O‘zbekiston | 07:44 / 02.08.2025
1051
2 daqiqa o‘qiladi

Yer qa’ridan foydalanishda davlat tomonidan tartibga solish qoidalari o‘zgardi

Vazirlar Mahkamasining “Yer qa’ri davlat fondi ma’lumotlarini yuritish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat geologik o‘rganish va davlat monitoringi sohasida shaffoflik va samaradorlikni oshirish maqsadida raqamli instrumentlar va yagona hisob yuritish tartiblarini joriy etish maqsadida qabul qilindi.

Qarorga muvofiq:

  • yer qa’ridan foydalanish ma’lumotlarini yuritish Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Yer qa’ridan foydalanish markazi tomonidan amalga oshiriladi;
  • yer qa’ri boyliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga geologik axborot, kadastr va o‘rganish natijalari kiradi.

Barcha ma’lumotlar “Geomonitoring” axborot tizimiga kiritiladi, u idoralararo integratsiya va real vaqt rejimida ma’lumot almashishni ta’minlaydi.

Shuningdek, quyidagilar belgilandi:

  • davlat va xususiy sektorlar geologik ishlarini “Geomonitoring” orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi shart;
  • tadqiqot parametrlari, uchastkalar yoki tashkilotlarda o‘zgarish yuz bersa, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab etiladi.

Yer qa’ridan foydalanish uchun litsenziyasi mavjud foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha geologik tadqiqotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilgan.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • yer qa’ri davlat fondi kadastrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish bo‘yicha ishlarni davlat hisobiga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • yer qa’ri ma’lumotlarini “Geomonitoring” orqali soliq tizimi bilan integratsiya qilish;
  • geologik ishlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi, qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi va to‘xtatilishi onlayn rejimda amalga oshirilishi tartibi.

Mavzuga oid