O‘zbekiston | 21:26 / 15.04.2025
10361
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda AES uchun birinchi ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi

Jizzax tumanida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi uchun qurilish-montaj bazasi qurilishi boshlandi. Avvalroq “O‘zatom” rahbari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari hali tayyor bo‘lmaganini aytgandi.

Foto: "O‘zatom" matbuot xizmati

Jizzaxda kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi uchun birinchi ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi xabar berdi.

Bugun, 15 aprel kuni Jizzax tumanida qurilish-montaj bazasini qurish ishlari boshlandi.

Bu baza energobloklar qurilishi davridagi muhim infratuzilma obekti bo‘lib, ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma korxonalarini o‘z ichiga oladi.

Qurilishga start berish jarayonida AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Omonov va Rossiyaning “Atomstroyeksport” kompaniyasi vitse prezidenti Pavel Bezrukov ishtirok etdi.

Loyihaga tayyorgarlik ishlari 2024 yil yozida boshlangan bo‘lib, iyun oyida qurilish bo‘yicha birinchi shtab yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, avgustda quruvchilar uchun vaxta yashash shaharchasi qurilishi boshlangan. Bu yerda AESdan tashqari, madaniyat, ta’lim va tibbiyot obektlari qurish ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2024 yil 27 mayda imzolangan shartnoma asosida, Jizzax tumanida umumiy quvvati 330 MW bo‘lgan, har biri 55 MW quvvatga ega 6 ta reaktordan iborat kam quvvatli AES qurilishi ko‘zda tutilgan.

Stansiya asosini hozirgacha muzyorar kemalarda qo‘llab kelingan RITM-200 suv-suvli yadro reaktorlarining quruqlikda ishlashga moslashtirilgan RITM-200N versiyasi tashkil etadi. Ammo hozirgacha bu texnologiya yer ustida ishlatilmagan.

Bosh pudratchi – “Rosatom”ning injyenerlik divizioni bo‘lmish “Atomstroyeksport” AJ. Qurilishga O‘zbekiston kompaniyalari, xususan Saneg ham jalb etilishi mumkin. Loyiha qiymati 2 mlrd dollardan oshmasligi, xarajatlar asosan tashqi qarzlar hisobiga bo‘lishi ma’lum qilingan.

“O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayev o‘tgan oydagi intervyusida AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining tannarxi texnik-iqtisodiy asoslar tayyor bo‘lganidan keyin ma’lum bo‘lishini aytgandi.

“O‘zatom” o‘tgan yilgi bayonotida AESning birinchi reaktorini ishga tushirish 5 yildan keyinga rejalashtirilganini bildirgandi.

Mavzuga oid