Sport | 09:38
6025
8 daqiqa o‘qiladi

Yangilarning gollari, bahsli qaror va sensatsiya. «Liverpul» mavsumni mag‘lubiyat bilan boshladi

O‘tgan mavsum oxirida «Manchester Siti»ni Angliya kubogi finalida yenggan «Kristal Pelas» endi Angliya superkubogini ham qo‘lga kiritdi – yozda jami 300 million yevrodan oshiq pul sarflangan yangi futbolchilar «Liverpul»ga yordam berolmadi.

Foto: Getty images

Din Henderson – penaltilar seriyasi qiroli.

Angliya superkubogi, 10 avgust, «Uembli»
«Kristal Pelas» – «Liverpul» 2:2, penaltilar seriyasi – 3:2.
Gollar: Mateta (17, penalti), Sarr (77) – Ekitike (4), Frimpong (21).
«Kristal Pelas» – Henderson, Richards, Lakrua, Gehi (Devenni, 90+4), Munyos, Kamada (Hyuz, 29), Uorton (Lerma, 85), Mitchell (Sosa, 79), Sarr, Eze, Mateta.
«Liverpul» – Alisson, Frimpong, Konate, van Deyk, Kerkez (Roberson, 84), Jons (Endo, 71), Soboslai, Virts (Elliot, 84), Saloh, Gakpo, Ekitike (Makallister, 71).
Ogohlantirishlar: Konate (43), Virts (44), Saloh (87).

Yevropada futbol mavsumi nihoyat ochildi! «Liverpul» va «Kristal Pelas» Angliya Superkubogi uchun «Uembli» stadionida kuch sinashdi.

Bu o‘yinda barchaning e’tibori «Liverpul»ga qaratilgandi. Mersisaydliklar mavsumlar oralig‘ida transferlar uchun 300 million yevrodan ortiq mablag‘ sarfladi — bu klub tarixidagi misli ko‘rilmagan transferlar oynasi bo‘ldi va barcha davrlardagi mutlaq rekord o‘rnatildi. Bunday xarajatdan keyin betaraf muxlislar uchun ham bundan qanday natija bo‘lishini ko‘rish qiziq edi.

Jamoa bosh murabbiyi Arne Slot maydalashib o‘tirmadi va barcha yangi futbolchilarni boshlang‘ich tarkibga kiritdi. Himoya qanotlariga Milosh Kerkez (uning uchun 47 million yevro to‘langan) va Jyeremi Frimpong (40 mln yevro), hujum markaziga Yugo Ekitike (95 mln yevro), maydon markaziga esa eng yulduz debyutant — Florian Virs (125 mln yevro) tashlandi.

Ko‘pchilik tomonidan Angliyada yaxshi o‘ynab ketishiga shubha bildirilgan Ekitike esa to‘rtinchi daqiqadayoq hisobni ochdi. Fransuz futbolchisi chap qanotda Virs bilan devor uslubida o‘ynab, undan to‘pni qabul qilib olgach, markaz tomon yurdi va jarima maydoni tashqarisidan turib, yerlatib aniq zarba yo‘lladi, «Kristal Pelas» darvozaboni Din Henderson bu zarba qarshisida ojiz qoldi.

Tezkor gol londonliklarni to‘pni olib, oldinga o‘tishga majbur qildi. 15-daqiqada mersisaydliklar himoyachilari ofsayd chizig‘ini hosil qilishda xato qildi va Mateta Alison bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi, darvozabon xavfni bartaraf etdi, ammo to‘p Sarrga kelib tushdi, uni esa Virjiyl van Deyk jarima maydoni ichida yiqitdi – hakam 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi. Mateta sovuqqonlik bilan kuchli zarba yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.

Gol «burgutlar»ni ilhomlantirib yubordi – keyingi daqiqalarda yana bir necha xavfli hujumlar uyushtirildi. Ammo «Liverpul» kutilmaganda o‘yinni o‘zgartirib yubordi – 21 daqiqada jamoaning yana bir yangi futbolchisi Frimpong o‘ng qanotdan hujum uyushtirdi, u katta ehtimol bilan to‘pni jarima maydoni markaziga uzatmoqchi edi, biroq to‘p trayektoriyasi kutilmagan tarzda o‘zgarib, darvoza to‘riga borib tushdi.

Shundan keyin jamoalar hujum qilishdan to‘xtadi, o‘yinda ehtiyotkorlik va qo‘pollik paydo bo‘ldi. 29-daqiqada «Pelas» bosh murabbiyi Oliver Glasner jarohat olgan yarimhimoyachi Kamadani almashtirishga majbur bo‘ldi, uning o‘rniga Uill Hyuz tushirildi. Bo‘limning oxirgi qismida «Liverpul»ning ikki futbolchisi sariq kartochka oldi — avvaliga hakam Ibraim Konateni qo‘pol harakati uchun, keyin esa Virsni bahslashgani uchun ogohlantirdi.

Ikkinchi bo‘limda jamoalar yana hujumkor futbol namoyish eta boshladi, «Liverpul» safida Virs barchadan faolroq harakat qildi, ammo sheriklari uni yetarlicha qo‘llab-quvvatlashmadi va tashabbus asta-sekinlik bilan raqibga o‘ta boshladi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Slot jamoasi passivligi uchun jazolandi. 62-daqiqada Eze darvoza tomon xavfli zarba yo‘lladi, Alison qiyinchilik bilan seyv ijro etdi. Ammo bu ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. 77-daqiqada «Pelas» baribir o‘z maqsadiga erishdi: qarshi hujum vaqtida Uorton nozik uzatma bilan Sarrni qulay pozitsiyaga chiqardi, bu vaziyatda yana tajribali van Deyk ofsayd chizig‘i hosil qilishga urinib, raqibni oldinga o‘tkazib yubordi, hujumchi esa osonlik bilan hisobni tenglashtirdi 2:2.

Keyin londonliklar g‘alabani ilib ketish uchun bor kuchni maydonga tashladi. Ikki daqiqa o‘tib Sarr dubl rasmiylashtirishi mumkin edi, ammo uning zarbasi yo‘lini Kerkez to‘sishga ulgurdi. Bu hujumda hakam mersisaydliklarni kechirdi, holbuki ushbu jamoa darvozasiga penalti qo‘yilishi kerak edi: to‘p jarima maydoniga oshirilganida Mak Allister qo‘l bilan o‘ynagandi. Ammo VAR vaziyatga aralashmadi va hakamning qarori o‘zgarishsiz qoldi.

Qolgan vaqt davomidagi hujumlar ham golsiz yakunlandi va barchasi penaltilar seriyasida hal qilinadigan bo‘ldi. Birinchi bo‘lib nuqtaga yaqinlashgan Muhammad Saloh esa to‘pni osmonga qarata tepdi. Mateta esa yana bir bor aniq harakat qilib, Henderson Mak Allisterning zarbasini qaytarganida mersisaydliklar 0:2 hisobida ortda qola boshladi.

Londonliklar safida esa Eberechi Eze xato qildi va vaziyat Slot jamoasi uchun biroz yaxshilandi. Ammo Henderson yana o‘zini ko‘rsatdi va Harvi Elliottga ham gol urishga yo‘l qo‘ymadi.

Hendersonga shpargalka yordam berdi

Barchasini Borna Sosa hal qilishi mumkin edi, ammo «Pelas»ning xorvatiyalik yangi futbolchisi asabiylashdi va u tepgan to‘p darvoza to‘siniga bordi, Dominik Soboslai esa aniq harakat qilib, oradagi farqni qisqartirdi. Shundan keyin barcha ish yosh yarimhimoyachi Jastin Devenni zimmasiga tushdi, Glasner uni aynan penaltilar seriyasi uchun maydonga tushirgandi u esa vazifani uddalab, «Kristal Pelas»ning g‘alabasini ta’minladi 3:2.

«Burgutlar» uchun bu ilk Angliya Superkubogi bo‘ldi. Umuman, jamoa o‘z tarixidagi ikkinchi sovrinni qo‘lga kiritdi. Bungacha jamoada faqat Angliya Kubogi sovrini bor edi — bu kubok ham shu yil may oyida, «Manchester Siti» bilan o‘yinda yutib olingandi.

«Liverpul» esa o‘z misolida futbolda barchasini pullar hal qilmasligi va yuzlab million yevro doim ham sovrinlar yutishga yordam bera olmasligini ko‘rsatdi. Slot jamoasi endi bu mag‘lubiyatni tahlil qilib, APLning yangi mavsumi startigacha xatolarni to‘g‘rilashga harakat qilishi kerak.

Mavzuga oid