyodalar o‘tish joylarini tashkil etish uchun 588 mln so‘m ajratilgan.

Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, temir panjaralar va qavariq “zebra”lardan maqsad – piyodalar ishtirokidagi avtohalokatlarning oldini olish. Ammo, qavariq piyodalar o‘tish joylaridan farqli ravishda, temir panjaralar masalasida fikrlar xilma-xilligi ancha ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.

Kun.uz bu borada aholi vakillari va mutaxassislar fikriga quloq tutdi.

Shahar ko‘chalarida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda, respondentlarning ayrimlari ko‘chalar o‘rtasiga temir panjaralar qo‘yilishini qo‘llab-quvvatladi. Ular shu bilan piyodalar xavfsiz, haydovchilar ham xotirjam bo‘lishini aytmoqda. Lekin qarshi fikrlar salmog‘i ko‘proqdek. Xususan, ko‘plab vatandoshlar piyodalar o‘tish joylarini ko‘paytirish kerak deb hisoblaydi.

“Hamma joyni panjara qilish kerakmas, ora-orasini odamlar o‘tishi uchun ochib qo‘yish kerak-da. Ko‘p joylarda aylanib kelish juda uzoq yo‘l bosishni talab qiladi. Ippodrom yo‘lini ko‘rsangiz, odamlar panjaradan ham oshib o‘tadi”, – deydi suhbatdoshlardan biri.

“Bunaqa to‘siqlar avval ham qilingandi, lekin samara bermagani uchun olib tashlangan. Bu yechim bo‘la olmaydi”, – deydi boshqa bir hamshahar.

Bir nechta respondent aynan tugmali svetoforlar bilan jihozlangan piyodalar o‘tish joylarini ko‘paytirishga chaqirdi. So‘rovda, shuningdek, haydovchilar va piyodalarning yo‘lda harakatlanish madaniyatini oshirishga chaqirganlar ham bo‘ldi.

Piyodalarning belgilanmagan joylardan o‘tishini cheklash uchun yo‘llar o‘rtasiga to‘siq o‘rnatish bo‘yicha avvalgi tajribalarni Kun.uz bilan suhbatda shaharsoz Temur Ahmedov ham esga oldi.

“Panjara qo‘yildi, buzildi. Xalq puli isrof bo‘lgandi, desak ham bo‘ladi, u paytda shaharning bosh rejasi yo‘q edi.

Odamlarga har kuni ko‘rinadigan narsa qilganda, odamlar tushunishi kerak: nima uchun bu qilinyapti? Agar bu kattaroq rejaning bir qismi, 25-30 yilga o‘ylangan reja bo‘lsa, shuni odamlarga to‘g‘ri yetkazib berish kerak”, – deydi u.

Shaharsozga ko‘ra, faqat cheklash bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi.

“Odam bekordan bekorga ko‘chaning narigi tomoniga o‘tmaydi. Do‘konga borishi yoki bekatga o‘tishi kerak. Demak, unga o‘tishga imkoniyatlar yaratib berish kerak, qulay bo‘lishi kerak. Odamlar doim qulaylik qidiradi.

Shaharshunoslikda dizaynning markazida inson turishi kerak, degan yondashuv bor. Masalan, Oqtepa chorrahasida piyodalar yer usti ko‘prigi qilingan, lekin odamlar uning tagidan yugurib o‘tadi. Bugun mana, bitta odam qoqildi, vaqtida turdi, ulgurdi, chunki mashina uzoqda edi. Odamlarga eng qulayi – asfalt yuzasidan o‘tish, chunki 3-qavatga chiqish, pastga tushish noqulay. U yerda lift yoki eskalator yo‘q. Oddiygina “zebra” tashkil qilib, svetofor qo‘yib bersangiz bas, odamlar o‘taverdi.

Panjaraning asosiy vazifasi – odamlarga noqulaylik yaratish. Noto‘g‘ri ishni qilishga noqulaylik yaratish bilan birga, to‘g‘ri yo‘l tutishga qulaylik yaratishingiz ham kerak. Faqat bitta tomonini qilsangiz, u yechim bo‘lmaydi. Masalan, O‘rikzor bozori qarshisida odamlar hatto qo‘lida yuki bilan ham ko‘chadan yugurib o‘tishga harakat qiladi. U yerga panjara qo‘yishdi, olib tashlashdi, yana qo‘yishdi; odamlar panjarada teshiklar ham qilib oldi. Chunki u yerda faqat bitta yerosti o‘tish joyi bor. U o‘tish joyi qulay bo‘lgani bilan, u bitta, shuning uchun uzoqlik qiladi.

Yoki “Riviera” savdo markazining qarshisidagi yo‘l. Ko‘chaning narigi tomonida juda ko‘p aholi yashaydi. Ular yo‘ldan o‘tish uchun svetoforgacha yurib borib, aylanib kelishi kerak. Odamlarning ko‘pi belgilanmagan joydan, savdo markazining ro‘parasidan shunchaki yugurib o‘tadi. Men ham yugurib o‘tganman. Chunki noqulay, siz 400 metr nariga borishingiz kerak”, – deydi Temur Ahmedov.

O‘zbekiston Yo‘l harakati xavfsizligi jamiyati raisi Sharofiddin Hamzayevning so‘zlariga ko‘ra, temir panjaralar o‘rganishlar asosida faqat ayrim uchastkalarda qo‘llanilsa, foydali bo‘lishi mumkin.

“Ayrim ko‘chalarga kerak, lekin ayrimlariga kerak emas. Qarorda esa panjaralar qayerlarga o‘rnatilishi, o‘zi qanaqa panjara bo‘lishi keltirilmagan. Bu narsalar ham ochiqlansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi”, – deydi Hamzayev.

Mutaxassis Beruniy va Nurafshon ko‘chalarini misol qilib keltirib, aholi gavjumligiga qaramay, bu ko‘chalarda piyodalar o‘tish joylari bir-biridan haddan tashqari uzoqligini aytdi.

“Nurafshon ko‘chasida yo‘l o‘rtasiga to‘siq o‘rnatilgan. Undan oldin baxtsiz hodisalar ko‘p bo‘lgan. Lekin bunday olib qarasak, piyodalar o‘tish joyi bir-biridan uzoq”, – deydi Sharofiddin Hamzayev.

Eslatib o‘tamiz, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida aholi murojaatlarini qabul qilish uchun elektron portal ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu portalda aholi qayerga belgi, chiziq, piyoda yo‘lagi va svetofor kerakligi borasida taklif kiritishi, kiritilgan takliflarga ovoz berishi, qilingan ishlarning foto-videolarini ko‘rib, baho berishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid