Jahon | 14:20
1429
4 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azoni egallash qarori: dunyo keskinlashuvdan xavotirda

G‘azo shahri ustidan Isroil nazoratini to‘liq qo‘lga kiritish na mojaroga barham beradi, na garovga olinganlarni ozod qiladi, balki yana qon to‘kilishiga olib keladi, deb hisoblaydi Britaniya bosh vaziri.

Foto: Reuters

Isroil G‘azo shahri ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olish rejasini e’lon qilgach, dunyoning bir qator davlatlari Yaqin Sharqdagi mojaro yanada avj olishidan xavotirda. «Bunday chora na mojaroga barham beradi, na garovga olinganlarni ozod qiladi. Bu yana qon to‘kilishiga olib keladi», — deya hisoblaydi Britaniya bosh vaziri Kir Starmer. 8 avgust, juma kuni u Isroil hukumatini Falastinning HAMAS guruhiga qarshi keyingi kurash rejasini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Shu bilan birga Starmer mintaqadagi gumanitar inqiroz kundan kunga kuchayib borayotganini qayd etdi. «Otashkesim zarur, insonparvarlik yordami ko‘paytirilishi kerak, HAMAS barcha garovdagilarni ozod qilishi lozim, mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish shart», — deya ta’kidladi u. Britaniyalik siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, HAMAS G‘azo sektori kelajagida hech qanday rol o‘ynay olmaydi. Shu bilan birga, mojarodagi har ikki tomon ham «halokat yo‘li»ni tark etishi kerak, deya chaqirdi u.

Germaniya hukumati Isroilga G‘azo sektorida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qurollarni yetkazib berishni to‘xtatdi. Berlin G‘azo sektorida tinch aholining davom etayotgan azob-uqubatlaridan chuqur xavotirda.

Yangi hujum boshlansa, Isroil hukumati qirg‘oqbo‘yi aholisi ta’minoti bo‘yicha yanada katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi va insonparvarlik yordamini, jumladan, BMT va boshqa tashkilotlar yetkazishi uchun barcha imkoniyatlarni ta’minlashi kerak, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers. 

BMT inson huquqlari oliy komissari Folker Turk ham Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kabinetining qarorini tanqid qilib, uni «zudlik bilan» qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. «Isroil hukumatining Falastin hududini to‘liq harbiy egallab olish rejasi BMT Xalqaro sudi qaroriga zid keladi, unga ko‘ra Isroil okkupatsiyani imkon qadar tezroq to‘xtatishi shart».

Qaror, shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaroni ikki davlat yechimi asosida va «falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi»ga muvofiq hal qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarga ziddir», deya qo‘shimcha qildi Turk.

Shu kuni ertalab Isroil xavfsizlik mahkamasi Falastinning HAMAS harakatini «mag‘lubiyatga uchratish» va G‘azo shahri ustidan nazorat o‘rnatish rejasini ma’qulladi. Bu qaror Isroil oliy mansabdor shaxslarining tunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng – urushni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga va ko‘plab isroilliklarning HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qo‘rqib noroziliklariga qaramay qabul qilindi. 

Avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQShning Fox News telekanaliga bergan intervyusida rejalarning bir qismini aytib, Isroil butun G‘azo sektorini o‘z nazoratiga olishni rejalashtirayotganini ta’kidlagan edi. Isroil armiyasi allaqachon eksklavning to‘rtdan uch qismini nazorat qilmoqda. Isroil vazirlar mahkamasi qarori muxolifat tomonidan keskin tanqid qilindi.

Mavzuga oid