Samarqandda avtobus ag‘darilishi oqibatida 22 kishi jarohatlangani ma’lum bo‘ldi
Toshkent yo‘nalishidagi yo‘lovchi avtobusda ayollar konsertga ketayotgandi.

Foto: Samarqand viloyati YHXB
11 fevral kuni tongda Samarqand viloyati Jomboy tumanida avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida 22 nafar ayol jarohatlangan. Bu haqda tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Tozagul Xoliqova Milliy telekanali uchun izohida ma’lum qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus haydovchisi masofa va tezlikni noto‘g‘ri baholagan hamda tormozni keskin bosib, Cobalt bilan to‘qnashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarda avtobusning yon, orqa va old oynalari singanini, avtobusni ko‘tarish uchun texnikalar jalb etilganini ko‘rish mumkin.
Hozircha rasmiy idoralar ushbu hodisa yuzasidan batafsil ma’lumot bermadi.
Hodisa ro‘y bergan kuni Kun.uz manbasi bir kishi hodisa qurboni bo‘lganini xabar qilgandi, ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Keyinroq viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi «Gazeta.uz» uchun izohida hodisada bir yo‘lovchi — 68 yoshli erkak halok bo‘lganini ma’lum qilgandi, biroq u qaysi transportda bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Jomboy tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Tozagul Xoliqova Milliy telekanaliga ma’lum qilishicha, shifoxonaga 23 nafar ayol olib kelingan, ulardan biri jonsiz holatda bo‘lgani uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ekspertizaga yuborilgan.
Jabrlanuvchilarning aksari og‘ir ahvolda: 16 nafar yo‘lovchi jarrohlik bo‘limiga, 2 nafari jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. «Ularning ahvoli og‘irroq, reanimatsiyada davolanyapti», — degan shifokor.
Telekanal lavhasida aytilishicha, turistik avtobus Samarqanddan Toshkentga harakatlangan, undagi yo‘lovchilar poytaxtdagi konsertga ketayotgan bo‘lgan.
Mavzuga oid

00:43
Yaponiyada salkam 30 yil avtobus boshqargan haydovchi 7 dollar o‘g‘irlagani uchun ishdan bo‘shatildi

13:02 / 24.04.2025
Avtomobillarning noqonuniy ijarasi bilan bog‘liq holat bo‘yicha deputat so‘rovi yuborildi

19:37 / 23.04.2025
Qashqadaryoda 14 yoshli o‘smir boshqaruvidagi Gentra YTHga uchradi. Qurbonlar bor

12:03 / 19.04.2025