Iqtisodiyot | 21:11 / 09.08.2025
1188
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat huquqiga oid farmon: nimalar o‘zgarmoqda?

Uchta sohadagi kichik biznes xodimlarni Face-ID orqali ishga olishi mumkin bo‘ladi. Ish beruvchilar ayrim majburiyatlardan qutuladi. Xodimni norasmiy ishlatganlik uchun jazo kuchayadi. Ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari qat’iylashadi. Mehnat inspeksiyasi biznes-ombudsmanni xabardor qilmasdan tekshiruv o‘tkazish huquqini oladi. Malakasini oshirmoqchi bo‘lgan xodimlarga davlat qarz beradi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

4 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimiga oid farmon imzoladi. Bandlik vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga farmondagi muhim yangiliklar haqida ma’lumot berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab:

  • 50 nafargacha xodimi bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirish huquqi beriladi;
  • bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish tartibi bekor qilinadi;
  • bo‘sh ish o‘rinlariga mehnat organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi;
  • ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi xodimlar soni 100 nafardan ortiq korxona va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi;
  • ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun tatbiq etiladi; budjet tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar uchun zaxiralashning amaldagi tizimi saqlab qolinadi.

2025 yil 1 avgustdan boshlab davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilish tartibi bekor qilindi.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab doimiy ishga ega bo‘lgan hamda malakasini oshirish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olishi uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi. “Kasb vaucheri” ssuda ko‘rinishida beriladi. Shaxs o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng, ssudani 2 yil davomida qaytaradi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari qat’iylashadi. Ishsiz qolgan fuqaro bu nafaqani olish uchun so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan bo‘lishi va oxirgi ish joyidan bo‘shaganidan keyin 6 oy ichida murojaat qilishi kerak. Nafaqa 3 oy davomida to‘lanadi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab YaMMT orqali qayd etilgan mehnat qonunchiligi buzilishini ish beruvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish hamda qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha elektron ma’muriy qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi.

2026 yil 1 martga qadar kasb-hunarga o‘qitish bosqichma-bosqich uch bosqichli (videodarsliklar, kasbga o‘qitish va malaka oshirish) tizimga o‘tkaziladi. Nazariy bosqichni o‘zlashtirgan va testdan o‘ta olgan tinglovchilargina amaliy o‘quv bosqichiga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid