Jamiyat | 20:35 / 09.08.2025
4282
5 daqiqa o‘qiladi

“Men qaytib kelaman” – o‘zbekning so‘nmagan umidi haqida og‘riqli hikoya

“Besh daqiqa” loyihasining navbatdagi sonida o‘zbek adabiyotining shoh asarlaridan biri – Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani haqida gaplashamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Uch avlod – bir millat taqdiri

Ushbu asarda uch obraz bor. Bobo, ota va o‘g‘il. Muallif bir sulola orqali xalqning tarixiy fojiasini ko‘rsatib beradi.

Bobo, ya’ni Jamoliddin ketmon butun umrini yerda, dalada o‘tkazgan sodda dehqon. Uning quvonchi ham, qayg‘usi ham shu dala bilan bog‘liq.

Bir kuni Oqpodsho qo‘shinlari Farg‘onaga bostirib kiradi. Go‘yoki “qoloq” bu elga “tartib, ma’rifat va taraqqiyot olib kelamiz” degan asoslar keltiriladi.

Aslida maqsad – yerni tortib olish, xalqni bo‘ysundirish va ruhan sinidirish edi. Jamoliddinning dalasi tortib olinadi, u o‘z yurtida begonaga aylanadi. Bu – xalq ruhining birinchi sinishi edi.

Aqrab qo‘rboshi shu avlod vakili edi, jasur va qo‘rqmas inson.

U bosqinchilarga qarshi faol kurashga chiqadi. Ozodlik uchun harakat qiladi. Lekin zamon uni qo‘llamaydi, bosmachi tamg‘asi bosiladi. Harakat mag‘lubiyat bilan tugaydi. Har bir mag‘lubiyat – xalqning yana bir iztirobi, ruhan chekinishi edi.

Dehqonqul, ya’ni nabira Sho‘ro davrida sahnaga chiqadi. Bu vaqtga kelib qog‘ozda xalq yer egasi bo‘lgandi, ammo amalda hech narsa yo‘q edi. Dehqonqul zamonga moslashmoqchi bo‘ladi. Yangi tartiblarni qabul qiladi, hatto ularga yaqinlashishga umid bog‘laydi. Biroq bosqinchilar uni ham “o‘zlariniki” qilmaydi. Ularga faqat buysunadigan qul kerak, ruhan mustaqil inson emas.

Natijada Dehqonqul ham bobosi va otasidek toptaladi. Jisman yo‘q qilinadi.

“Otamdan qolgan dalalar” bizga nimalar deydi? Yer yo‘qotilsa – ruh ham yo‘qoladi. Bosqinchi faqat tanangizni emas, ruhingizni ham zabt etmoqchi bo‘ladi. Milliy xotirani yo‘qotgan avlod o‘zini ham yo‘qotishi mumkin. Shunday bo‘ldi ham, qadriyatlar yo‘q qilindi, masjidlar qulatildi, ot izi it iziga aralashib ketdi.

Bosqinchilar tarixan hamisha niqob ostida kelgan va bu safar ham o‘sha qoida o‘zgarmadi. “Xalq ziyoli bo‘lmadi”, zombilashtirildi. Aksincha, millatning ziyolilari qirildi, oydinlari yo‘qotildi.

Romanda og‘riqli ishoralar bor

Asarda dala – hayot, meros va milliy ruhni ifodalaydi. Qizil rang – qon, fojia va yo‘qotish. Oqpodsho va Skobelev – bosqinchilik, zo‘ravonlik ramzi. Uch avlod qahramonlari esa sabr, jasorat va ma’naviy iztirobni ifodalaydi.

Va buni siz mendan boshqacharoq, yaxshiroq tushunishingiz, talqin qilishingiz ham mumkin. Buning uchun, albatta, asarni o‘qing.

So‘nmagan umid

Romanning so‘nggi satrlarida Dehqonqul qasam ichadi:

“Men qaytib kelaman!

Yetti qavat yerning ostidan bo‘lsa ham qaytib kelaman.

Men dalalarimni deya qaytib kelaman.

Meni dalalarim qaytarib keladi…»

Bu – kelajak avlodga qoldirilgan so‘nggi murojaat edi. Millatga ishonch, yurtga sadoqat, hurriyatga intilish – shu satrlarda yashiringan edi.

Bular bizning xulosalarimiz, albatta. Tog‘ay Murod oson tushunilmaydi va o‘zbekning baland pardalarda qalam tebratgan adiblaridan biri hisoblanadi. Adibda bu kabi shoh asarlar yana bir talay, ularni topib o‘qisangiz, albatta, yutasiz.

Ushbu kitobni quyidagi havola orqali xarid qilishingiz mumkin.

Isomiddin Po‘latov

Mavzuga oid