Jizzax viloyatining yangi hokimiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi
Yaqinda vazir o‘rinbosarligiga tayinlangan Zafar Azimov viloyat hokimining iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. Muqaddam Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lgan Zafar Ro‘ziyev viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ish boshladi.
Jizzax viloyati hokimining iqtisod va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zgardi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Zafar Abdumajidovich Azimov viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Zafar Azimov 1985 yilda Samarqand viloyati, Samarqand shahrida tavallud topgan.
U muqaddam «Xalq banki» boshqaruv raisi o‘rinbosari bo‘lgan, 2024 yil 11 dekabrda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. U bu lavozimda ikki haftadan ortiqroq ishlab, yangi ishga o‘tkazildi.
Azimov yangi lavozimida 2021 yildan buyon ishlab kelgan Abduvalijon Mustanovni almashtirdi.
Shuningdek, Zafar Sharopovich Ro‘ziyev viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Zafar Ro‘ziyev 1964 yilda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanida tavallud topgan.
U 2013–2019 yillarda Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlagan, keyinroq Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.
Ro‘ziyev endi 2019 yil oktyabridan buyon Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Oybek Ashurmatov o‘rnini egallaydi. E’tiborli jihati, u Zarbdor tumani hokimligiga ham Ashurmatovning o‘rniga kelgandi.
Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatiga 2017 yildan buyon rahbarlik qilib kelgan Ergash Soliyev 2024 yil 19 dekabr kuni lavozimidan olindi, uning o‘rniga «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Mustafoyev tayinlandi.
Mavzuga oid

18:58 / 18.04.2025
Namangan viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

20:45 / 15.04.2025
Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

17:07 / 07.04.2025
Zaynilobiddin Nizomiddinov tuman hokimi bo‘ldi

09:40 / 20.03.2025