O‘zbekiston | 08:20 / 01.08.2025
657
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston universitetlari saudiyalik yoshlar uchun grantlar ajratishi mumkin 

O‘zbekiston bosh konsuli Sirojiddin Shamsuddinov Saudiya Arabistoni Ta’lim vazirligining Jidda bo‘limi bosh kotibi Manal binti Muborak bilan uchrashdi.

Foto: Dunyo

Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqotlar markazi, Toshkent xalqaro islom akademiyasi va davlat rahbari tashabbusi bilan poytaxtda barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi ma’rifiy maskanlar faoliyati qayd etildi. Shuningdek, Bosh konsulxona huzurida "O‘zbek tilini o‘rgatish markazi"ni ochish taklifi bildirildi.

Saudiya Arabistoni Ta’lim vazirligining Jidda bo‘limi bosh kotibi o‘z navbatida, mazkur tashabbusni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Bosh kotib Manal binti Muborakning aytishicha, Saudiya Arabistoni O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasining beshigi sifatidagi o‘rnidan kelib chiqib, mamlakat bilan hunarmandchilik, amaliy san’ati buyumlarini yasash, xattotlik, yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura san’ati, kashtachilik va gilam to‘qish sohalarida hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor.

"Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik doirasida Saudiya yoshlari va murabbiylari uchun O‘zbekistonga qisqa muddatli o‘quv kurslari va master-klasslar tashkil etishni taklif qilamiz", – dedi u.

Muloqot chog‘ida, shuningdek, Jidda, Makka va Madinadagi oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston fuqarolari uchun, O‘zbekistonning tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va muhandislik yo‘nalishlaridagi universitetlarida saudiyalik yoshlar uchun grantlar ajratish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid