Iqtisodiyot | 21:29 / 07.08.2025
4646
6 daqiqa o‘qiladi

Yarim yillik davlat budjeti: asosiy raqamlar

Tabiiy gaz uchun 2025 yilga deb ajratilgan 7 trillion subsidiyaning hammasi yarim yildayoq o‘zlashtirib bo‘lindi. Ish haqi va ijtimoiy nafaqalarning umumiy xarajatlardagi ulushi kamaymoqda.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yilning birinchi yarmi yakuni bo‘yicha davlat budjeti ijrosi haqida ma’lumot berdi. Unda daromad va xarajatlar dinamikasi, subsidiyalar tarkibi hamda asosiy moliyaviy oqimlar ochiqlangan.

Daromadlar

2025 yilning yanvar-iyun oylarida davlat budjeti daromadlari 144,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga (121 trln so‘m) nisbatan 19,2 foizga ko‘p.

Daromadlar tarkibida eng katta ulushga ega qo‘shilgan qiymat solig‘i o‘sish dinamikasi bo‘yicha ham birinchi o‘rinda: QQSdan tushumlar 34 foizga oshib, 35,9 trln so‘mga yetdi. Ikkinchi eng katta tushum manbayi – foyda solig‘i bo‘yicha esa budjet daromadlari atigi 2 foizga ko‘payib, 22,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Yanvar-iyun oylarida jismoniy shaxslar o‘zlari olgan daromadlardan 19,9 trln so‘m soliq (JShODS) to‘ladi – bu bir yil oldingidan 18 foizga ko‘p.

Hisobot davrida yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqdan tushumlar 10,3 trln (+12%), aksiz solig‘idan tushumlar 10,0 trln (+16%), bojxona bojlaridan tushumlar 5,4 trln (+15%), yer solig‘i tushumlari 4,8 trln (+20%), mol-mulk solig‘i tushumlari 4,1 trln (+17%), aylanmadan olinadigan soliq tushumlari 1,6 trln (+23%) bo‘ldi.

Davlat budjetiga tushumlarning 80 foizini sanab o‘tilgan shu soliqlar va bojxona bojlari tashkil etadi. Qolgan 20 foiz – xususiylashtirish tushumlari, dividendlar, davlat mulkini ijaraga berish va boshqalarni qamrab oluvchi “boshqa daromadlar” tasnifidagi tushumlar 25 foizga o‘sib, 29,3 trln so‘mni tashkil etdi.

Xarajatlar

Yarim yillikda davlat budjeti xarajatlari 173,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,4 foiz ko‘p.

Eng yirik xarajatlar:

  • ish haqi – 62 trln (+15%);
  • ijtimoiy nafaqalar – 11,4 trln (–2%).
  • Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga transfertlar – 10,5 trln;
  • Pensiya jamg‘armasiga transfertlar – 10,3 trln (+51%);
  • energetikaga subsidiyalar – 8,9 trln (–17%).

Yuqoridagi beshta xarajat birgalikda davlat budjeti chiqimlarining 59 foizini tashkil etdi.

Hisobot davrida ish haqi xarajatlarining umumiy xarajatlardagi ulushi 36 foizdan 35,8 foizgacha pasaydi. Ijtimoiy nafaqalar ulushi esa 7,7 foizdan 6,6 foizgacha kamaydi.

Ayrim xarajatlar keskin o‘sdi. Xususan, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga davlat budjetidan 10,5 trln so‘m o‘tkazildi (2024 yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha budjet ijrosi hisobotida bu jamg‘arma bo‘yicha alohida ma’lumot berilmagan). 2025 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, ushbu jamg‘armaga 22,3 trln so‘mlik transfert ko‘zda tutilgan, 2024 yilgi qonunda bu transfert 4 trln so‘m bo‘lgan.

Bundan tashqari, 2025 yil birinchi yarmida avtomobil yo‘llarini saqlash va ta’mirlash xarajatlari 115 foizga oshib, 1,7 trln so‘mni tashkil qildi.

Asosiy vositalarga xarajatlar 30 foiz oshib, 2,6 trln so‘mga yetdi. Foiz to‘lovlari esa 23 foizga ko‘payib, 8,6 trln so‘mni tashkil etdi.

Subsidiyalar

2025 yilning birinchi yarmida davlat budjetidan ajratilgan subsidiyalar umumiy miqdori 15 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 foizga kam.

Subsidiyalarning 8,9 trln qismi energetikaga to‘g‘ri keladi. Shundan 7 trln so‘mi UzGasTrade kompaniyasining zararlarini qoplashga yo‘naltirilgan (o‘tgan yilning mos davrida – 9,3 trln). Yana 1,6 trln so‘m esa issiqlik ta’minoti korxonalarining zararlarini qoplashga ketgan.

2025 yilgi davlat budjeti qonuniga ko‘ra, ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan kompaniya – UzGasTrade'ning zararlarini qoplash va joriy faoliyatini moliyalashtirish uchun 7 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. 6 oylik budjet ijrosidan kelib chiqilsa, bir yillik limit yarim yilda o‘zlashtirib bo‘lingan.

Energetikadan boshqa sohalarga subsidiyalar 6,1 trln so‘m bo‘lib, shuning asosiy qismi – 4,5 trln so‘mi “ijtimoiy ahamiyatga ega subsidiyalar” sifatida tasniflangan. Xarajatlarning bu guruhi, jumladan, xususiy bog‘chalarga 1,8 trln, jamoat transporti zararlarini qoplashga 1,1 trln, uy-joy sotib olish uchun 0,9 trln so‘mlik subsidiyalarni o‘z ichiga oladi.

Konsolidatsiyalashgan budjet

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti – davlat budjeti, davlat maqsadlari jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘larini o‘z ichiga oladi.

2025 yilning birinchi yarmida konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 209,1 trln so‘m, xarajatlari 241,7 trln so‘mni tashkil etdi. Daromadlar 23 foizga oshgan bo‘lsa, xarajatlar 18 foizga o‘sdi. 32,6 trln so‘mlik taqchillik – prognoz qilingan yillik YaIMning 1,9 foiziga teng (o‘tgan yilning mos davrida 2,4 foiz bo‘lgan).

Hisobot davrida tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga xarajatlar 4,9 trln so‘m bo‘lgan (o‘tgan yilning mos davrida – 5,9 trln).

Ma’lumot uchun, 2025 yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet defitsiti 49,5 trln so‘m yoki prognoz qilingan YaIMning 3 foizi miqdorida tasdiqlangan.

Joriy yilda davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun 3 mlrd dollar, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yana 2,5 mlrd dollar davlat tashqi qarzi olish ko‘zda tutilgan.

Boshqa infografikalar

Mavzuga oid