Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin bilan uchrashishni rejalashtirgan Tramp, o‘t ochishni to‘xtatishga moyillik ko‘rsatgan Rossiya va Oyda AESni ishga tushirmoqchi bo‘lgan AQSh - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp kelasi hafta Putin bilan uchrashishni rejalashtirmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp kelasi haftadayoq Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda rejalardan xabardor ikki manbaga tayanib, The New York Times (NYT) xabar berdi.
So‘ngra Oq uy rahbari Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Tramp 6 avgust kuni Yevropa yetakchilari bilan telefon orqali muloqotda o‘z niyatini ma’lum qilgan. Bo‘lajak ikkala tadbir ham Yevropa vakillari ishtirokisiz o‘tkaziladi.
6 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Moskvada uchrashdi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov «Ukraina masalasida ba’zi signallar berilgani, tegishli signallar prezident Trampdan ham olinganini» aytdi. Ammo tafsilotlarga to‘xtalmadi.
AQSh Rossiya rejalariga javoban Oyda AESni ishga tushirishni tezlashtirishi mumkin
AQSh Aeronavtika va kosmik makonni tadqiq qilish milliy boshqarmasi (NASA) rahbari vazifasini bajaruvchi, AQSh transport vaziri Shon Daffi shu haftada Oyda yadroviy reaktor qurilishini tezlashtirish rejalarini e’lon qilmoqchi. Bu haqda Amerikaning Politico nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Aytilishicha, agentlik direktivasida Oyda atom elektr stansiyasini qurgan birinchi davlat «AQSh faoliyatini sezilarli darajada cheklaydigan taqiqlangan hudud e’lon qilishi» mumkinligi bildirilgan. Hujjatda, shuningdek, NASA'ga 60 kun ichida loyiha menejerini tayinlash va kompaniyalardan 2030 yilgacha Oyda 100 kilovattlik yadro reaktorini ishga tushirish bo‘yicha takliflar olish ko‘rsatmasi berilgan. Ilgari rejalar unchalik ambitsiyali va aniq bo‘lmagan: taqqoslash uchun, 2022 yildan beri agentlik Oyda 100 kilovattlik yadroviy reaktorni "2030-yillar boshigacha" ishga tushirish bo‘yicha tadqiqotni moliyalashtirgan.
Bundan tashqari, nashrning yozishicha, Daffi Xalqaro kosmik stansiyani bir nechta tijorat stansiyalari bilan almashtirish bo‘yicha direktivani taklif qilgan. Agentlik olti oy ichida ishlab chiqaruvchi bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda. Loyihaga qiziqish, jumladan, Axiom Space, Vast va Blue Origin kompaniyalari tomonidan bildirilgan. Qayd etilishicha, ikkala qaror ham AQShga Oy va Marsni tadqiq qilish bo‘yicha Xitoy loyihalaridan oldinga o‘tish imkonini berishi mumkin. «Gap ikkinchi kosmik poygada g‘alaba qozonish haqida ketyapti», dedi agentlikning yuqori martabali xodimi.
May oyida «Roskosmos» davlat korporatsiyasi va Xitoy milliy kosmik ma’muriyati (XMKM) Oy elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan edi. U 2036 yilgacha Rossiya va Xitoy qurishni rejalashtirgan Xalqaro Oy stansiyasining bir qismiga aylanadi. «Roskosmos» bosh direktori Dmitriy Bakanovning so‘zlariga ko‘ra, loyihaga 13 davlat, jumladan Belarus, Pokiston, Ozarboyjon, Serbiya, Senegal, Jibuti va Efiopiya qo‘shilgan.
Endi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq moyil ko‘rinmoqda — Zelenskiy
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy endi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan kechki suhbat yakunlari bo‘yicha qilgan videomurojaatida aytib o‘tdi.
«Prezident Tramp bilan gaplashdim. Bu suhbat AQSh prezidenti vakili Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrifidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Sheriklarimiz bilan umumiy pozitsiyamiz mutlaqo aniq va shaffof - urush tugashi kerak. Urushni rosmana tugatish kerak», dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Moskvadagi muzokaralarga qaraganda, endi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq moyil.
«Ularga qilinayotgan bosim ish beryapti. Muhimi, ular bizni tafsilotlarda aldamasligi kerak. Bizni ham, Qo‘shma Shtatlarni ham», deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
6 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Moskvada uchrashdi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov «Ukraina masalasida ba’zi signallar berilgani, tegishli signallar prezident Trampdan ham olinganini» aytdi. Ammo tafsilotlarga to‘xtalmadi.
Pashinyan va Aliyev Vashingtonda Tramp huzurida uchrashadi
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Vashingtonda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan AQSh prezidenti Donald Tramp huzurida uchrashadi. Bosh vazirning Qo‘shma Shtatlarga tashrifi 7-8 avgust kunlariga belgilangan.
Aniqlik kiritilishicha, dastlab Pashinyan va Trampning «Armaniston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida» ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Keyin Pashinyan, Tramp va Aliyevning «mintaqada tinchlik, farovonlik va iqtisodiy hamkorlikni ilgari surishga qaratilgan» uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Pashinyan va Aliyevning Vashingtondagi ehtimoliy uchrashuvi haqidagi mish-mishlar 4 avgust kuni jurnalist Aleks Raufo‘g‘li ijtimoiy tarmoqda yozganidan beri tarqaldi.
Ushbu mish-mishlar fonida Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarboyjon harbiylari Armanistonning Syunik viloyatidagi chegara hududida qurilish ishlarini olib borayotgan ekskavatorni o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Shikastlangan texnika suratlari e’lon qilindi. Ozarboyjon Mudofaa vazirligi fotosuratlarga hech qanday izoh bermasdan, ayblovni rad etdi.
Armaniston va Ozarboyjon tinchlik shartnomasini imzolashga tayyorligini bir necha bor e’lon qilgan, biroq hujjat haligacha imzolanmagan. Boku o‘ziga Armaniston hududi orqali Naxichevan eksklaviga ekstraterritorial maqomga ega yo‘lak berishni talab qilmoqda, Yerevan buni o‘z suverenitetiga tahdid deb biladi va yo‘l Armaniston hukumati tomonidan nazorat qilinishi kerak deb hisoblaydi.
Modi 7 yil ichida birinchi marta Xitoyga tashrif buyuradi
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi yetti yil ichida birinchi marta Xitoyga tashrif buyuradi, deb xabar berdi Reuters.
Tashrif avgust oyi oxirida - Hindistonning AQSh bilan munosabatlari keskinlashishi, jumladan, Vashington tomonidan Hindistonga joriy etilgan qo‘shimcha bojlar fonida bo‘lib o‘tadi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston hukumati rahbari 31 avgust kuni Xitoyning Tyanjin shahrida boshlanadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etadi. Modi oxirgi marta 2018 yilda Xitoyga tashrif buyurgan. Biroq shundan beri ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi: 2020 yilda Himolay tog‘lari chegarasida Xitoy va Hindiston harbiylari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Shunga qaramay, o‘tgan yilning oktyabr oyida Modi va Xitoy raisi Si Jinping Rossiyada bo‘lib o‘tgan BRICS sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazdi, bu esa, Reuters ta’kidlaganidek, ikki tomonlama keskinlikni yumshatishga yordam berdi.
Mavzuga oid

16:12 / 08.08.2025
Putinga talabini yumshatgan Tramp, G‘azoni nazoratga olishni ma’qullagan Isroil va «Vagner»ni «Afrika korpusi» bilan almashtiradigan Rossiya - kun dayjesti

13:06 / 06.08.2025
Rossiyaga qarshi sanksiyalarga tayyor Tramp, «Hizbulloh»ni qurolsizlantirmoqchi bo‘lgan Livan va Eronda yopilayotgan davlat idoralari - kun dayjesti

13:28 / 05.08.2025
Aybiga iqror «Krokus» terakti ijrochilari, G‘azo uzra kengayadigan hujum va Hindistondan darg‘azab Tramp - kun dayjesti

13:14 / 04.08.2025