Jahon | 23:02 / 06.08.2025
1451
3 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff va Putin muzokaralarida «sezilarli yutuqlarga erishildi» - Tramp

Oq uy rahbari urushni tugatish bo‘yicha ishlar yaqin kunlar va haftalarda davom etishini ma’lum qildi.

Foto: Getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z maxsus vakili Stiven Uitkoffning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvini «juda samarali» deb atadi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda «sezilarli yutuqlarga erishildi». U nimada ifodalanayotganiga AQSh prezidenti aniqlik kiritmadi.

«Shundan so‘ng, ba’zi yevropalik ittifoqchilarimizni xabardor qildim. Hamma bu urushni tugatish kerak degan fikrga qo‘shiladi va biz yaqin kunlar va haftalarda buning ustida ishlaymiz. Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur!», deb yozdi Donald Tramp.

Ushbu post e’lon qilinishidan biroz oldin Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashdi. Uning tafsilotlari hozircha ma’lum qilinmagan.

Oq uyning ismi oshkor etilmagan vakili The New York Times nashri bilan suhbatda Putin va Uitkoff uchrashuvi yaxshi o‘tganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya AQSh bilan muzokaralarni davom ettirishga intilmoqda. Ammo, shunga qaramay, avvalroq AQSh prezidenti aytgan ikkilamchi sanksiyalar 8 avgust kuni joriy etilishi kutilmoqda.

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff 6 avgust kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu taxminan uch soat davom etdi. Uning yakunida Rossiya prezidenti va Donald Trampning maxsus vakili hech qanday bayonot bermadi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov uchrashuv ishtirokchilari «ba’zi signallar» bilan almashganini aytib, hozircha batafsil izoh berishdan tiyilishini qo‘shimcha qildi.

Uitkoffning tashrifi AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyaga qo‘ygan ultimatumi muddati tugashi arafasida amalga oshirildi. Tramp Putindan 8 avgustga qadar harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatishni talab qilgan. Aks holda, AQSh prezidenti ikkilamchi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qildi: Rossiyadan neft sotib oluvchi mamlakatlar qo‘shimcha bojga duch kelishi mumkin.

Mavzuga oid