O‘zbekiston | 20:29 / 02.08.2025
2590
3 daqiqa o‘qiladi

Organ xodimlarining talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari, shuningdek, jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarayotgan boshqa shaxslarning qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun jarima miqdori 1–12 BHMdan 5–12 BHMgacha oshirildi. Bir yil ichida takroriy sodir etilgan xuddi shunday huquqbuzarlik uchun 12–15 BHM yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi o‘rniga, bundan buyon 12–30 BHM yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi tayinlanadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlarining talablariga bo‘ysunmaganlik uchun jarimalar miqdori oshirildi. Tegishli qonun 31 iyul kuni prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonunga ko‘ra, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik (MJtKning 194- va 194-1-moddalari) uchun jarimaning minimal miqdori 2025 yil 1 avgustdan e’tiboran 5 barobarga oshirildi.

Bunga qadar ushbu huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 12 baravarigacha (412 ming so‘mdan 4 mln 944 ming so‘mgacha) jarima qo‘llangan bo‘lsa, endilikda jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 12 baravarigacha (412 ming so‘mdan 4 mln 944 ming so‘mgacha) deb belgilandi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan holatlar uchun ham sanksiya qat’iylashtirildi. Avval bunday holatlarda bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravaridan 15 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazolari qo‘llangan bo‘lsa, 1 avgustdan e’tiboran BHMning 12 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi beriladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, ichki ishlar yoki milliy gvardiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik deganda, quyidagilar tushuniladi:

  • huquqbuzarlikni to‘xtatish to‘g‘risidagi qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik;
  • hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish to‘g‘risidagi qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik;
  • organga borish yoki ko‘rsatilgan muddatda organda bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarni uzrli sabablarsiz bajarmaslik;
  • transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talablarni bajarmaslik;
  • jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish haqidagi qonuniy talablarni bajarmaslik;
  • xodimning qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo‘ysunmaslik.

Shuningdek, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash vazifalarini amalga oshirayotgan boshqa shaxslarning qonuniy talablarini bajarmaslik ham yuqorida keltirilgan ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid