Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muammolar girdobidagi qurilish sektori. Senat Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yubordi
O‘zbekistonda qurilish sektori bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligicha qolyapti. Senator Erkin Gadoyev taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmagan, aniq hisob-kitobi yo‘q loyihalarga tashqi qarz jalb qilish holatlari kuzatilgan. Shuningdek, 2024 yil va 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida ko‘p kvartirali uylarning texnik holati bilan bog‘liq 8 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari sodir etilgan.

Foto: Kun.uz
2 avgust kuni o‘tkazilgan Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Senator Erkin Gadoyevning ma’lum qilishicha, ayrim hududlardagi infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solishda sohaga oid qonun hujjatlariga to‘la rioya qilinmasligi, noqonuniy, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilayotgan qurilishlar va umumiy foydalanish joylarini to‘sib olish kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar talab darajasida emas.
Shuningdek, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarda qurilish ishlarini boshlashgacha bo‘lgan tayyorgarlik jarayonida texnik-iqtisodiy asoslarni tasdiqlash va moliyalashtirish shartlarini kelishishdagi kechikish holatlari qurilish ishlarining belgilangan muddatlarda boshlanishiga to‘sqinlik qilyapti.
Ta’kidlanishicha, texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmagan, aniq hisob-kitobi yo‘q loyihalarga tashqi qarz jalb qilish holatlari mavjud.
Xususan, tibbiyot sohasini rivojlantirish maqsadida jalb qilingan umumiy qiymati 300 mln dollarga teng 3 ta loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmagani sababli xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan bir yil va undan ortiq muddatdan beri foydalanilmasdan kelinmoqda.
Masalan, 2024 yil maydagi qarz bitimiga asosan Toshkent shahrida 120 o‘quv o‘rniga ega bo‘lgan qiymati 70 mln dollarlik tibbiyot oliy ta’lim maskanini barpo etish loyihalari bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos hanuzgacha ishlab chiqilmagan.
Shuningdek, 2024 yil va 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida ko‘p kvartirali uylarning texnik holati bilan bog‘liq 8 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlari sodir etilgan. Shundan, 431 ta tayanch konstruksiyalar, 2,6 mingta to‘siq konstruksiyalar buzilgan, 3,3 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylarga tutash maydonlarda noqonuniy qurilmalar qurilgan, 1,8 mingdan ortiq umumiy foydalanishdagi joylar o‘zboshimchalik bilan to‘sib olingan.
Qurilish tashkilotlari tomonidan belgilangan qonun va qoidalarga rioya etilmagani oqibatida 2024 yil va 2025 yilning o‘tgan davri davomida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki boshqa qurilmalarni buzishga doir fuqarolik sudlarida ko‘rilgan 11 mingdan ortiq ishdan 8,3 mingtasi (75 foizi) qanoatlantirilib, noqonuniy qurilmalarni buzish to‘g‘risida sud qarorlari chiqarilgan.
2023−2024 yillarda ko‘p kvartirali uylar qurilishida loyiha hujjatlarini ishlab chiqishdan tortib foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlarda 5,5 mingta holatda qonunchilik talablari buzilgan.
Jumladan, 102 ta ko‘p kvartirali uy qurilishida sifatsiz va loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan markadan past mustahkamlikdagi beton materiallari ishlatilgan.
Ko‘p kvartirali uylarga 139 ta holatda lift o‘rnatishga oid qonun hujjatlari talablari bajarilmagan.
Bundan tashqari, qurilishi yakunlanmagan hamda shaharsozlik norma va qoidalariga zid qurilgan 74 ta obekt Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan foydalanishga qabul qilingan. Masalan, Toshkent shahri Yashnobod tumani Parkent ko‘chasidagi 9 qavatli 182-ko‘p kvartirali uy “First Development Group ” MChJ tomonidan o‘ta sifatsiz qurilgan bo‘lsa-da, foydalanishga qabul qilingan. Oqibatda xonadon sotib olgan 102 nafar fuqaroning hayoti xavf ostida qolib, ularning haqli e’tiroz bilan mas’ul idoralarga murojaat qilishlariga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, II va undan yuqori toifadagi obektlar qurilishida beton quyish jarayonida mahsulotning sifatliligini tekshirishga laboratoriya mutaxassisi jalb qilgan holda sinov namunasini olish uchun pudratchi, texnik nazoratchi va pudratchi ichki nazoratchisining majburiyatlari aniq belgilanmagan.
Arxitektura-shaharsozlik kengashlarining faoliyat yuritish tartibi to‘liq elektron tizimga o‘tkazilmagani sababli 185 ta holatda obektlarning loyiha hujjatlariga chegaralar va muhofaza hududlari, «yashil hudud», avtoturargoh va bolalar maydoni tashkil etishga oid talablar hisobga olinmasdan ijobiy xulosa berilgan.
Qurilish obektiga ta’minotchi tashkilotlar tomonidan yetkazib berilgan qurilish materiallarining sifati va talabga javob berishi pudratchi tashkilot tomonidan o‘rganilmayapti.
Masalan, qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan obektlarda 402 ta holatda pudratchining ichki nazorati olib borilmagan. Oqibatda 223 ta holatda fasad va obodonlashtirish ishlari, 181 ta holatda ichki devor va pardozlash ishlari sifatsiz bajarilgan, 277 ta holatda bino poydevori, kolonnalarni armatura bilan bog‘lash hamda tom-yog‘och konstruksiyalari loyiha hujjatlari buzilgan holda bajarilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan yuborilayotgan ushbu parlament so‘rovining asosiy yo‘nalishlari sifatida:
Birinchidan, aholi punktlarining bosh reja hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirish.
Ikkinchidan, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarni jadallashtirish hamda ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish choralarini ko‘rish.
Uchinchidan, 2025 yilgi investitsiya dasturi doirasida ijrosi tarmoq jadvalidan ortda qolayotgan ayrim loyihalar bo‘yicha kechikish sabablarini tahlil etish hamda ularning o‘z vaqtida va sifatli topshirilishini ta’minlash.
To‘rtinchidan, noqonuniy qurilishlar, shuningdek, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarda o‘zboshimcha qurilishlar va umumiy foydalanish joylarini to‘sib olish kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Beshinchidan, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solishda sohaga oid qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash.
Oltinchidan, qurilish-ta’mirlash ishlarida sifatli materiallardan foydalanilishi yuzasidan nazoratni tashkil etishda davlat nazoratchisi bilan birga pudrat tashkilotining ham vazifalari, majburiyatlari va javobgarligini belgilash.
Yettinchidan, hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashlari tomonidan obektlarning loyiha hujjatlariga chegaralar va muhofaza hududlari, «yashil hudud», avtoturargoh va bolalar maydoni tashkil etishga oid talablarga zid ravishda ijobiy xulosa berilishining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu borada ularning mas’uliyatini kuchaytirish.
Sakkizinchidan, arxitektura-shaharsozlik kengashlarining faoliyatini to‘liq elektron tizimga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash.
To‘qqizinchidan, qurilish obektiga ta’minotchi tashkilotlar tomonidan yetkazib berilgan qurilish materiallarining sifat nazorati va talab darajasining pudratchi tashkilot tomonidan o‘rganilishi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar va yuqorida qayd etilgan boshqa masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘rovi qo‘yilmoqda.
Muhokama yakunida ushbu maqsadda Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid

19:07 / 02.08.2025
O‘zbekiston Xalqaro metrik konvensiyaga qo‘shilmoqchi. Bu nima beradi?

23:00 / 01.08.2025
Voyaga yetmagan shaxs «sudlanmagan» deb hisoblanishi belgilanmoqda

14:13 / 30.07.2025
Toshkentda o‘nlab ko‘p qavatli uylar qurilishi to‘xtatildi: ro‘yxat (yangilandi)

11:37 / 30.07.2025