O‘zbekiston | 10:16
5018
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya maxsus xizmatlari 9 nafar xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosini qo‘lga oldi

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan faol tadbirlar natijasida Rossiyada 7 nafar va O‘zbekiston hududida 2 nafar xalqaro terrorchilik tashkilot a’zosi qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Mazkur shaxslar Rossiya hududida bo‘lgan vaqtida diniy ekstremistik oqim ta’siriga tushib, xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan va o‘z safini turli davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarini yollash hisobidan kengaytirish bilan shug‘ullangan.

Ular yashirin yig‘ilish tashkil etib, Telegram messenjeri orqali video-konferensiya yo‘li bilan “umumjahon xalifaligi” deb ataluvchi doktrina asosida tizimli o‘qitish va terrorchilik tashkilotiga jalb qilish ishlari amalga oshirilgan. Ularning bu faoliyati xorijdagi g‘oyaviy maslakdoshlari tomonidan muvofiqlashtirib borilgan.

To‘plangan materiallar asosida Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan ularga nisbatan terroristik tashkilot faoliyatini tashkil etish va unda ishtirok etish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

DXX tomonidan Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan faol tadbirlar natijasida aynan shu jamoatning yana 2 nafar a’zosi qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, bu shaxslar ham Rossiyadagi yashirish jamoat a’zolari tomonidan telegram messenjerida tashkil etilgan  virtual guruhlarga a’zo bo‘lib, XTTning  aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va amaldagi siyosiy tuzumni konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirishni targ‘ib qiluvchi materiallarini tarqatib kelgan. 

Shuningdek, ularning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirilganda, 4 ta uyali aloqa vositasi, 3 dona ekstremistlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan adabiyotlar, 2 ta flesh xotira  va 1 ta xorijiy davlatga tegishli bo‘lgan sim karta daliliy ashyolar sifatida olindi hamda ekspertizadan o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi. 

Hozirda hibsga olingan shaxslarga nisbatan tergov va tergovga qadar harakatlar olib borilmoqda. 

Mavzuga oid