Jahon | 22:55 / 02.08.2025
1192
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ma’qullamasdan ta’tilga chiqmoqda

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi AQSh Senatida qabul qilinmadi. Endi Tramp ushbu sanksiyalar haqida mustaqil qaror chiqarishi kerak.

Foto: AP

AQSh Senati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilmasdan yozgi ta’tilga ketmoqchi. Shu tariqa, AQSh prezidenti Donald Trampga Rossiyaga qarshi va’da qilingan sanksiyalarni joriy etish yoki qilmaslik masalasini mustaqil hal qilish uchun mutlaq huquq beriladi. Bu haqda The Hill xabar berdi.

Yaqinda Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish muddatini 10-12 kungacha qisqartirishini ma’lum qilgandi. Nashrning qayd etishicha, agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin sulhga rozi bo‘lmasa, bu muddat 8 avgustda tugashi kerak.

Shuningdek, yangi bojlardan nafaqat Rossiya, balki undan neft sotib oluvchi davlatlar ham zarar ko‘rishi mumkin. Nashrning ta’kidlashicha, ogohlantirish sifatida Oq uy rahbari Rossiya energiya manbalarining asosiy importchilaridan biri bo‘lgan Hindistonga qarshi 25 foizlik tariflar joriy etilishini e’lon qilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, qonun loyihasida ikkilamchi bojlarni 500 foiz miqdorida joriy etish taklif qilingan edi.

Ta’kidlanishicha, senatorlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash tarafdori bo‘lib, qonun loyihasi ular bir oylik ta’tilga ketishidan oldin qabul qilinishini xohlagan bo‘lsa-da, hech bo‘lmaganda yoz oxirigacha Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashning maqsadga muvofiqligi haqidagi qaror endi to‘liq Trampning qo‘lida qolmoqda.

Nashrning ta’kidlashicha, demokratlar Tramp Putinni jazolashiga shubha bilan qaramoqda, garchi u Kreml rahbarining sulhga rozi bo‘lishni istamasligidan tobora ko‘proq hafsalasi pir bo‘lsa-da.

Respublikachilar partiyasi senatori Lindsi Grem bilan birgalikda sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasining hammuallifi bo‘lgan demokrat senator Richard Blyumental agar Tramp hujjatda taklif qilingan cheklovlarning beshdan bir qismini joriy qilsa ham buni g‘alaba deb hisoblashini aytdi.

Mavzuga oid