Jahon | 15:37
6283
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasida axborot urushi davom etmoqda

TASS Qorabog‘ markazini Xonkandi emas, Stepanakert deb atashda davom etdi. Bunga javoban Ozarboyjonda Kaliningradni Kenigsberg deb atashga o‘tishdi.

Foto: Aziz Karimov / Getty Images

Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi Qorabog‘ning ma’muriy markazini Stepanakert deb atashi ortidan Ozarboyjondagi Minval nashri o‘z materiallarida Rossiyadagi joy nomlarini o‘zgartira boshladi. Shahar SSSR davrida hamda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ tarkibida bo‘lganida shunday atalgan. Hozirda esa uning nomi Xonkandi hisoblanadi.

Shaharning tarixiy nomi Xonkandi bo‘lib, bu joydagi aholi yashash manzili kamida XVIII asrdan buyon shunday nomlab kelingan. 1923 yilda endigina tashkil etilgan Ozarboyjon SSR hukumati shaharni armanistonlik inqilobchi, Boku kommunasi rahbari Stepan Shaumyan sharafiga Stepanakert deb qayta nomlagan. 1991 yilda SSSR tarkibidan chiqqanini e’lon qilgan Ozarboyjon hukumati Xonkandiga asl nomini qaytaradi. Ammo o‘sha vaqtda bu qaror faqat rasmiy edi: shahar amalda 2023 yilga qadar tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tarkibida qoldi va armanlar Stepanakert nomidan foydalanishda davom etishdi.

TASS agentligi 31 iyul kuni shaharda Ivan Ayvazovskiyning haykali buzib tashlanishi haqida xabar berdi. Ayvazovskiyning millati arman bo‘lib, tug‘ilgandagi ismi-sharifi Ovannes Ayvazyan bo‘lgan. Unga haykal 2021 yil dekabrida, hudud tan olinmagan Tog‘liq Qorabog‘ respublikasi tomonidan nazorat qilingan davrda qo‘yilgan hamda uning ochilishida o‘shanda regionda harakatlangan rossiyalik tinchlikparvar kuchlar qatnashgan. TASS xabarida shahar Stepanakert deb atalgan.

O‘sha kuni kechqurun Ozarboyjon TIV TASS agentligidan uzr so‘rashni talab qilib, davlat agentligi tomonidan Stepanakert nomidan foydalanish «Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini hurmat qilmaslik va haqorat sifatida hisoblanishini»ni ta’kidladi.

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi agar «sobiq ayirmachi qo‘g‘irchoq rejim tomonidan qabul qilingan nomlar» ishlatilsa, Boku «Rossiyadagi turli toponimlarni ularning tarixiy nomlari bilan atash» huquqini o‘zida saqlab qolishi bilan tahdid qildi.

Ko‘p o‘tmay, Ozarboyjonning Minval nashri Rossiyaga oid bir necha xabarlar e’lon qildi, ularda Kaliningrad – Kenigsberg, Orenburg – Orinbor, Volga – Itil deb tilga olingan.

Davlat dumasining MDH ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Konstantin Zatulin bunga javoban Ozarboyjon Qorabog‘ ustidan nazoratni qaytarib olgach, «Rossiya bilan hisoblashmaslikka qaror qilgani»ni aytdi. Deputat fikricha, Boku ongli ravishda Moskva bilan munosabatlarni keskinlashtirmoqda. Zatulin Ozarboyjondagilarning o‘zi ham ilgari shaharni Stepanakert deb ataganini eslatgan.

«Shuni unutmaslik kerakki, Ozarboyjon hech qachon Rossiyaning mintaqadagi ittifoqchisi bo‘lmagan, uning xatti-harakatlari ambitsiyalar va ahmoqlik aralashmasidir», dedi Zatulin va Boku «Rossiyadan uzr so‘rashini kutmasligi kerakligi»ni ta’kidladi.

Shu bilan birga, TASS o‘z xabarini tahrir qildi. Avvaliga sarlavhadagi «Stepanakertda» iborasi «Tog‘li Qorabog‘da», keyin esa «Qorabog‘da» (Ozarboyjon hududni rasman shunday ataydi) iborasi bilan almashtirildi.

Rossiya va Ozarboyjon munosabatlari so‘nggi bir yil ichida keskin yomonlashdi. 2024 yil dekabr oyida Rossiya havo mudofaa kuchlari xatolik tufayli Bokudan Grozniyga uchayotgan AZAL aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyotiga zarba bergandi. Raketa urilishidan keyin layner Qozog‘istonning Oqtov shahriga qo‘nishga majbur bo‘ladi, hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘ladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan suhbatda «fojiali hodisa» uchun uzr so‘radi, biroq samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilganini ochiqchasiga tan olmadi.

Minval nashri aviahalokat bo‘yicha tergov qanday ketayotgani haqida batafsil ma’lumot berdi. 1 iyul kuni nashrrda AZAL samolyotini urib tushirishga xatolik bilan buyruq bergan rossiyalik harbiy xizmatchining izohi e’lon qilindi: nashr tushuntirish xati fotosuratini, shuningdek, rus harbiylari o‘rtasidagi muloqotdan parchani havola qildi, u xat mazmunini tasdiqlaydi. Minval jurnalistlari hujjat haqiqiyligiga ishonchi komil emasligini ta’kidlagan, biroq u qanday qilib tahririyatga kelib tushganiga hech qanday izoh bermagan.

Iyul oyi oxirida Minval samolyotga hujum qilish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq bergan generalning ismini, yana bir necha kundan keyin esa o‘qqa tutish paytida jangovar navbatchilikda bo‘lgan rossiyalik harbiylarning familiyalarini ma’lum qildi. Nashr bu safar ham ma’lumotni qayerdan olganini ochiqlamadi.

Iyun oyi oxirida Yekaterinburgda Ozarboyjon diasporasidan bo‘lgan odamlar qo‘lga olindi, ikki kishi halok bo‘ldi. Bunga javoban Ozarboyjon hukumati Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari filiallari xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining bir necha fuqarosini hibsga olib, ularni «Uyushgan jinoiy guruh a’zolari» deb e’lon qildi. Rasmiy e’lon qilingan videoga ko‘ra, qo‘lga olinganlar kaltaklangan. Shundan so‘ng Rossiyada ozarboyjonlarni ta’qib qilish davom etdi – xususan, 30 iyul kuni Ichki ishlar vazirligi Uraldagi Ozarboyjon diasporasi rahbari Shaxin Shixlinskiyga qidiruv e’lon qildi.

Mavzuga oid