O‘zbekiston | 14:28 / 05.08.2025
16928
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatining ikki tumanida hokim o‘zgardi

Payariq tumanida Isroil Jabborov o‘rniga Shunqor Xudoyberdiyev, Toyloq tumanida Bahodir Bobonazarov o‘rniga Behzod Rahmatullayev yangi hokim sifatida ish boshladi.

Samarqand viloyatining Payariq va Toyloq tumaniga yangi hokimlar tayinlandi.

Bugun, 5 avgust kuni xalq deputatlari Payariq tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rilib, tuman hokimi Isroil Jabborov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan.

Sessiyada Shunqor Xudoyberdiyev Payariq tumani hokimi etib tasdiqlangan.

Shunqor Xudoyberdiyev. Foto: Samarqand viloyati hokimligi

Shunqor Xudoyberdiyev 1971 yilda Past Darg‘om tumanida tug‘ilgan. 19881993 yillarda Samarqand qishloq xo‘jalik institutida tahsil olgan.

U 20162019 yillarda Samarqand viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2019 yilda Past Darg‘om tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 2023 yil aprelidan bugunga qadar u Samarqand viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

2023 yil avgust oyidan Payariq tumaniga rahbarlik qilib kelgan Isroil Jabborov oldinroq tadbirkor mulkini sudning hal qiluv qarori kuchga kirmasdan ichidagi texnikalari bilan birga buzdirib tashlagani bilan OAV e’tiboriga tushgandi.

Isroil Jabborov

O‘shanda u binoni buzish uchun olib borilgan texnika haydovchisiga «Bos! Tozala!» deya topshiriq bergan edi.

Ayni vaqtda u qaysi lavozimga o‘tkazilayotgani ma’lum emas.

Bugun xalq deputatlari Toyloq tumani kengashining ham navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilib, Bahodir Bobonazarov o‘z arizasiga ko‘ra tuman hokimi vazifasidan ozod etildi. U tumanga 2018 yil avgustidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

Bahodir Bobonazarov

Viloyat rahbari Adiz Boboyev deputatlarga Behzod Rahmatullayevich Rahmatullayev nomzodini Toyloq tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Behzod Rahmatullayev tayinlovga qadar Samarqand viloyati hokimligi Tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Behzod Rahmatullayev

Sessiyada tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.

Mavzuga oid