Jahon | 19:09 / 15.04.2025
1723
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqda kuchli qum bo‘ronlari kuzatilmoqda. Mamlakatda aviaqatnovlar to‘xtatildi

Iroqqa yopirilgan qum bo‘ronlari aholi salomatligida jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Hozirga qadar 3,7 ming kishi nafas olish yo‘llari asoratlari bilan tibbiy yordam so‘rashga majbur bo‘lgan.

Foto: al-Djumxuriya

Iroqning markaziy va janubiy hududlariga yopirilgan qum bo‘ronlari aholi salomatligida jiddiy muammolar keltirib chiqardi hamda transport qatnovlarida uzilishlarni yuzaga keltirdi.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 3,7 mingdan ortiq odam nafas olish yo‘llari asoratlari bilan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 1800 dan ortig‘i shifoxonalarga yotqizilgan. Musanno viloyatida esa bo‘g‘ilish bilan bog‘liq 700 ga yaqin holat qayd etilgan.

Mahalliy OAVning yozishicha, shaharlarni qoplagan qalin chang ko‘ruvchanlik masofasini 1 kilometrgacha cheklagan. Qator tumanlarda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Najaf va Basradagi aeroportlar vaqtinchalik faoliyatini to‘xtatgan.

Favqulodda xizmat xodimlari va fuqarolar ko‘chalar bo‘ylab harakatlanish vaqtida changdan himoyalanish maqsadida niqobdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

Iroqda qum bo‘ronlari tez-tez kuzatilib turadi, ammo ekspertlarning ta’kidlashicha, iqmlik o‘zgarishi fonida ularning davriyligi oshmoqda. BMT ushbu mamlakatni dunyodagi eng zaif beshta davlat qatoriga kiritgan — Iroqda muntazam bo‘ronlar bilan birga jazirama va suv resurslarning yetishmasligi ham kuzatiladi.

Mamlakatda bundan oldingi yirik qum bo‘ronlari 2022 yilda sodir bo‘lgandi. O‘shanda bir kishi halok bo‘lgan, 5 mingdan ortiq inson shifoxonaga yotqizilgan edi. Iroq Ekologiya vazirligi changli kunlar mamlakatning yangi realligiga aylanib borayotganidan ogohlantirmoqda.

Mavzuga oid