Jahon | 17:30
2052
13 daqiqa o‘qiladi

“HAMAS G‘arb talab qilgan demokratik saylov yo‘li bilan hokimiyatga kelgan edi” – siyosatshunos

Trampning maxsus vakili G‘azoga kelganini ekspertlar jiddiy qabul qilmadi. Fransiya, Britaniya va Kanada Falastinni tan olish tomon qadam tashlayotgan bo‘lsa-da, kollektiv G‘arb o‘zi yaratgan inson huquqlari atalmish fundamental prinsip himoyasida tura olmayapti. “Geosiyosat”da tahlilchilar G‘azo atrofidagi hozirgi global shart-sharoitlar va HAMASga qo‘yilgan qurolsizlanish talabini muhokama qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning G‘azoga safari, bo‘lgadagi vaziyatni o‘zgartira oladimi?

Kamoliddin Rabbimov: Bu yerda geosiyosiy kontekst mavjud. Ya’ni bugungi kunda G‘arb davlatlarining tafakkuri Isroil borasida to‘liq ikkiga bo‘lingan. Fransiya, Kanada va Buyuk Britaniya sentabr oyida Falastin davlatchiligini 1967 yilgi chegaralarda tan olmoqchi. Bu vaziyatda AQSh nima qilishni bilmaydi. Amerika – Isroilning yagona, oxirgi, asosiy homiysi va himoyachisi. Hozircha rasmiy Vashingtonning pozitsiyasi Isroil tarafida turibdi.

Shunday bo‘lsa-da, bugungi kundagi AQSh jamoatchilik fikri ham Falastin bo‘yicha to‘liq o‘zgargan. Sababi ayni vaqtda Amerikadagi eng katta ijtimoiy tarmoq – bu TikTok. TikTok foydalanuvchilari orasida, ayniqsa 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qatlamida Isroilga nisbatan tanqidiy munosabat yuqori – taxminan 70 foizga yaqini unga qarshi fikr bildiradi. Bu – fundamental o‘zgarish.

Nima uchun Amerika yoki Tramp TikTok'ni sotib olish yoki nazorat qilish to‘g‘risida juda ham ko‘p gapiryapti? Chunki jamoatchilik fikrini fundamental o‘zgartirgan masala shu.

Isroilning G‘azodagi operatsiyasi haddan tashqari cho‘zilib ketdi va G‘arb endi ko‘z yuma olmayapti.

Bir qancha davlatlar Falastinni tan olishi fonida, Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zining ma’naviy pozitsiyasini yo‘qotib bo‘ldi. Chunki Isroil mislsiz genotsid qilyapti, insoniyatga qarshi jinoyat qilyapti va uni yagona, muttasil, barqaror qo‘llab-quvvatlab kelayotgan yagona davlat – bu Amerika Qo‘shma Shtatlari. AQSh bugungi kunda bir tomondan Isroilni himoya qilyapti, ikkinchi tomondan esa bo‘layotgan genotsidni inkor qila olmayapti. Donald Trampga G‘azodagi bolalar o‘limlari haqida so‘ralganida, u rostdan ham bu juda dahshatli, deb javob beryapti. Lekin shu bilan birga, HAMASni mukofotlashimiz kerak emas, deyilyapti.

G‘arb davlatlari va ba’zi arab davlatlari HAMASdan qurollarni tashlashni so‘rayapti. Agar shunday bo‘lsa, Falastin davlati tuzilishi va hududda tinchlik bo‘lishiga kafolat bormi?

Bektosh Berdiyev: Bu yerda Saudiya Arabistoni masalasini gapirib o‘tishimiz kerak. Parij va Ar-Riyodning tashabbusi bilan 28–29 iyul kunlari Nyu Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida “Falastin masalasida tinchlik va ikki davlat yechimi” nomli oliy darajali xalqaro konferetsiya o‘tkazildi. Bu Saudiya Arabistonining dunyo siyosatidagi obro‘yi, nufuzi ortib borayotganini ko‘rsatdi. Saudiyaning bu tashabbusini katta diplomatik marsh sifatida baholashimiz mumkin, chunki shu paytgacha Saudiya Arabistoni AQShning pozitsiyasiga keskin qarshi bora olmagan. Konserensiya esa AQSh hududida, Nyu Yorkda bo‘lib o‘tdi.

Falastinni tan olish – HAMASga sovg‘a, deyish bilan Isroil va AQSh dunyo afkor ommasining ongini chalg‘itmoqchi bo‘lyapti.

HAMAS esa, Falastin davlati tuzilishiga yaqin turganda, oxiriga kelib, bizni o‘yindan chiqarishmoqchi deb hisoblayapti. Falastin davlati tuzilishida bizning hissamiz katta, ordenni esa boshqalar ilib ketmoqchi, degan fikrda. Shuning uchun ham avval Falastin davlati tashkil topsin, undan keyin biz qurolni tashlaymiz, degan bayonot berdi.

HAMASni qurolni tashlashga majbur qilayotgan davlatlar asosan Qatar, Saudiya Arabistoni va Misr.

Jahongir Akramov: Hozirgi holatda HAMAS qurolni tashlasa ham, Falastin davlati qurilishiga kafolat berilmasligi ehtimoli yuqori.

Ikkinchidan, agar HAMAS tashkiloti qurolini tashlasa, G‘azodagi siyosiy boshqaruv kimning nazorati ostiga o‘tadi, degan savol ochiq turibdi. Hozir asosiy variantlardan biri – Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin ozodlik tashkiloti. Lekin Abbos hokimiyatining g‘arbiy sohildagi boshqaruvi ham ancha cheklangan.

G‘azoliklar Abbos ma’muriyatini yordam bermaganlikda ayblayapti. Mohiyatan, Falastin xalqi ikki qismga bo‘linib qolgan: g‘azoliklar va g‘arbiy sohilliklar. Mahmud Abbos 90 yoshga yaqinlashib qolgan, siyosiy obro‘si va legitimligi judayam past.

Shu bilan birga, Falastinda “ikki davlat” tamoyili tarafdori bo‘lgan yirik siyosiy kuchning vujudga kelishiga Isroilning o‘zi yo‘l qo‘ymay keldi. Falastin ozodlik tashkilotining avvalgi yetakchilaridan biri Marvoniy HAMAS va FATHni birlashtirish hamda “ikki davlat” tarafdori edi, lekin u 22 yildan beri Isroil qamog‘ida. Orada, G‘arb tomonidan bosib bo‘lganida, 2013-2014 yillarda Isroil HAMASning yetakchilarini, ya’ni Isroilni yo‘q qilish tarafdorlarini qamoqdan ozod qilgan. Lekin Falastin bilan birga Isroil ham mavjud bo‘lishi tarafdorlarini qamoqdan chiqarmayapti.

Bugungi kunda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha G‘arbda kuchaygan harakatlarning asosiy maqsadi – G‘azodagi genotsidni to‘xtatish. Lekin Falastin davlatining tan olinishi bilan, u amalda tashkil topishi o‘rtasida katta vaqt o‘tadi, deb o‘ylayman. Real natijaga erishish uchun uzoq va murakkab siyosiy harakatlar talab etiladi. Chunki 1967 yilgi chegaralarga qaytish uchun 800 mingdan ortiq yahudiy ko‘chmanchilarni ko‘chirib yuborish kerak bo‘ladi. Buning real imkoniyati kam.

Shu bois, hozirgi bosim ko‘proq ramziy va signal xarakterga ega. “Hozircha tan olamiz, to‘xtamasang keyingi qadamlarni tashlaymiz”, degan ma’noda. Masalan, Yevropa Ittifoqida Sloveniya birinchi bo‘lib Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu pretsedent bo‘lib, boshqa davlatlar uchun yo‘l ochadi.

Isroilning xalqaro sahnadagi asosiy tayanchi – G‘arb bilan tuzilgan ittifoqchilik va ilmiy loyihalardagi (masalan, “Horizon Europe”) ishtirokdir. G‘arb bu imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilishi mumkinligi bilan Isroilga bosim o‘tkazmoqda. Biroq G‘arb hozir bir butun emas, AQSh alohida pozitsiyada, Yevropa tobora mustaqilroq harakat qilmoqda.

Fransiya, Britaniya va Kanada Falastin davlatchiligini tan olishini BMT sessiyasiga bog‘lash orqali, BMT Bosh assambleyasining rolini oshirmoqchi. Ya’ni xalqaro tartibotda kuch-qudrat muhimlashib borayotgan bugungi kunda, qonun-qoidalarga e’tiborni mustahkamlamoqchi.

Britaniya sog‘liqni saqlash vazirining “hech bo‘lmasa Falastin davlati yo‘q bo‘lib ketmasidan avval uni tan olaylik” degan so‘zlari G‘arbdagi o‘zgarayotgan kayfiyatni ifodalaydi. Biroq bu tan olishlar hozircha ko‘proq siyosiy ishora bo‘lib, real o‘zgarishlar uchun ancha vaqt va siyosiy iroda talab etiladi.

Fransiya, Britaniya va Kanada kabi davlatlarning Falastinni rasman tan olishi AQShning xalqaro maydondagi yolg‘izlanishiga olib kelmoqda. Bu faqat diplomatik izolyatsiya emas, balki jamoatchilik bosimining kuchayishi bilan ham kechmoqda. Chunki:

Fransiya ortida butun frankofon dunyosi – fransuz tilida so‘zlashuvchi xalqlar mavjud;

Britaniya esa xalqaro ta’lim, media va ingliz tilining global nufuzi orqali jahon jamoatchilik fikriga katta ta’sir ko‘rsatadi;

Kanada – AQShning eng yaqin geografik va siyosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lib, uning pozitsiyasi bevosita AQSh ichki jamoatchilik fikriga ta’sir qiladi.

Bu jarayonlar AQShdagi siyosiy muhitga ham ta’sir etmoqda. Ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan 2026 yilgi oraliq saylovlar fonida. Jamoatchilik orasida kuchaygan norozilik Demokratlar partiyasining ovozlarini oshirishi mumkin. Bu – Donald Trampni Isroilni ochiq va to‘liq qo‘llab-quvvatlashdan tiyib turadi.

Yaqinda Tramp tarafidan tashkil etilgan Stiv Uittkofning G‘azoga tashrifi – ko‘pchilik tomonidan siyosiy spektakl sifatida baholandi. Bu tashrif, asosan, Trampning G‘azo muammosiga e’tibor qaratayotgani va Netanyahuga siyosiy legitimlik berishga harakat qilayotgani sifatida talqin qilinmoqda. Ammo bu real siyosiy harakat emas, balki siyosiy teatr edi – har kim o‘z rolini bajardi, xolos.

Tramp hokimiyatdan ketgach Yevropa va AQSh avvalgidek hamfikrlikka qaytsa, Falastin mavzusida Bryusselning ham pozitsiyasi o‘zgarishi mumkinmi?

Farhod Karimov: Yevropada Falastin masalasidagi siyosiy yondashuvni o‘zgartirish endi qiyin. Voqealar allaqachon muayyan yo‘nalishga tushib boryapti. Isroil va AQSh xalqaro miqyosda tobora yolg‘izlanib boraveradi. Bu yolg‘izlanish faqatgina Falastin yoki Isroil bilan bog‘liq emas, balki boshqa global masalalarda ham ko‘zda tashlanadi.

Shu sababli AQSh jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerak: birgina Isroil uchun butun Yaqin Sharqdagi hamkorliklar va manfaatlardan voz kechishga tayyormi? Xuddi Rossiya bitta Ukraina uchun hamma narsadan voz kechgani kabi, AQSh ham shunday holatga tushib qolmasligi kerak.

Falastin bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyat global siyosatda keskin burilish nuqtasiga aylanmoqda. Chunki gap G‘arbning o‘zi yaratgan prinsiplar haqida ketyapti: inson huquqlari, demokratik tamoyillar, milliy davlatchilik ustunlari. Shu prinsiplarga o‘zlari qarshi chiqishsa, o‘zlari barbod qilishsa, G‘arbning zamirida qanday qadriyatlar qoladi? Bu savol endi fundamental siyosiy muammoga aylanmoqda.

Shu bilan birga, bu burilish – uzoq muddatli, 10 yillab davom etadigan siyosiy jarayon. Ammo Falastin muammosi kechiktirib bo‘lmaydigan darajada og‘ir. Har kuni begunoh insonlar o‘ldirilmoqda. Bugun ertalab tirik bo‘lgan odam, kechqurun hayotda qolmayapti. Bunday sharoitda Falastin xalqiga “Yevropa pozitsiyasi o‘zgarishini kuting” deyish adolatsizlik. Yevropaning pozitsiyasi falastinliklarga bugun yordam berishi kerak.

Bugungi vaziyatda birinchi navbatda urushni, genotsidni, gumanitar inqirozni to‘xtatish zarur. Odamlarga oziq-ovqat, suv, tibbiy yordam yetkazilishi kerak. Mustaqil davlat tuzish yoki siyosiy kelishuv haqida keyinroq gaplashish mumkin. Saudiya Arabistoni va Qatar kabi davlatlar shu pozitsiyada: “Avvalo qon to‘kilishini to‘xtataylik, siyosiy masalalarni keyin, do‘ppini chetga qo‘yib, hal qilamiz”.

HAMAS masalasi hozir atay asosiy mavzuga aylantirilib, Falastinning fundamental muammolari chetga surilmoqda. Genotsid HAMAS paydo bo‘lishidan ancha oldin boshlangan. HAMAS 2007 yilda demokratik saylov yo‘li bilan hokimiyatga kelgan. Saylovni G‘arb davlatlarining o‘zi talab qilgan edi. Aholi ovoz berdi natijada, xalq tomonidan tan olingan hukumat shakllandi. Legitimlikka ega hukumat esa, o‘z qurolli kuchlariga ega bo‘lishga haqli. Shu mantiqdan kelib chiqsak, HAMAS bugun – o‘zini himoya qilayotgan hukumatga aylanib qoladi.

Falastin xalqi G‘arbning strategik burilishini 30-40 yil kutolmaydi. Falastinlik bolalar bugun suvga muhtoj. Shu sababli hozir birinchi navbatda o‘limni, urushni, noinsoniy fojialarni to‘xtatish kerak.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid