Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvada «Krokus» terakti bo‘yicha sud. Asosiy ma’lumotlar
Rossiyada terrorizm bo‘yicha eng yirik ishlardan biri sudgacha yetib bordi. «Krokus Siti Holl»ga hujum yuzasidan 19 kishi sudlanmoqda. Jarayon yopiq rejimda o‘tkazilmoqda. Tergov IShIDni Ukraina bilan bog‘lashga urinmoqda.

Foto: Pavel Bednyakov / AP / Scanpix / LETA
Moskvada «Krokus Siti Holl»dagi terakt ishi bo‘yicha sud boshlandi. 2024 yil 22 mart kuni «Piknik» guruhi chiqishi boshlanishi arafasida terrorchilar Moskva chekkasidagi konsert zaliga bostirib kirib, muxlislar va binoda ishlovchi xodimlarni o‘qqa tutgandi. Binoda yirik yong‘in chiqqan, terakt oqibatida 149 kishi halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 600 dan ortiq kishi yaralangan va jarohatlangan. Yetkazilgan zarar miqdori 5,7 mlrd rublni tashkil etdi.
19 kishi sud qilinmoqda: bular to‘rt nafar ijrochi va ularga «yordamlashgan» 15 kishi. Teraktning bevosita ijrochilari sifatida Tojikistonning to‘rt fuqarosi – Dalerjon Mirzoyev, Saidakrom Rajabalizoda, Shamsiddin Fariduniy va Muhammadsobir Fayzov ayblanmoqda. Sudda to‘rtalasi ham o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi va jabrlanuvchilardan kechirim so‘radi, deb yozadi TASS.
Jabrlanuvchilar advokati Lyudmila Ayvarning aytishicha, sud majlisida sudlanuvchilarning shaxsiga oid materiallar o‘rganiladi, shundan so‘ng davlat ayblovchisi ularni hibsga olish muddatini yana 6 oyga uzaytirishni so‘raydi.

Jinoyat ishi bo‘yicha yana 15 kishi tergov qilinmoqda, ayblov tomoni ularni terrorchilarning sheriklari deb hisoblamoqda. Ulardan 8 nafari aybiga qisman iqror bo‘lgan, 7 nafari ayblovni rad etgan.
Ingushetiyalik Husen Medov va Jabroyil Aushev bo‘sh patronlar bilan otishga moslashtirilgan qurolni jangovar qurolga aylantirishda ayblanmoqda. Besh nafari – Shahromjon Gadoyev, Zubaydullo Ismoilov, Husayn Hamidov va aka-uka Umedjon va Mustaqim Soliyevlar – teraktning ehtimoliy ijrochilariga qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishgani aytiladi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, yana to‘rt kishi – Yoqubjoni Davlatxon Yusufzoda, Nazrimad Lutfulloiy, Jumaxon Qurbonov va Muhammad Zoir Sharifzoda qolganlarni pul bilan ta’minlagan.
Alisher Kasimov uyni asosiy ayblanuvchilarga ijaraga bergan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u kvartiradan «Krokus»ga hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun foydalanayotganidan xabardor bo‘lgan. Isroil Islomov va uning o‘g‘illari Dilovar va Aminchon yangiliklarda terakt ijrochilari «Reno» avtomobilida voqea joyidan qochib ketganini ko‘rib, politsiyaga o‘zlari kelishgan. Ular «Krokus»ga hujum qilinishidan bir necha kun oldin sotilgan mashinani tanishgandi. 2024 yil avgust oyida hibsga olish muddatini uzaytirish bo‘yicha sud majlislaridan birida Kasimov shunday qichqirgandi: «Mayli, bizning aybsiz ekanimizni bilish olishsin».
Ayblanuvchilarning barchasi allaqachon terrorchilar reyestriga kiritilgan.
Hujum tashkilotchilari baribir topilmadi. «Terrorchilik tashkilotining ikki tashkilotchisi va to‘rt nafar ishtirokchisiga nisbatan dastlabki tergov davom etmoqda», – deya xabar bergandi RF Tergov qo‘mitasi iyun oyida. BBC rus xizmati ish materiallariga tayanib, tashkilotchilarning ismlari A.I. Bekov va A.M. Hikmatov ekanini yozgan, boshqa aloqadorlar aniqlanmagan. Shu bilan birga, Interpol orqali ushbu shaxslarni ekstraditsiya qilish yoki qidirish bo‘yicha mumkin bo‘lgan so‘rovlar to‘g‘risida ochiq ma’lumotlar mavjud emas.
Tergov hodisaning ikki versiyasini – IShID terrorchilari hujumi va «Ukraina izi»ni – bitta versiyaga jamladi, deb yozadi BBC. 2024 yil may oyida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov «terrorchilarning tayyorgarlik harakatlari, moliyalashtirilishi, hujumi va chekinishi Afg‘oniston-Pokiston hududida bo‘lgan «Xuroson viloyati» guruhi a’zolari tomonidan internet orqali muvofiqlashtirilgani» haqida xabar bergandi.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra, ular hujumning to‘rt nafar ijrochisi – Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov, Shamsiddin Fariduniy va Saidakrami Rajabalizodani yollab, ularni xorijda tayyorgarlikdan o‘tkazgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari ishtirokida rejalashtirilgan va amalga oshirilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasining ta’kidlashicha, terakt sodir etilgandan so‘ng to‘rt nafar ijrochi Ukrainaga qochishga uringan, biroq Bryansk oblastida qo‘lga olingan.
Tergovchilar va ayblovchilar terakt «Ukraina oliy rahbariyati manfaatlari yo‘lida» IShID tarkibiga kiruvchi «Xuroson viloyati» terrorchilik tashkiloti tomonidan uyushtirilganini da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, tergovchilar teraktni tashkil etishda xorijiy maxsus xizmatlar ishtirok etganini ta’kidlamoqda.
Hujumdan so‘ng darhol «Xuroson viloyati» guruhi terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. O‘z navbatida, Rossiya rasmiylari, jumladan, prezident Vladimir Putin «Ukraina izi» versiyasini qat’iy ilgari surdi. Ukrainada «Krokus»dagi teraktga aloqadorlik ayblovlari rad etilgan. IShID jangarilari esa Rossiya aybni G‘arb va Ukrainaga ag‘dargan holda, IShID tomonidan berilgan zarbaning oldini olishga qodir emasligini tan olganini aytishgan.
«Ukraina izi» haqidagi versiya tergov protsessual hujjatlarida faqat 2025 yil mart oyida paydo bo‘ldi, deya ta’kidlaydi BBC. Hozircha hujum uyushtirganlarni Ukraina bilan bog‘laydigan yagona ochiq ma’lumot – bu jinoyat ishi materiallaridagi ayblanuvchilarning ko‘rsatmalari, deb yozadi nashr. Shu bilan birga, huquq himoyachilari ayblanuvchilar kaltaklangani va qiynoqqa solinganini hisobga olib, bu ko‘rsatmalarga shubha bilan qarashmoqda. Xavfsizlik kuchlarining gumonlanuvchilarni qo‘lga olishdagi harakatlari tekshirilmagan.
Huquq-tartibot idoralariga yaqin bo‘lgan telegram-kanallar asosiy ayblanuvchilar hibsga olish chog‘ida qiynoqlarga duchor bo‘lgani haqidagi dalillarni e’lon qildi. Sudda ular kaltaklash izlari bilan paydo bo‘lishgandi. Ulardan birining bo‘ynida paket parchalari bo‘lgan (ayblanuvchini paket bilan bo‘g‘ishgani taxmin qilingan). Ikkinchisining qulog‘i bint bilan bog‘langan bo‘lib, hibsga olish paytida uning bir qismi kesib tashlangan bo‘lishi mumkin. Uchinchi ayblanuvchi sud zaliga kateterli zambilda olib kelingan va atrofdagi voqealarga loqayd o‘tirgan.

ARTYOM GEODAKYAN/TASS
Ish bo‘yicha birinchi majlis ochiq rejimda boshlandi, ammo tez orada yopildi. Ishni Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudining uch nafar sudyasidan iborat hay’at ko‘rib chiqmoqda. Ishtirokchilar soni ko‘pligi tufayli jarayon Moskva shahar sudi binolaridan birida bo‘lib o‘tmoqda. «Interfaks»ning xabar berishicha, birgina dastlabki eshituvning o‘zi uchun sudga 150 ga yaqin jabrlanuvchi kelgan. Hammasi bo‘lib bu ishda ikki mingdan ortiq kishi bor. Jabrlanuvchilar 27 ta fuqaroviy da’vo arizasi bilan ham murojaat qilgan.
Dastlabki majlislar tergovning maxfiyligi sababli yopiq tarzda o‘tkazildi. 4 avgust kuni eshituvlar dastlab ochiq deb e’lon qilindi, ammo deyarli darhol yopildi – ish materiallaridagi maxfiy ma’lumotlar, shuningdek, uning barcha ishtirokchilari, jumladan, davlat ayblovchisining xavfsizligiga tahdid tufayli, deb xabar berdi TASS. «Ostorojno, novosti» telegram-kanalining ta’kidlashicha, eshituvlar Federal xavfsizlik xizmatining prokurorga qarshi «ehtimoliy provokatsiyalar» haqidagi xati tufayli yopilgan. Jabrlanuvchilar vakili jarayonni yopmaslikni so‘ragan.
Mavzuga oid

22:46 / 05.08.2025
Rossiya sanksiyalardan qutulish uchun Ukrainada «havo sulhi» taklifini ko‘rib chiqmoqda

20:07 / 05.08.2025
“O‘rmonda yog‘och kesishga ishga olamiz deb aldab, urushga jo‘natishdi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit hikoyasi

18:49 / 05.08.2025
Tramp: agar neft narxi yana 10 dollarga tushsa, Putin odamlarni o‘ldirishni to‘xtatadi

14:25 / 05.08.2025