O‘zbekiston | 20:26 / 04.08.2025
3668
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga bordi

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi.

Turkmanboshi shahri aeroportida davlat rahbarini Turkman xalqi milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kutib oldi.

O‘zbekiston yetakchisi 5 avgust kuni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.

Bugun esa Turkmanboshida Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi yuksak saviyada o‘tkazilayotgani bilan samimiy qutlab, uning kun tartibiga kiritilgan masalalar mintaqamizning barqaror taraqqiyoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Do‘stlik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik sur’ati ortib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalarda samarali va faol muloqotlar davom etmoqda. Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 600 million dollarni tashkil etdi. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya chuqurlashib bormoqda.

Birgalikda "Shovot-Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasi tashkil etilmoqda, faol hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlar davom ettirilmoqda.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, BMT konferensiyasi kun tartibi hamda joriy yil kuzda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Mavzuga oid